Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi

15:36 13 Noyabr 2025 Siyosat
324 0

Qadrli doʻstlar!

Avvalambor, Siz, azizlarni – Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan tashrif buyurgan taniqli olim va tadqiqotchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini, boy maʼnaviy-maʼrifiy merosimizning dolzarb masalalariga bagʻishlangan birinchi xalqaro kongressning barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan gʻoyat mamnunman.

Maʼlumki, azaliy doʻstlik va qardoshlik rishtalari bilan bogʻlangan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon xalqlarini umumiy tarix va madaniyatimiz, boy maʼnaviy va ilmiy merosimiz yanada birlashtirib keladi.

Mamlakatimiz hududida yashab ijod qilgan buyuk tafakkur sohiblari dunyoni bilim va maʼrifat nuri bilan munavvar etib, fundamental asarlari, mashhur ilmiy kashfiyotlari orqali jahon taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshganlar.

Mazkur anjuman yangi barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtayotgani albatta bejiz emas. Ushbu muazzam majmuada uch ming yildan ziyod shonli tarix, jumladan, mintaqamiz zaminidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarini, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyoti va kelajagini mujassam etgan noyob intellektual-maʼnaviy maskanda Sizlar bu haqiqatni yaqqol his qilishingiz mumkin.

Hurmatli kongress ishtirokchilari!

Turli mintaqalarda ziddiyat va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda tinchlik va barqarorlikni saqlash, har bir ishda ilm va maʼrifatga tayanish, turli xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik muhitini mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish barchamizning eng dolzarb vazifamiz boʻlib qolmoqda.

Oʻzbekistonda bu borada katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda qariyb 500 ta yangi umumtaʼlim maktabi barpo etilgani, oliy oʻquv yurtlarining soni 77 tadan 202 taga yetgani, Prezident maktablari, buyuk olim va mutafakkirlar nomlari bilan ataladigan ijod maktablari faoliyat koʻrsatayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

Xalqaro hamkorlarimiz bilan maʼnaviy-maʼrifiy merosni saqlash boʻyicha tajriba va fikr almashish, birgalikdagi qoʻshma tadqiqot va loyihalarning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlab olish bundan keyin ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Sizlarning ishtirokingizda Markaziy Osiyodagi islom sivilizatsiyasining global maʼrifatchilik harakati, ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan hissasini eʼtirof etish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi loyihasini ishlab chiqsak bu borada katta amaliy qadam boʻladi. Biz kelgusi yili BMTning Bosh qarorgohida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va maʼnaviy merosiga bagʻishlab tashkil etiladigan taqdimot doirasida mazkur rezolyutsiyani qabul qilish boʻyicha alohida tadbir oʻtkazishni rejalashtirganmiz.

Buyuk tarixga ega Markaziy Osiyoning ilm-fan va maʼrifat markazi sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlash uchun birgalikda samarali ish olib borishimiz zarur va bu sharafli yoʻlda barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Bugungi anjuman kelgusida ham doimiy oʻtkazilib, ilmiy-madaniy hayotimizda samarali muloqot maydoniga aylanishiga ishonaman.

Barchangizga mustahkam sogʻliq, sharafli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, kongress ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?