Qush sevgan qalb

16:19 09 Fevral 2026 Jamiyat
332 0

Oʻzbek oilalarining fayzi boʻlakcha. Ayvonlaridan bedana ovozi eshitilib turgan xonadonlarning oldidan shunchaki oʻtib ketolmaysiz. Bedana tuxumi sogʻliqqa, sayrogʻi esa koʻngilga quvvat boʻladi.

Buvayda tumanidagi “Ingʻirchoq” mahallasida yashovchi Zohidjon Egamberdiyev qayerda noyob qush koʻrsa shuni borib koʻrmaguncha koʻngli joyiga tushmaydi. Hovlisida oʻnlab turdagi noyob qushlar, tovuqlar parvarishlanadi. Oila aʼzolari uchun bu shunchaki qiziqish emas, balki ulkan daromad manbai hamdir.

Bolalikdan tabiatni sevuvchi Zohidjon aka uch yildirki, xonadonida qush va tovuq boqishga astoydil mehr qoʻydi. Hozirda moʻjazgina hovlida Italiya bedanasi, Turkiya toʻtisi, Osiyo savasi, qoʻyingki, dunyoning turli davlatlaridan keltirgan oʻnlab turdagi eng noyob qushlar bor. Qishda 100 boshga yaqin qushlar qolgan, yoz mavsumida ularning soni 500 tagacha yetadi.

– Bitta qush bir yilda 15-18 tagacha polaponni dunyoga keltiradi, – deydi xonadon sohibi. – Qoʻqon va Margʻilon shahrida tashkil etilgan qush bozorida uch oylik qush polaponi 500-600 ming soʻm, bir yoshlisi oʻrtacha 1,2-1,5 million soʻmgacha. Eng noyob qushlarning kattarogʻi 2-3 ming dollargacha ham baholandi. Ijtimoiy tarmoqlarda qush savdosi xaridorgir boʻlgani uchun ixtisoslashgan kanallarni faol kuzataman. Yurtimizning qaysi hududiga xorijdan noyob qush olib kelinsa, sotib olishga harakat qilaman. Boisi xonadonimda qushlarni tabiiy va sunʼiy usulda koʻpaytirib borish ham yoʻlga qoʻyilgan. Qushlar sayrashi qalbingizga halovat baxsh etadi. Ular allaqachon mitti doʻstlarimga aylangan. Har bir qushning xonishi betakror. Qushlar bolasiga juda mehribon, ini atrofida begona odamni koʻrsa bezovtalanadi. Tovuqlar ham oʻz nasli, polaponlarini himoya qiladi.

Eʼtiborlisi, xonadonda Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va dunyoning boshqa qitʼalaridan keltirilgan 20 turga yaqin noyob tovuq zotlari ham boqilmoqda. Naslli tovuqlar mahalliy zotlarga chatishtirilib, bitta tovuq bir kunda 2 donagacha tuxum tugʻishiga erishilyapti. Bozorda ushbu tovuqlar tuxumining bir donasi 15-20 ming soʻm. Tovuq joʻjalari oʻrtacha 60-80 ming soʻm, kattarogʻi 350-400 ming soʻmdan sotilmoqda. Tovuqlarning asosiy yemishi pista, bir hafta, bir oy va bir yoshga toʻlganda kasalliklarga qarshi emlanadi.

Tinib-tinchimas bu inson oʻz xonadonida moʻjazgina inkubatsiya sexi faoliyati orqali buyurtma asosida hamyurtlarimizga oyiga 100 boshga yaqin naslli joʻja yetkazib bermoqda. Mamlakatimiz boʻylab bunday qushlar va tovuqlarning xaridori bisyor.

– Hozirda mahalladoshlarga ham noyob qush va tovuq boqishni oʻrgatish boʻyicha amaliy ishlarga kirishilgan, – deydi mahalla raisi Erkinjon Qosimov. – Shu maqsadda ushbu xonadonda moʻjazgina inkubatsiya sexida ochirilgan joʻjalar, tabiiy va sunʼiy usulda koʻpaytirilayotgan qushlar qoʻshnilarga tarqatilib, parvarishlash va kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkazib kelinmoqda. Bugungi kunda mahalladagi 1034 ta oilada qariyb 6 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер