Qor osmonda qishlamaydi...

10:51 22 Oktyabr 2025 Jamiyat
145 0

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida Fargʻonada joriy mavsum uchun har yilgidan koʻra katta mablagʻ – 1 trln 417 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi. Agar tarmoqlar kesimida sarhisob etsak, ushbu mablagʻning 605 mlrd soʻmi elektr, 10 mlrd soʻmi tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash hamda 160 mlrd soʻm ijtimoiy soha obyektlari uchun yoʻnaltiriladi. Bu quvonarli, albatta. Har yili qishda avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar tufayli hamyurtlarimiz turli qiyinchiliklardan aziyat chekishadi. Bu muammoga barham berish maqsadida Beshariqda umumiy qiymati 33,1 mln dollarlik loyiha doirasida jahon andozalari darajasida ishlovchi zamonaviy markaz qurishga kirishildi. Shu maqsadda xorijdan avtomobillarga metan gazi yetkazib beruvchi ixtisoslashgan 50 ta avtoshinalar olib kelish uchun mablagʻ oʻtkazildi. Fargʻonaning har bir shahar, tumaniga bittadan – 19 ta maxsus transport vositasi ajratilsa, 31 ta koʻchma yuk tashish mashinalari Andijon va Namangan viloyatiga xizmat koʻrsatadi.

Bu mavsum taraddudi bilan bogʻliq jarayonda hammasi yaxshi deganimas. Yaqinda maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qish mavsumiga oʻz vaqtida tayyorlash borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun Fargʻona shahar hokimi oʻrinbosari Yusufjon Yusupovga hayfsan jazosi qoʻllandi. Afsuski, mavsum masʼuliyatsizligiga oid bu kabi holatlarni boshqa sohalar, kommunal idoralar misolida ham davom ettirish mumkin.

— Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12-sentyabrdagi topshirigʻiga asosan mavsumga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida viloyat, shahar va tuman hokimlarining tegishli farmoyishlari qabul qilindi, — deydi Fargʻona viloyati hokimligi masʼul xodimi Abdulhamid Aligavharov. — Shu tariqa 2 ming 366 ta ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha hududlarda shtablar tashkil etildi. Ijtimoiy soha obyektlarini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha 5 ta ishchi guruh faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ishchi guruhlar tomonidan 1510 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlari xatlovdan oʻtkazildi. Mavsum tayyorgarligi jarayonida viloyatdagi 76 ta ijtimoiy soha muassasalari mukammal taʼmirlandi. Elektr taʼminotida avariyali uzilishlarni qisqa muddatda bartaraf etish maqsadida 102 ta avtotransport vositalari, 185 ta brigada, 890 nafar xodimlar mavsumga shay holatda turibdi. Tabiiy gazni kafolatli yetkazib berish uchun 19 ta avariya dispetcherlik xizmatlari tashkil etilib, kerakli transport vositalari va mutaxassislar ajratildi.

Hozirgi kunda Fargʻonada 508 ming 495 ta xonadon doimiy ravishda suyultirilgan gaz bilan taʼminlab kelinmoqda. Buning uchun maishiy gaz ballonlarga suyultirilgan gaz toʻldirib beruvchi 8 ta gaz toʻldirish shoxobchalari, 3 ta maishiy gaz ballonlarni sinovdan oʻtkazish markazi hamda 7 ta xususiy korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Issiqlik taʼminoti korxonalarida ham mavsumda turli nosozliklarning oldini olish hamda avariyali uzilishlarni qisqa muddatda bartaraf etish maqsadida 10 ta brigada faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularga 60 nafar mutaxassis-xodimlar, 10 ta transport vositasi biriktirildi.

— Kuz-qish mavsumi oldidan 419 ta koʻp qavatli uylarni taʼmirlash ishlari belgilangan. Bugungi kunda mazkur yumushlarga boshqaruv-servis kompaniyalari hisobidan qariyb 10 milliard soʻm mablagʻ sarflandi, — deydi Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Avazbek Madaminov.—Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kirish yoʻlaklari kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar tufayli koʻp qavatli uylarda yashovchilar uchun qulay sharoitlar yaratildi.

— Bugungi kunda 8 ta koʻmir ombori orqali byudjet tashkilotlariga tarqatilishi koʻzda tutilgan 17 ming 259 tonna koʻmir toʻliq yetkazib berildi, — deydi “Koʻmir taʼminot” MCHJ Fargʻona filiali rahbari oʻrinbosari Dilshodjon Zohidov. — Joriy yilda viloyatdagi 1 ming 63 ta MFYda 785 mingta aholi xonadonining koʻmirga ehtiyoji borligi hisob-kitob qilindi. Shu tariqa viloyat, shahar-tuman hokimliklari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan reja-jadvaliga koʻra, aholini 1-noyabrga qadar 235 ming tonna mahalliy koʻmir mahsulotini bilan toʻliq taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Ayni paytda Beshariq, Buvayda, Qaqir, Quva, Quvasoy, Margʻilon, Oltiariq va Soʻx koʻmir omborida 24/7 rejimida ish tashkil etilib, aholiga mahalliy koʻmirning har bir kilogrammi 309 soʻmdan yetkazib berilmoqda.

— Oilada 8 kishimiz, mavsumda oʻrtacha 3 tonna koʻmir ishlatamiz, — deydi Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi Saidumarxon Hoshimov.— Bugun Margʻilon koʻmir omboridan 1 tonna Angren koʻmirini oldim. Ehtiyojga qarab yana sotib olamiz. Boisi xorijdan olib kelinib, koʻchada tijorat narxida sotilayotgan koʻmir ancha qimmat – kilosi 1700-1900 soʻmgacha sotilmoqda. Shu sababli oʻzimizning koʻmir har jihatdan yaxshi.

Ayni paytda omborlarda yetarli miqdorda mahalliy koʻmir zaxirasi mavjud. Hududlar kesimida koʻmir yoqilgʻisini olib kelish va tarqatish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Bu jarayonda shahar va tumanlarda tadbirkorlar tomonidan aholiga xorijdan olib kelingan qariyb 50 ming tonna koʻmir yetkazib berildi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi” .

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер