Prezident xokkeychi va yengil atletikachilarni yuksak zafarlari bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sportchilarimizning yutuqlarini alohida qiziqish va eʼtibor bilan kuzatib boryapti, deb xabar bermoqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
U aprel oyida mamlakatimizning sport sohasidagi muvaffaqiyatlari faqat futbol bilangina cheklanib qolmaganini qayd etdi.
Xususan, xokkey boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham xalqaro maydonda ajoyib natija koʻrsatdi. Armanistonda oʻtkazilgan jahon chempionatida xokkeychilarimiz oʻz divizionida gʻolib boʻlib, kelgusi mavsumda uchinchi divizionda qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. Bundan oldin, mart oyida Tailandda boʻlib oʻtgan 18 yoshgacha boʻlgan xokkeychilar oʻrtasidagi jahon chempionatida ham terma jamoamiz gʻalaba qozongan edi.
Saudiya Arabistonida oʻtkazilgan 18 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasidagi yengil atletika boʻyicha Osiyo chempionatida yurtdoshlarimiz 12 ta — 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, oʻz tarixida birinchi marta umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egalladi.
“Bu yutuqlar, eng avvalo, yigit-qizlarimizning tinimsiz mehnati, yuksak mahorati, mustahkam irodasi va matonati tufaylidir. Bunda sport sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va tizimli davlat siyosatining ham alohida oʻrni borligini taʼkidlash joiz. Mamlakatimizda sport infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilandi, yangi maktablar ochilmoqda, sportchilarning professional rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda”, deb yozadi Asadov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, davlatimiz rahbari xokkeychi va yengil atletikachilarimizni yuksak zafarlari bilan tabriklab, ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik izhor etgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring