Quvaliklarning oʻttiz besh yillik orzusi ushaldi

11:26 17 Iyun 2025 Jamiyat
194 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Xalqimizning salomatligini mustahkamlash fidoyi shifokorlar hamda malakali xizmatga bogʻliq. Davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasini jahon andozalari darajasiga koʻtarish uchun keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Birgina Fargʻonada “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar” tashabbusi doirasida Quva tumani tanlab olinib, 35 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash, jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tumandagi 19 ta tibbiyot muassasasida ish boshlangan boʻlsa, 2 ta shifo maskani boʻyicha qurilish-loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda. Ezgu tashabbus doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun viloyat mahalliy byudjetidan 10 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

— Bu hayotbaxsh dastur har bir oila uchun tibbiy xizmatdan munosib foydalanishga imkoniyat yaratadi, — deydi Quva tumani sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi Ravshanbek Isaqov. — Tibbiyot boʻlimiga qarashli barcha oilaviy poliklinika, oilaviy shifoxona punkti, markaziy poliklinika va shifoxonalarda taʼmirlash, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Kutish joylarida qulay oʻrindiqlarni koʻpaytirish, elektron navbatni yoʻlga qoʻyish, ona-bola xonalarini tashkil qilish, nogironligi bor shaxslar uchun erkin harakatlanish imkoniyatini yaratish, issiq suv, tozalik-gigiyena sharoitlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilgan eʼtibor tufayli Quvada oʻnlab xususiy tibbiyot maskanlari qad rostladi. Endi kasallikka davo istab, uzoq manzillarga borish, haftalab navbat kutishga hojat qolmadi. Tumanning oʻzida eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tibbiyot turizmi jadal rivojlanib, qoʻshni davlatlardan ham davolanish istagida keluvchilar safi tobora koʻpayib bormoqda.

Quva tumani “Pastki Xoʻjahasan” MFYda joylashgan 82-oilaviy poliklinika hududdagi uchta mahallada istiqomat qiluvchi 12 ming nafar aholiga xizmat koʻrsatadi. Bu bino oʻtgan asrda hashar yoʻli bilan qurilgan boʻlib, yillar davomida birlamchi tibbiyot maskani abgor holatga kelib qolgandi. Qishda sovuq, yozda issiq, tor, pastqam xonalarda shifokor va bemorlar uchun oddiy shart-sharoitlar yetishmasdi. Shu sababli bu yerda yashovchi bemorlar tuman, viloyat markazidagi shifoxonalarga borib davolanishga majbur boʻlardi. “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar” dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida bu yerda keng koʻlamli qurilish ishlari olib borilmoqda.

— Tuman markazidan oʻrtacha 10 km olisda joylashgan qishloq oilaviy poliklinikasida ancha yildan buyon oʻzgarishlar boʻlmagandi, — deydi poliklinika mudiri Maʼrufjon Eraliyev. — Yomgʻir yogʻsa tomdan chakki oʻtardi, tibbiy xizmat xonalari tor, qorongʻi boʻlgani bemorlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan. Taʼmirlash jarayonida muolaja xonalari kengaytirilib, qoʻshimcha binolar qurilmoqda. Elektron tibbiy karta, telemeditsina va onlayn navbatga yozilish kabi xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi. Bu bemorlarga ortiqcha vaqt yoʻqotmay, belgilangan va oʻzi uchun qulay boʻlgan soatda tibbiy koʻrikdan oʻtish imkonini beradi.

— Avvallari kasallikni aniqlab, tashxis qoʻyish uchun bemor bir necha marotaba tibbiy tekshiruvlardan oʻtib, UZI, laboratoriya tahlillari topshirishga majbur edi, — deydi poliklinika patronaj hamshirasi Shohida Badalova. — Endilikda bemor faqat bir marotaba tekshiruvdan oʻtadi. Poliklinikada olingan tahlil natijasi tuman tibbiyot birlashmasida markazlashgan holda oʻrganiladi. Bu ortiqcha asabbuzarliklarning oldini oladi. Vaqt va mablagʻni tejash imkonini beradi.

Quva tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham uzoq yillar mobaynida nochor sharoitda faoliyat koʻrsatgan. Hayotbaxsh islohotlar samarasi tufayli ushbu muassasada qariyb 10 milliard soʻmlik qurilish-bunyodkorlik ishlari bajarildi. Bosh shifokor Mavluda Mamarasulova bunday zamonaviy sharoitlarda ishlashni hamkasblari bilan 35-yil orzu qilganini aytadi.

Quva tumanida “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar” dasturi aholi kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Yangi imkoniyatlar ezgu tashabbuslarga qanot bagʻishlashiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?