Pragmatizm siyosati

10:11 24 Iyun 2025 Siyosat
232 0

Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar negizida quruq soʻz va vaʼdalar emas, balki muayyan ishlar, tadbirlar mujassam

Bundan bir necha oʻn yil avval minbardan turib soʻz aytish uzoq davom etgan mashaqqatli mehnat, chuqur bilim va masʼuliyat tufayli erishilgan yuksak mavqe hisoblanardi. Oʻsha davrlarda jamiyat nomidan gapirish uchun inson muayyan hayotiy va rahbarlik yoʻlini bosib oʻtgan, xalq ichida obroʻ-eʼtibor qozongan boʻlishi kerak edi. Shu bois maʼruzalar va chiqishlarda quruq safsataga yoʻl qoʻyilmasdi.

Bir lahzada efirga chiqish hammaga ham nasib etmasdi, soʻzning yuki ogʻir edi. Bu esa jamiyat bilan muloqot hamda siyosiy madaniyatning yetukligidan dalolat edi.

Bugun hamma narsa oʻzgardi. Bir lahzadayoq oʻz fikrini bildirish davri kelib OAV, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda har kim xayoliga kelgan gapni ayta boshladi. Ammo aytgan soʻzlari uchun javob berish masʼuliyati-chi? Hammayam bunga qodir emas. Mediamakon turli vaʼdalar, shiorlar va bayonotlar bilan toʻlib-toshdi. Ularning ortida esa natija yoki strategik reja doim ham mavjud emas. Shunaqa holatgayam guvoh boʻlmoqdamizki, hatto xalqaro kun tartibiga tegishli eng muhim mavzular shaxsiy “piar”ga, dastakka aylanib qolyapti.

Xoʻsh, ana shunday sharoitda Oʻzbekistonda nimalar yuz bermoqda? Jurnalistika sohasida koʻp yillar mehnat qilgan inson sifatida dadil ayta olamanki, bizning yurtimizda ahvol boshqacha.

Prezident Shavkat Mirziyoyev pragmatik siyosat olib bormoqda, uning asosida esa — balandparvoz soʻzlar emas, balki aniq reja, muayyan ish va fikr mujassam. Bu islohotlar ortiqcha maqtovlarsiz, balki sezilarli yutuqlar bilan amalga oshirilayotganidan dalolat.

“Markazdagi davlat” masʼuliyati

Oʻzbekistonda kechayotgan keng koʻlamli iqtisodiy transformatsiya jarayoni sezilarli natija koʻrsatmoqda. Mamlakatimizda barqaror oʻsish kuzatilyapti, bunda esa chuqur oʻylangan qarorlar hamda ijtimoiy yoʻnaltirilgan siyosat davom ettirilmoqda. Keyingi sakkiz yilda Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsuloti ikki baravar oshdi. 2030-yilga borib, koʻrsatkichni 200 milliard dollarga yetkazishdek ulkan, ammo real maqsad belgilab olingan.

Investitsiyaviy muhit ham aniq raqamlarda namoyon boʻlmoqda. Birgina 2024-yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan sarmoyalar 35 milliard dollarga, eksport esa — 27 milliard dollarga yetdi. Bunda oʻsish tasodifiy emas, balki tizimli: yaʼni Oʻzbekiston keyingi besh yilda Iqtisodiy erkinlik indeksida 48 pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa, Harvard iqtisodiy murakkablik indeksida 28 pogʻonaga yuqoriladi. “S&P” xalqaro agentligi mamlakatimizning suveren reytingini koʻtarib, bashoratni “barqaror”dan “ijobiy”ga oʻzgartirdi.

Bunday iqtisodiy koʻrsatkichlar ortida butun mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar natijasi turibdi. Shu bilan bir qatorda, aholining farovonligi ortib, hayot sifati yaxshilanyapti. Ijtimoiy yoʻnaltirilgan tashabbuslar roʻyobga chiqarilmoqda, davlatning infratuzilma asoslari mustahkamlanayotir. Transport infratuzilmasini modernizatsiyalashga alohida eʼtibor berilmoqda, chunki u xalqaro iqtisodiyotga integratsiyalashib, aloqalarni kengaytirishning eng muhim tarkibiy qismidir.

Natijada Oʻzbekiston davlati xalqaro qiziqish kuchayib borayotgan obyektga aylanmoqda. Bu qiziqish hisobotlar va reytinglarda ham, har kungi yangiliklarda ham namoyon boʻlmoqda. Yaʼni mamlakatimiz haqida internetdagi soʻrovlar, BAA, Singapur, AQSH, Avstraliya va boshqa davlatlardagi foydalanuvchilarning yurtimizga sayohat qilish boʻyicha qidiruvlari, ayniqsa, yirik media-maydonchalardan tushayotgan savollar shundan dalolat berib turibdi.

Amerikaning nufuzli nashri — “The Diplomat” hind professori Shanti Mariyent DʼSouzaning maqolasini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosatdagi roli markaziy, deb eʼtirof etilgan. Professor taʼkidlaganidek, dunyoda beqarorlik ortib borayotgan sharoitda aynan Oʻzbekiston mamlakatlar va mintaqalar manfaatini birlashtirish boʻyicha strategik jihatdan sinalgan modelni, shuningdek, transport yoʻlaklarini taklif etmoqda.

— Oʻzbekiston “markazdagi davlat” sifatida Markaziy va Janubiy Osiyo, shuningdek, Yevroosiyo mintaqalari oʻrtasida bogʻlovchi koʻprik boʻlib qoldi, — deb yozadi u.

Bu eʼtirof adolatli va oʻrinli. Zotan, xalqaro ekspertlar fikricha, aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqalararo bogʻliqlikni chuqurlashtirishga qaratilgan kursning tashabbuskori va yurituvchisi boʻldi. Bunda mamlakatning tashqi siyosatini yaratuvchanlik va hamkorlik vositasiga aylantirdi.

Xaritaga qaraydigan boʻlsak, shu narsa ayon boʻladi: aynan Oʻzbekiston — Markaziy Osiyoning jugʻrofiy, siyosiy va demografik yadrosi. Keyingi sakkiz yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu mamlakat masʼuliyatli rolni oʻz boʻyniga oldi. Bu rol esa butun mintaqa uchun birlashtiruvchi omil boʻlishdir.

Sirasini aytganda, bu — oʻzbek diplomatiyasining muhim gʻalabalaridan biri boʻlib, unda “kam gapirib, koʻproq ish qilish kerak”, degan tamoyil roʻyobga chiqariladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida muammolar saqlanib turgan hamda kelishmovchiliklar muqarrar boʻlgan davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy integratsiyaga boshqacha tus berdi.

Bir-biridan uzoqlashish siyosatidan voz kechib, rahbarimiz yaxshi qoʻshnichilik uchun qoʻl choʻzdi: chegara muammolari hal etildi, oʻzaro muloqot yoʻlga qoʻyildi, mintaqa xalqaro hamjamiyat uchun ham ochildi. Oʻzbekiston mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini taklif etdi. Bu model raqobat va “yetakchilik” uchun “poyga”dan voz kechib, ishonch va birdamlikka asoslanishdan iborat edi.

Shunday qilib, “doʻstlik diplomatiyasi” yuzaga keldi. Bugun unga qoʻshnilar ham amal qilmoqda. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari formatida oʻzbek tomonining salmoqli hissasi bor. Shu asosda dunyoning yetakchi davlatlari ham oʻzlarining muqobil formatlarini faol ravishda ilgari sura boshladi, masalan — “besh plyus”: AQSH, Rossiya, YI va Yevropa davlatlari, Xitoy hamda boshqalar.

Bunday eʼtibor shuni tasdiqlaydiki, Oʻzbekiston kuzatuvchilik rolidan endi mintaqaviy yaqinlashuvning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Va bu yangi rol, yaʼni mintaqa yuragidagi barqarorlik, hamkorlik va umumiy kelajak uchun masʼuliyat tufayli Oʻzbekiston eʼtirofga loyiq. 3 million kvadrat kilometrdan ham katta maydonda rasmiy Toshkent shaʼniga, nafaqat oʻzi uchun, balki qoʻshnilar uchun ham tashabbus koʻrsatayotgan poytaxt shaʼniga beqiyos hurmat koʻrsatilmoqda.

Qoʻshnilar ham, uzoq xorijiy davlatlar ham allaqachon tushunib yetishdiki, yangi Oʻzbekistonning siyosati agressiv emas. Bu siyosat ustunlikka intilish siyosati ham emas. U pragmatizm siyosati boʻlib mukammal, muvozanatli va tizimli yondashuvdir. Uning asosida: “Avval ish boʻlsin, soʻzlar keyin oʻzi keladi”, degan tamoyil yotadi. Muhimi, bu siyosat haqida endi nafaqat Toshkentda, balki Nyu-Dehli, Pekin, Vashington, Moskva va Bryusselda gapirilmoqda.

Asosiy boylik — ochiqlik

Biz faqat beshta mamlakatning poytaxtini sanab chiqdik, xolos. Lekin iyun oyida Oʻzbekistonga boʻlgan chinakam ishonchni Yer sharining yarmi — deyarli yuzta davlat tan oldi. Aynan shuncha davlat vakillari toʻrtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashdi. Ular ishonchni faqat soʻzda ifoda etish bilan cheklanmadi. Balki amalda, yaʼni mamlakatimizga sarmoya kiritish, biz bilan hamkorlik qilib, bizdagi islohotlarga xayrixoh boʻlish istagini bildirdi.

Oʻzbekiston poytaxtida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan investitsiya forumi ana shunday hamkorlikning koʻlami kengligini koʻrsatdi. Unga kelgan ming-lab qatnashchilar orasida davlatlar va hukumatlar rahbarlari, vazirlar, eng yirik xalqaro moliya tashkilotlari hamda korporatsiyalarning boshliqlari bor edi. Oʻzbekistonga nisbatan bunday katta qiziqish, albatta, ishonchsiz boʻlmaydi. Ishonch esa — natijasiz qolmaydi. Oʻzbekiston Prezidentining sermazmun, puxta oʻylangan va strategik jihatdan asoslangan nutqida nafaqat mamlakat rivojining parametrlari belgilab berildi. Balki unda davlat rahbari geosiyosiy jarayonlarni chuqur tahlil qilgan holda, beqaror hamda zaxiralar taqchilligi sharoitida sarmoyadorlar qanday yoʻl tutishi kerakligi boʻyicha aniq takliflarni bildirib, ochiq xalqaro muloqotga tayyor boʻlishga daʼvat etish orqali Oʻzbekistonni global kontekstga kiritdi.

Jahon yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼati pasayib borayotgan, kelishmovchiliklar kuchaygan va global investitsiyaviy sharoit yomonlashgan bir sharoitda Oʻzbekiston noyob va qimmatli zaxirani taklif qilmoqdaki, u ham boʻlsa — barqarorlik, taraqqiyot, bashorat qilish imkoniyati. Aynan ana shu zaxira mamlakatimizni kapital va texnologiyalar uchun, xavfsiz, tinch muhitda rivojlanishni istaydigan odamlar uchun jozibador qilmoqda.

Biz transformatsiya jarayonlari qanchalik muvaffaqiyat bilan davom etayotganini oxirigacha anglay olmayapmiz. Bir necha yil avval Oʻzbekiston xalqaro investitsiyalar xaritasida zoʻrgʻa koʻrinadigan chekka davlat sifatida tasavvur qilinar edi. Bugun vaziyat tubdan oʻzgardi. Masalan, 1-iyun holatiga Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi 16 405 ta korxona roʻyxatdan oʻtgan. Bu esa bir yil avvalgi raqamga nisbatan 14,3 foizga koʻp. 2024-yil yakuni bilan mamlakatimiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi boʻyicha 2,8 milliard dollar koʻrsatkich bilan yetakchi oʻrinni egalladi. Bunda biz hududimizni kengaytirganimiz ham yoʻq, yangi konlarni ochganimiz ham yoʻq. Bunda mamlakatning oʻzi oʻzgardi. Uning yangicha modeliga esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilib, amalda roʻyobga chiqarilayotgan ochiqlik sababchi boʻldi.

Tarixga nazar tashlasak, ochiqlik iqtisodiy yuksalishning sharti sifatida naqadar muhim ekani ayon boʻladi. Xitoy oʻtgan asrning 70-yillari oxiri — 80-yillari boshida “katta sakrash” va “madaniy inqilob”ning ogʻriqli oqibatlarini boshdan kechirdi. Den Syaopin natijaga erishish maqsadida turgʻunlikdan voz kechib, islohotlar yoʻliga oʻtishni taklif etdi. Uning mashhur iborasi: “Mushukning rangi qora boʻladimi, oqmi — muhim emas, asosiysi — u sichqon ushlasin”. Bu ibora pragmatizmning ramziga aylandi va Xitoy qisqa muddat ichida shiddat bilan rivojlana boshladi.

Bunday tajriba bizga ham tanish. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tomonidan haddan tashqari nazorat oʻrnatilgan tizimdek merosga duch kelar ekan, liberallashtirish yoʻliga oʻtdi: valyuta bozori ochiq boʻldi, soliq yuki pasaytirildi, xususiylashtirish jarayoni jadallashtirildi. Bunda islohotlar bosqichma-bosqich, puxta oʻylangan va milliy sharoitlarga moslashtirilgan holda olib borildi.

Oʻzbekiston oʻz eshiklarini jahonga ochdi: viza tartibi soddalashtirildi, xalqaro biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, sayyohlik sohasi ragʻbatlantirildi, qonunlar modernizatsiya qilindi, sarmoyadorlarni himoya qilish kuchaytirildi. Lekin muhimi, bu jarayonda strategik ahamiyatga ega sektor ustidan nazorat saqlab qolindi, iqtisodiy siyosatning barqarorligi va suverenligi taʼminlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti shunday tamoyildan kelib chiqadiki, investitsiya — bu faqat pul emas, u — bilim, texnologiya, yangi vakolat va huquqlar. Xorijiy mablagʻlar yordamida global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashish, inson kapitalini rivojlantirish, mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash uchun yoʻl ochiladi. Oʻz navbatida, ular yangi Oʻzbekiston siyosatining asosiy maqsadlariga — insonning osoyishtaligi va farovonligiga erishishga, uning salohiyati roʻyobga chiqishiga yordam beradi.

Shunday qilib, Toshkentdagi anjuman nafaqat Oʻzbekistonning jozibadorligini namoyon qildi, balki yangi xalqaro tashabbuslar uchun platforma ham boʻldi. Prezident “Yangi Oʻzbekiston — investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” degan tamoyilni taqdim etdi, shuningdek, Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi”ni ilgari surishni taklif qildi.

Aytib oʻtilgan rejalar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy mazmunga ega, chunki ular mintaqaning yangi arxitekturasi uchun poydevor qoʻyadi. Bunda Oʻzbekistonning Yevroosiyo makonida barqaror rivojlanish markazini shakllantirish jarayoniga toʻliq kirgani namoyish etildi. Dunyo bu chaqiriqni eshitdi va qoʻllab-quvvatladi.

— Oʻzbekiston iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash yoʻli bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda hal qiluvchi rolni oʻynamoqda, bu esa mamlakatni barqaror oʻsishda juda zarur boʻlgan transchegaraviy loyihalar uchun yanada jozibador qilmoqda, — dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso.

— Men siyosatchilarning chiqishlarini butun hayotim davomida tinglaganman va ularning barchasiga ham ishonish mumkin emasligini bilaman. Lekin sizlarning siyosatchilaringiz ayni paytda toʻgʻri fikrlarni bildirmoqda. Va menga maʼlumki, toʻgʻri qadamlar qoʻymoqda. Oʻzbekiston — boy tarixga ega mamlakat. Agar hozirgiday kurs saqlanib qolsa, muvaffaqiyatlar albatta takrorlanadi. Buning uchun sizlarda hamma kerakli narsa — mehnatkash odamlar, strategik jihatdan muhim boʻlgan jugʻrofiy joylashuv, tabiiy resurslar mavjud, — dedi xalqaro investor, “Beeland Interests, Inc.” kompaniyasi raisi Jim Rojers.

Toshkent forumining qatnashchilari bir fikrda yakdil: Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi ortib bormoqda. Ular oʻz bashoratlarini moliyaviy jihatdan ham tasdiqlashdi, yaʼni oʻzbek tomoni bilan 30 milliard dollardan ortiq qiymatga baholangan bitimlar imzolandi. Bu raqam ortida muhim bir xulosa bor — aniq qarorlar va mablagʻda ifodalangan ishonchning tasdigʻi shundan dalolat beradiki, Oʻzbekiston Prezidenti olib borayotgan pragmatik siyosat nafaqat oʻz vaqtida yuritilmoqda, balki hozirgi, koʻplab mamlakatlar “turbulent” holatga tushib qolgan bir sharoitda strategik jihatdan judayam toʻgʻri boʻlmoqda.

Vazmin yondashuv taʼsiri

Xalqaro siyosat va global tendensiyalar haqida soʻz ketsa, biz koʻpincha muhim bir haqiqatni koʻzdan qochiramiz: mamlakatning barqaror oʻsishi ichki yangilanishlarsiz mumkin boʻlmaydi, bunda yangilanish nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlarda yoki diplomatik tashabbuslarda ifodalanadi — balki haqiqiy oʻsish kompleks tarzda rivojlanishda namoyon boʻladi.

Yangi Oʻzbekiston bugun koʻpchilikning nigohida. Mamlakatimiz haqida koʻp yozishmoqda va bu yerga tez-tez tashrif buyurishyapti. Keluvchilar esa siyosat, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlarda yuz berayotgan oʻzgarishlarga guvoh boʻlishni istaydi. Lekin amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, xalqaro hamjamiyatning mamlakatga chinakam ishonchi nafaqat muzokaralarda, balki boshqa — ilmiy va gumanitar sohalarda ham shakllanadi. Davlat taraqqiyotining darajasi kreativ industriyadan tortib, sportgacha boʻlgan “yumshoq” yoʻnalishlarda oʻzini qanday namoyon etayotganida ham koʻrinadi. Oʻzbekiston bunda ham oʻz qiyofasini baralla koʻrsatdi.

Yaqinda futbol maydonida roʻy bergan katta voqea kuchli hayajonga sabab, xalqaro OAVdagi muhokamaga mavzu boʻldi, asosiysi, mamlakatimiz ichkarisida ulkan faxr-iftixor uygʻotdi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor saralash oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Aynan Oʻzbekiston futbolchilari Markaziy Osiyodan birinchi boʻlib va yagona jamoa sifatida mundialda oʻynaydigan boʻldi.

Millionlab ishqibozlar uchun ushbu daqiqalar uzoq kutilgandi. Ilgari oʻnyilliklar davomida Oʻzbekiston saralash turnirlarida koʻp marta qatnashgan, ammo har safar nimadir yetishmasdi.

Gʻalabalar tasodifiy boʻlmaydi. Ularga mustahkam zamin tayyorlanishi kerak. Va bu zamin, poydevor bir-ikki yilgina avval qoʻyilgan emas: futbol sohasi bosqichma-bosqich, davlat koʻmagi bilan va uzoq muddatli rejalashtirish orqali rivojlanib bordi. Prezidentimizning futbol infratuzilmasi, akademiyani qoʻllab-quvvatlash, yosh isteʼdodlar uchun sharoit yaratish boʻyicha qabul qilgan qarorlari oʻzining hal etuvchi rolini koʻrsatdi.

Xususan, 2024-yilda mamlakatimiz sport xronikasi yorqin sarlavhalar bilan toʻlib bordi. Avvaliga, 23 yoshgacha boʻlgan terma jamoamiz tarixda ilk bor Olimpiya oʻyinlarida qatnashdi. Joriy yil bahorida 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilarimiz Osiyo kubogini qoʻlga kiritib, jahon chempionatiga yoʻllanma oldi. Mana, endi esa — milliy terma jamoamizning ulkan yutugʻi avvalgi muvaffaqiyatlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Oʻzbek sportchilarining muvaffaqiyati haqida butun jahonda gapira boshlashdi. Tabriklar faqat rasmiy shaxslar va sport tahlilchilaridan emas, balki xalqaro futbol funksionerlaridan ham keldi. Jumladan, Futbol assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga maktub yoʻlladi. Unda aytilishicha, Oʻzbekiston oʻz tarixida ilk bor FIFA jahon chempionatiga chiqib, Osiyoda birinchi boʻlib “JCH — 2026” yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan terma jamoalardan biriga aylandi.

— Bunday ajoyib yutuq ushbu muvaffaqiyatga aloqador boʻlgan barchaning birgalikdagi saʼy-harakatlari va qatʼiy irodasi tufayli amalga oshdi, — deya taʼkidladi u.

“The Times of Central Asia” nashri esa: “34 yoshli mamlakat birinchi marta jahon chempionatining finaliga chiqdi va bu gʻalaba sari yoʻl oson boʻlmadi”, deb yozdi. Oʻsha maqolada Oʻzbekiston Prezidentining tabrigidan quyidagi iqtibos ham keltirildi: “Milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi”.

— Birinchi marta jahon futbol arenasiga chiqqan Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida boʻlib turibdi va bu jamoaning oʻyinini kuzatish juda qiziq, — deb eʼtirof etdi Germaniya sport sharhlovchilari.

Mamlakatimizning futbol maydonidagi yutugʻi umumiy manzaraning yorqin bir qismi boʻldi. Chunki sport xuddi davlat boshqaruvi va xalqaro munosabatlar singari, strategik tafakkur, chidamlilik va bir necha yil oldindan fikrlash qobiliyatini talab qiladi. Futboldagi gʻalaba tasodif emas, balki jamiyat hayotining har qaysi sohasi kabi muhim boʻlgan oqilona siyosatning natijasidir.

Qaysiki mamlakat dunyo sahnida muvaffaqiyatga erishar ekan, demak, oʻsha yerda isteʼdod, mehnat va gʻalabaga intilish qoʻllab-quvvatlanadi, barcha sohaning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Va tanlangan taraqqiyot yoʻli — toʻgʻri, oqilona va uzoq muddatli.

Bugungi kunda sayyoramiz qarama-qarshiliklar girdobida muvozanatga erishishga harakat qilayotgan ekan, Oʻzbekiston ana shunday oqilona yoʻlni tanladi. Bu vazmin yondashuv va pragmatizm yoʻlidir. Negaki, dunyoda hamma baland ovozda gapirishga intilar ekan, bunday sharoitda asta-sekin, ammo ishonch bilan harakat qila oladiganlar yutadi. Oʻzbekistonda tinchlik hukmron, bu yerda yetakchining soʻzlari aniq xatti-harakatlar bilan quvvatlanadi. Aynan shu — bugun dunyo ochiq tan olayotgan, mintaqamizda tinchlik-totuvlikning barqarorligiga, mamlakatimizda taraqqiyot va farovonlikka xizmat qilayotgan pragmatizm siyosatidir.

Asriy orzulari ushalib elning,

Oʻzligin qaddini koʻtardi bardam.

Manzili porloqdir bu yangi yoʻlning,

Shijoat, shashti zoʻr, odimlar shaxdam.

Dillar ham shodlikdan toʻlar ekan-ku,

Nurafshon kunlar ham kelar ekan-ku!

Bu damlar oʻzidan boʻlmadi paydo,

Armonlar birma-bir yechmoqda tugun.

Qadri ham yuksalib kundan-kun hatto,

Bunyodkor elimiz shod, omon bu kun.

Bobolar, momolar bilar ekan-ku,

Nurafshon kunlar ham kelar ekan-ku!

Tenglarning ichida tengdir jon Vatan,

Ilm-fan bobida hech kimdan kammas.

Kelajak umidi farzandlar ekan,

Uning mashʼalasi hech qachon soʻnmas.

Baxt kulib, boshini silar ekan-ku,

Nurafshon kunlar ham kelar ekan-ku!

Yurtboshim mehri bu, eʼtibori bu,

Har qalbda uygʻotgan gʻayrat, shijoat.

Vatanga muhabbat abadiy tuygʻu,

Oldinga intilmoq chogʻidir faqat!

Orzular vaqt kelib gullar ekan-ku,

Nurafshon kunlar ham kelar ekan-ku!

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер