Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi yengillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentyabr kuni qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda bu soha tarkibiy jihatdan isloh qilinib, samaradorlikni oshirish choralari koʻrildi. Paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratildi. 160 ming gektar yangi bogʻ va tokzor barpo etildi. 1 milliard dollarlik 1 ming 500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi.
Lekin qishloq xoʻjaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foizni tashkil etmoqda.
Mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida koʻtarilgan edi. Davlatimiz rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma bergandi.
Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xoʻjaligini “soya”dan chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Unga koʻra, kelasi yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xoʻjaligi korxonalari dehqon va fermerlarga oʻzi yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini (gʻalla va paxtadan tashqari) sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻi nol stavkada boʻladi.
Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urugʻ, oʻgʻit, yoqilgʻi, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.
Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard soʻm mablagʻ qoladi, yana 400 milliard soʻmlik soliqni qaytarib olish imkoniyati boʻladi.
Umuman, bu yengilliklar soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki beradi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining koʻpayishiga mustahkam zamin yaratadi.
Mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yoʻlga qoʻyish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring