Qadimgi tarixga eʼtibor yoxud Uchinchi Renessans poydevori va turizm rivojiga hissa

Quyi Amudaryo boʻylari, Xorazm vohasi deya tabiiy geografik jihatdan aytiladigan hududda necha asrlarki oʻzbek, qoraqalpoq, turkman xalqlari doʻst, birodar yashab kelishmoqda va davlat taraqqiyotida bu millatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Shu boisdan ham doʻst, ahil, inoq millatlarning tarixi singari, buguni va kelajagi ham bahamjihat taraqqiyotga asoslangan. Ayniqsa qadimiy Xorazm davlatchiligiga oid aynan Quyi Amudaryo boʻylarining har ikkala sohilida joylashgan qalʼalar hududda yashayotgan xalqlarimizning faxru iftixor ramzidir. 1000-yil oldin ushbu hududda tashkil topgan dunyoda yagona hisoblangan Maʼmun akademiyasi ham ilm fanning rivojidagi asosiy dalillardan biridir. Dunyo olimlarining eʼtirof eshiticha, “Dorul ul hikma” nomini olgan mazkur ilmiy muassasa nafaqat oʻz mintaqasi, balki butun dunyo uchun akselerator vazifasini oʻtagan. Ushbu dargohda Beruniy (973-1048), Ibn Sino (980-1037), Abu Mansur Ibn Iroq (958-1036), Abu Sahl Masihiy (970-1042), Abul Hayr Ibn Hammor (942-1018), Abu Mansur as-Salobiy (961-1038), Abu Ali Ibn Miskovayh, (vafoti 1030) kabi koʻplab fan namoyandalari ilmiy-tadqiqotlar olib borishgani fikrimiz tasdigʻidir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 1-2-may kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida aynan Xiva shahrida Maʼmun akademiyasi yonidagi alleya bogʻida Xorazm mutaffakirlari va olimlariga bagʻishlab “smart” ochiq osmon ostidagi muzey barpo etilishi bilan bogʻliq vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. Bu, oʻz navbatida, dunyo olimlari va sayyohlar uchun allomalarning hayoti, yutuqlari va qoldirgan dunyoviy ilmiy merosi haqida interaktiv tarzda bir necha tillarda maʼlumotlar olishga muvaffaq boʻlishadi. Ushbu muzeyning Maʼmun akademiyasi yonida barpo etilishi sayyoh va olimlarning moziydagi Maʼmun akademiyasini, bugungi faoliyati va akademiya laboratoriyalarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishishga, qolaversa, hamkorlik qilishga katta imkon yaratadi.
Shuningdek, Maʼmun akademiyasidan ikki asr oldin Bagʻdodda “Baytul hikma” akademiyasiga rahbarlik qilgan vatandoshimiz matematik va astronomiya fanida chuqur iz qoldirgan, oʻzining olamshumul kashfiyotlari bilan dunyo ilmi taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan alloma, buyuk matematik Muhammad ibn Muso Al Xorazmiy nomiga bagʻishlab Al Xorazmiy universiteti va maktabining tashkil etilishi ham yoshlar uchun juda katta imkoniyat, buyuk kelajak, Uchinchi Renessans poydevori, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Ushbu maktab va universitetda tahsil oladigan, tomirlarida Al Xorazmiyning qoni oqib turgan oʻzbekistonlik oʻquvchi va talabalar AKT, sunʼiy intellekt, matematika kabi fanlarni chuqur oʻzlashtirib, xorijiy talaba va oʻquvchilar bilan bemalol bahslasha oladigan darajaga erishadi. Oʻylaymizki, Prezidentimizning yoshlarga koʻrsatayotgan bunday gʻamxoʻrliklari, albatta, ular orasidan Nobel sohiblari va boshqa xalqaro mukofotlar sovrindorlari yetishib chiqishiga asos boʻladi.
2700-3000-yillik tarixga ega Oʻzbekistonga bugungi kunda sayyohlarning qiziqishi kundan-kunga ortib bormoqda. Chunki bu zamin ilmda, kurashda, madaniyatda, qolaversa, mehmondoʻstlikda boshqa davlatlardan alohida ajralib turadi. Shu yerda barcha davrlarning eng taniqli sayohatchisi, quruqlik va dengiz orqali 75 000 mil (120 ming km) masofani bosib oʻtgan buyuk Ibn All Battutani fikrini aytib oʻtish joizdir. “Dunyodagi hech bir oʻlkada Xorazmdagidek oliyjanob, maʼrifatparvar, hunarmand, mehmondoʻst va goʻzal elni koʻrmadim”.
Shulardan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston va Xorazm hududidagi qadimiy qalʼalar faqat tarixga oid meʼmoriy obidalar boʻlibgina qolmay, Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyotida muhim oʻrin tutuvchi turizm istiqboli uchun ham xizmat qiladi. Shu bois ham Prezidentimiz turizm bilan bogʻliq ustuvor vazifalarga keng toʻxtaldi. Bu borada esa Amudaryoning har ikkala sohilidagi Xorazm davlatchiligiga oid qalʼalar boʻylab turizm yoʻnalishi tashkil qilish kerakligini alohida taʼkidladi.
Prezident oʻz nutqida “Xorazm va Qoraqalpogʻiston hududidagi 8 ta qadimiy qalʼani (Qipchiq qalʼa, Katqalʼa, Ayaz-Qalʼa va Tuproqqalʼa arxeologik yodgorliklari), Sulton-Uvays maqbarasi, Axchakoʻlni oʻzaro bogʻlovchi toʻrt kunlik “Qalʼa tur” marshruti ishlab chiqilishini maʼlum qildi. Ushbu qalʼalar atrofida master-reja asosida xizmat koʻrsatish obyektlari ishga tushiriladi”, deya turizm istiqboli uchun xizmat qiladigan, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik bilan bogʻliq jihatlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Maʼlumki, Xorazmga kelgan sayyoh, albatta, Qoraqalpogʻiston hududidagi qadimiy qalʼalar, Nukus shahridagi muhtasham I.V.Saviskiy muzeyi, Orolboʻyidagi Moʻynoq tabiat muzeyiga ham borishni xohlaydi. Va bu istak har ikkala maʼmuriy hududga keladigan sayyohlar uchun oʻziga xos jozibali turistik yoʻnalishga aylanadi. Tabiiyki bu xohish-istak toʻlaqonli amalga oshishi infratuzilmaga ham bogʻliqdir. Bu borada esa transport yoʻli eng qulay. Transport yoʻlining zamonaviyligi esa faqat turistlar uchungina emas, shu hududda yashovchi xalqlar uchun ham yaratiladigan imkoniyat va sharoit hisoblanadi. Yaʼni bunday turizm oʻziga xos servislarni ham taqozo qiladigan, koʻplab sohalarni bir-biriga bogʻlaydigan istiqbolli yoʻnalishga moslanadi.
Aynan shu bois ham Qoraqalpogʻiston va Xorazmni bogʻlab turgan transport yoʻli Prezident maʼruzasida alohida taʼkidlab oʻtildi. Qoraqalpogʻistondan Xorazmga keladigan yoʻl sifati yomonligi bois yiliga 300-400 ming turist jalb qilish imkoniyati qoʻldan boy berilmoqda. Masʼullarga “Urganch – Gurlan – Mangʻit” yoʻlini rekonstruksiya qilish boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan muzokara oʻtkazish vazifalari topshirilishi, ushbu muammolarni bartaraf qilishda qulay turizmni rivojlantirishda istiqbolli natijadir.
Ikki kunlik tashrif, unda koʻtarilgan dolzarb vazifalar, istiqbolli sohalardan biri boʻlgan turizmga eʼtibor berilishi, bu borada esa Xorazm -Qoraqalpogʻistonga alohida oʻrin ajratilishi davlat rahbarining voha xalqlariga berayotgan alohida gʻamxoʻrligini yorqin ifodasidir.
Ikram ABDULLAYEV,
Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi,
b.f.d., professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring