Putinning yashirin qalʼasi, oxiri koʻrinmayotgan urush va yadro kelishuvi (+video)

Rossiya—Ukraina nizosi
Rossiya—Ukraina urushining 874 kungi tafsilotlariga toʻxtalamiz. Ukraina poytaxti Kiyevda havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiyaning uchuvchisiz uchogʻini urib tushirgach, bir qancha portlashlar roʻy bergan.
Ukraina janubidagi Rossiya tomonidan bosib olingan Xerson shahriga Ukraina tomonidan oʻqqa tutilishi va dron hujumi oqibatida kamida bir kishi halok boʻlib, sakkiz kishi yaralandi.
Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyati rasmiylari Ukraina uchuvchisiz samolyoti yoʻlovchi mashinasiga zarba berib, yosh er-xotinni oʻldirganini maʼlum qildi.
Rossiya va Ukraina soʻnggi yetti hafta ichida uchinchi marta oʻzaro asir almashib, jami 190 askarni ozod qildi.
Ukrainaning Xarkov shahri rasmiylari Rossiyaning shimoli-sharqiy shaharga deyarli har kuni uyushtirayotgan hujumlari fonida bolalarni himoya qilish uchun yer ostida bir qator maktablar qurish rejalarini eʼlon qildi.
Harbiy yordam
Agar Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Oq uyga qaytsa, AQSHning Kiyevni qoʻllab-quvvatlashi potensial kamayishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga qaramay, Germaniya kelasi yili Ukrainaga harbiy yordamini ikki baravar qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar bergan. Agentlik Germaniyaning 2025-yilgi byudjeti loyihasiga tayanib, Germaniyaning Ukrainaga yordami 2024-yildagi 8 milliard yevrodan 2025-yilda 4 milliard yevroga qisqartirilishini maʼlum qildi.
Siyosat va diplomatiya
Yevropa Parlamenti Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada uchrashganini qoralab, Yevropa Ittifoqi nomidan gapirmaganini taʼkidlagan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH vitse-prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Trampning sherigi Jeyms Devid Vensning Ukraina boʻyicha pozitsiyasini olqishladi. Shu oʻrinda Lavrov teng va oʻzaro hurmatga asoslangan muloqotga kirishmoqchi boʻlgan har qanday AQSH yetakchisi bilan ishlashga tayyorligini bildirdi.
NATO Buyuk Britaniya rasmiysi Patrik Tyornerni Ukrainadagi oliy vakili etib tayinladi. Tyorner alyansda yuqori lavozimlarda ishlagan.
Estoniya va Litva chorshanba kuni Yevro Ittifoqining mamlakatga qarshi sanksiyalarini bahona qilib, Belarusda roʻyxatdan oʻtgan avtomobillarning Rossiya yoki Belarus bilan chegaralaridagi nazorat punkti orqali kirishiga ruxsat bermasliklarini maʼlum qildi.
Xitoy AQSH bilan yadroviy qurol boʻyicha muzokaralarni toʻxtatdi
Pekin AQSHning Tayvanga qurol sotishi yadroviy qurollarni tarqatmaslik boʻyicha muzokaralarni davom ettirish uchun siyosiy muhitning buzilganini taʼkidladi.
Xitoy Vashingtonning oʻzini oʻzi boshqaradigan Tayvan oroliga qurol sotishiga norozilik sifatida AQSH bilan yadroviy qurollarni tarqatmaslik va qurol nazorati boʻyicha muzokaralarni toʻxtatdi.
Tahlilchilar esa bu harakat global qurol nazorati harakatlariga jiddiy toʻsiq boʻlishi mumkinligini aytishmoqda. Xitoy va AQSH prezidentlari Si Szinpin va Jo Bayden ishonchsizlikni yumshatish maqsadida noyabr oyida yadroviy qurol boʻyicha muzokaralarni boshlagan edi.
Pekin xalqaro qurol nazorati boʻyicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekani, ammo Qoʻshma Shtatlar Xitoyning asosiy manfaatlarini hurmat qilishi, muloqot uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerakligini maʼlum qilgan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi.
Vashington iyun oyida Tayvanga umumiy qiymati taxminan 300 million dollarlik ikkita harbiy anjomlar sotilishini tasdiqladi. Bularga asosan F-16 qiruvchi samolyotlari uchun ehtiyot va taʼmirlash qismlari kiradi.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Xitoyning bu harakatini qoralab, Pekin bilan boshqa munosabatlarda muammolar borligiga qaramasdan aynan qurol-yarogʻ nazorati boʻyicha hamkorlikni davom ettira olmasligiga urgʻu bergan. Millerga koʻra, Pekin bu ishi bilan Rossiyaga ergashishni tanlagan.
AQSHda 3700 ga yaqin yadro kallaklari mavjud boʻlib, shundan taxminan 1419 ta strategik yadro kallaklari joylashtirilgan. Rossiyada 1550 ga yaqin yadro quroli mavjud va Amerika olimlari federatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, 4489 ta yadro kallaklari zaxirasi mavjud. Vashingtonning hisob-kitoblariga koʻra, Xitoyda 500 ta yadroviy kallak bor va 2030-yilga kelib ularning soni 1000 tadan oshadi.
AQSH rasmiylari Pekin yadroviy qurol xavfini kamaytirish choralarini muhokama qilishga unchalik qiziqmaganidan norozilik bildirdi. Ammo Pekin uzoq vaqtdan beri AQSHda allaqachon ancha katta arsenal borligini taʼkidlab keladi.
Ilon Mask saylovni sotib olmoqchimi
AQSH prezidenti Jo Bayden milliarder Ilon Maskni tanqid qilib, uni “saylovni sotib olishga” urinishda aybladi.
“Men Ilon Mask va uning boy doʻstlari saylovlarni sotib olishga urinishidan charchadim”, deb yozdi Oq uy rahbari “X” ijtimoiy tarmogʻidagi shaxsiy sahifasida.
U postga demokratlarga xayriya qilish uchun veb-saytga havolani ilova qildi. Unda Donald Tramp hamda Ilon Maskning surati va sobiq prezidentni “magʻlubiyatga uchratish” chaqirigʻi tasvirlangan.
Mask bir necha bor Baydenni masxara qilgan va boʻlajak prezidentlik saylovlarida respublikachi nomzodga ovoz berishini ochiq aytgan.
Joriy hafta “The Wall Street Journal” nashri oʻz manbalariga biznesmen Trampning qayta saylanish kampaniyasini qoʻllab-quvvatlash uchun yangi siyosiy qoʻmitaga oyiga 45 million dollar berishni rejalashtirgani haqida xabar tarqatdi. Oʻz navbatida Mask bu maʼlumotni “yolgʻon” dedi.
Bayden shu kunlarda yana koronavirusga chalingan. U Delaverdagi qarorgohida oʻzini izolyatsiyaga olishi va vazifalarini bajarishda davom etish niyatida.
Tramp tarafdorlari uni qoʻllab-quvvatlash uchun quloqlarini bogʻlab chiqmoqda. Bu sobiq prezidentga suiqasd uyushtirilganidan soʻng ommalashdi.
Putinning yashirin qalʼasi
Sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Moskva shimolidagi Valday shahrida havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan jihozlangan qalʼasi mavjudligini aniqlandi.
Qayd etilishicha, dastlabki hisobotlarda bu yerda faqat bitta “Pansir” tizimi oʻrnatilgan bunker mavjudligi aytilgan. Biroq yangi tasvirlar hudud atrofida ushbu tizimlardan kamida yettitasi borligini koʻrsatgan. Havo hujumiga qarshi mudofaa vositalarining koʻpayishi Ukrainaning Rossiya hududiga uyushtirayotgan dron hujumlarining faolligi ortib borayotgan bir paytda sodir boʻldi.
AQSHning Urushni oʻrganish instituti tadqiqot guruhi qarorgohda bu tizimlar joylashganini tasdiqladi. Maʼlumot uchun aytish joiz, “SA-22 Greyhound” nomi bilan ham tanilgan “Pansir” tizimi 20 kilometrdan 40 kilometrgacha boʻlgan masofada samolyotlar, raketalar va dronlarni aniqlash va yoʻq qilishga moʻljallangan.
“Nexta” nashrining maʼlumotlariga koʻra, Valday qarorgohi atrofida yana kamida oltita “Pansir” tizimi, oʻn bitta mobil yer-havo raketa “S-300/400” tizimi va bir nechta uzoq masofali radiolokatsiya stansiyalari ham bor. Ularning ayrimlari zich oʻrmon ichida koʻzdan pana qilingan.
Sunʼiy yoʻldosh tasvirlari, shuningdek, mazkur qarorgohdan 6 kilometr uzoqlikda, boshqa “Pansir” tizimiga yaqin joyda oʻrnatilgan bir nechta erta ogohlantiruvchi radar stansiyalari ham mavjudligini koʻrsatmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ushbu mudofaa harakatlarga qaramay, Ukraina dronlari bu tizimlarni chetlab oʻtib, kamroq himoyalangan hududlardan zarba berishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring