Prezident tashabbuslari SHHTga aʼzo davlatlar hamkorligini yana-da mustahkamlaydi
Yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan navbatdagi majlisida ishtirok etib, nutq soʻzladi. Unda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar chuqur tahlil etilib, muhim yoʻnalishlarda taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Muxbirimiz bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal SAIDOV fikrlari bilan qiziqdi.
— Shanxay hamkorlik tashkiloti zamonaviy xalqaro tashkilotlar tizimida oʻziga xos oʻringa ega. Tashkilot tuzilganiga keyingi yil 20 yil toʻladi. Boshida 6 ta davlat aʼzo boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda ularning soni 8 taga yetdi. Oʻzbekiston ham SHHTning asoschi davlatlaridan biri sanaladi.
SHHTning bugun dunyodagi xalqaro munosabatlardagi oʻrni va tashkilotlar bilan qiyoslaganda bir necha oʻziga xos oʻlchovlarga, mezonlarga egaligini koʻrish mumkin. Birinchisi, bu — xavfsizlik, tinchlikni taʼminlashga qaratilgan boʻlsa, ikkinchi oʻlchovi bu — iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish sanaladi. Uchinchisi — SHHT makonidagi ekologik iqlim oʻzgarishlariga munosabat bildirish va nihoyat toʻrtinchisi — insoniylik mezoni hisoblanadi. Chunki, bunday olib qaralsa, hamma bu makondagi davlatlar u yoki bu davlat bilan qoʻshniligi va insoniylik aloqalari bilan belgilanadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz SHHT makonida Xalq diplomatiyasi nodavlat notijorat tashkiloti tuzish taklifi bilan chiqqan edi. Va bu tashkilot hozirgi kunda oʻz faoliyatini olib boryapti.
SHHTning eng yuqori organi bu — davlat boshliqlarining uchrashuvi, kengashi yoki sammiti hisoblanadi. Davlatimiz rahbari bu yil toʻrtinchi marotaba SHHT rahbarlari sammitida nutq soʻzladi. Prezidentimizning barcha maʼruzalarini kuzatib, mantiqiy solishtiradigan boʻlsak, ularning har biri davomiyligi, izchilligi, har bosqichda davr talabiga mos ravishda javob berishi bilan ajralib turishini qayd etish joiz.
Bu yilgi sammitning oʻziga xos xususiyati pandemiya sababli, uning onlayn — videokonferensaloqa tarzida oʻtganidir. Shunga qaramasdan, Prezidentimiz iqtisodiy sohada hozirgi SHHT davlatlari orasida savdo-iqtisodiy aloqalar keskin qisqarganligini, ishlab chiqarish pasayib ketganligini, ishsizlikning oshib borayotganligini taʼkidladi. Siyosiy xavfsizlik sohasida esa hali koʻpgina hududlarda siyosiy vaziyat keskinlashayotgani, millatlararo va dinlararo munosabatlardagi ziddiyatlar chuqurlashgani aytib oʻtildi. Mamlakatimiz rahbari mana shu vaziyatga baho berib, “agar har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT kuchli boʻladi”, degan shiorni ilgari surdi. Qolaversa, bu holatda nimalar qilish kerakligiga asosiy eʼtiborni qaratdi.
Eng avvalo, yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini rivojlantirish, teng huquqlilik asosida hamkorlik qilish, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olgan holda oldimizda turgan munosabatlarni hal qilishimiz mumkinligi taʼkidlandi. Prezidentimiz shu oʻrinda yana bir gʻoyani —“Shanxay ruhi”ni tiklashimiz kerakligini ilgari surdi.
Tabiiy savol tugʻiladi: “Shanxay ruhi” nima? Bu, birinchidan, umumiy boyligimiz boʻlgan qadriyatlar — birgalikda taraqqiyot sari intilishni oʻzida mujassam etadi. Sir emas, hamma davlatlar taraqqiyotga intiladi. Davlatimiz rahbari shuni birgalikda amalga oshirishni taklif etyapti. Ikkinchidan, har bitta aʼzo davlatlarning madaniy xilma-xilligini, rang-barangligini eʼtiborga olish kerakligiga urgʻu berildi. Koʻp tomonlama hamkorlikda oʻzaro manfaatlarni hisobga olish ham, oʻz navbatida, “Shanxay ruhi”ni anglatadi.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev oltita yoʻnalishda aniq tashabbuslarni ilgari surdi. Iqtisodiy soha, raqamli jamiyatni rivojlantirish, kambagʻallik, pandemiya va epidemiyalar, kasalliklarni bartaraf etish boʻyicha hamkorlik, terrorizm, ekstremizm va narkobiznesga qarshi kurashish hamda afgʻon muammosini hal qilishda SHHT roliga ahamiyat qaratdi. Shu oʻrinda Afgʻoniston boʻyicha yangi gʻoyani — bu Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyo oʻrtasida koʻprik vazifasini tiklashga xizmat qiladigan transport yoʻlaklarini barpo etish kerakligini bildirdi. Bu ham afgʻon muammosini hal qilishda keng yondashuvning biri sifatida namoyon boʻldi.
Prezidentimiz nutqining bir nechta xususiyatlari bor. Bular — izchillik, qatʼiylik, pragmatik yondashuv va tashabbuskorlikdir. Eʼtibor berib qaraydigan boʻlsak, davlatimiz rahbarining har bir tashabbuslari chuqur tanqidiy-tarixiy va ilmiy-zamonaviy tahlilga asoslangani bilan ajralib turishini koʻrishimiz mumkin. Eng muhimi, har bir tashabbusni ilgari surishda Prezidentimiz xalqaro hamkorlarning manfaatlarini ham eʼtiborga olishini kuni kechagi nutqdagi yondashuvdan ham bilish mumkin.
Umuman aytganda, davlatimiz rahbarining tashqi siyosiy faoliyatining asosiy maqsadi va ustuvor yoʻnalishi bu — Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini himoya qilish va xalqaro maydonda olgʻa surishdan iborat. Shu nuqtayi nazardan aytganda, kechagi nutqni tom maʼnoda, tarixiy nutq, deb hisoblayman. Bu, ayniqsa, hozirgi murakkab sharoit — pandemiya davridan chiqishning aniq yoʻllarini koʻrsatish bilan ajralib turadi.
Ziyoda ASHUROVA yozib oldi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring