Qonun bilan yer qa’ri boyliklaridan foydalanish tartibi takomillashtirilmoqda

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama markazida bo‘lgan mazkur Qonun bilan yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish, shuningdek yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinmoqda.
Qonunda qo‘llanadigan asosiy tushunchalar kengaytirilayotgan bo‘lib, unda foydali qazilmalarning tasnifi, ya’ni asosiy va noruda foydali qazilmalar, ularning tarkibi yanada aniqlashtirilmoqda.
Respublikamizda o‘tkazilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat organlari vakolatlari chegaralari aniqlashtirilib, Kon-geologiya vazirligi, Ekologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Kontexnazorat inspeksiyasi, “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Qonun bilan yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida “yagona darcha” prinsipi joriy etilmoqda.
Qonunda sohaning investisiyalar jalb etuvchanligini keskin oshirish maqsadida davlat organi nazorati ostida yer qa’ridan foydalanish ruxsatnomasini lisenziat tomonidan tasarruf etish (sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxslarga o‘tkazish) mexanizmi joriy etilmoqda.
Shuningdek, Qonunda yunior kompaniyalar uchun rekognossirovka qilish (dastlabki geologik o‘rganish bosqichi) normalari alohida ajratilmoqda va geologik axborotga bo‘lgan mulk huquqi, investorlar tomonidan uni almashish va realizatsiya qilish normalari takomillashtirilmoqda.
Qonun bilan yer qa’ri davlat fondi kadastr tizimi yanada takomillashtirilib, unda uglevodorod kadastri, kadastr kvadrati kabi tushunchalar kiritilmoqda.
Qonunda uglevodorodlar yo‘nalishi keskin kuchaytirilib, jumladan, uglevodorod zaxiralarini aniqlashga, geologiya-qidiruv ishlari va ularni o‘zlashtirishga yirik investisiyalar kiritishni jadallashtirish uchun oldindan dastlabki o‘rganish, ya’ni rekognossirovka qilish ishlariga alohida qulay mexanizmda ruxsatnoma berish tartibi belgilanmoqda.
Qonun bilan uran qazib olish va shu bilan bog‘liq jarayonda radiatsiyaviy xavfsizlik, shuningdek Xalqaro atom energetikasi (MAGATE) talablari bilan bog‘liq holda qo‘shimcha alohida talablar belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Qonunda noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilmoqda.
Noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi hamda yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanib, davriy va yakuniy hisobotlarni taqdim qilish, qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish hamda qazib olishning yillik minimal xarajatlari qayd etilmoqda.
Qonunda ekologiya va atrof muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qoidalari, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishning talab va mexanizmlari nazarda tutilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi respublikada yer osti boyliklarini mas’uliyat bilan geologik jihatdan o‘rganish, ulardan foydalanish va muhofaza etishni zamonaviy standartlar asosida samarali va tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muzokaralardan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring