Portugaliyadan durang, Ispaniya va Italiyadan yirik gʻalaba

Kecha, 14-oktyabr kuni Yevropa yashil maydonlarida 2026-yilgi Jahon chempionati saralashining navbatdagi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Ayrim muhim bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.
Portugaliya durang oʻynadi
“F” guruhida 4-tur oldidan Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasida juda yaxshi imkoniyat bor edi. Agar jamoa ushbu turda gʻalaba qozonsa, muddatidan avval Jahon chempionati masalasini ijobiy hal etardi.
Sababi “portugallar“ dastlabki 3 ta turda Irlandiya, Armaniston va Vengriyadan ustun kelishdi. Ushbu turda ham gʻalaba qozonilsa, jamoaning ochkolari soni 12 taga yetardi va saralash yakuniga 2 ta tur qolgan bir vaqtda guruhdagi asosiy taʼqibchisi Vengriya bilan oradagi farq 8 tani tashkil etishi mumkin edi. Biroq bunday boʻlmadi.
Bu turda Portugaliya oʻz maydonida Vengriya terma jamoasini qabul qildi va oʻyin durang natija bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisob 8-daqiqada mehmonlar himoyachisi Attila Salai tomonidan ochildi. Oradan 14 daqiqa oʻtib Krishtianu Ronaldu hisobni tenglashtirdi.
Birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda 5 karra “Oltin toʻp“ sohibi yana bir bor oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi. Dastlabki boʻlim aynan 2:1 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlim ham bir maromda davom etdi. Hamma Portugaliyani Jahon chempionati bilan tabriklamoqchi boʻlib turgan bir vaqtda “Liverpul“ futbolchisi Dominik Soboslai jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Shu tariqa oʻyin 2:2 hisobi bilan yakunlandi.
Portugaliya – Vengriya 2:2
Gollar: Ronaldu (22, 45+2) – Salai (8), Soboslai (90+1)
Portugaliya: Koshta – Semedu, Diash, Veyga, Mendesh (Tavaresh, 79) – Nevesh (Palinya, 62), Vitinya – Bernardu, Fernandesh (Konseysau, 62), Netu (Feliks, 62) – Ronaldu (Ramush, 78)
Vengriya: B. Tot – Nego, Orban, Salai, Kerkez (Dardai, 79) – Shefer (A. Tot, 38), Staylz (Vitalish, 79), Soboslai – Bolla, Varga, Shallai
Ispaniyadan yirik gʻalaba
“E” guruhida yaqqol peshqadam boʻlib turgan Yevropa chempioni Ispaniya terma jamoasi bu gal ham yirik gʻalabani qoʻlga kiritdi.
“Xose Zorriyya“ stadioniga tashrif buyurgan guruh autsayderi Bolgariya terma jamoasi bu gal “ispanlar“ning oʻljasiga aylandi.
Ispaniya terma jamoasida Rodri, Dani Olmo, Din Xuisen, Dani Karvaxal va Lamin Yamal kabi futbolchilar jarohat sabab oʻyinda maydonga tusha olmagani uchun bosh murabbiy Luis de la Fuente tarkibda qator oʻzgarishlarni amalga oshirdi.
Himoya qanotlaridan Pedro Porro va Aleksandro Grimaldo oʻrin oldi. Tayanch yarim himoyada Pedri va Zubimendiga ishonildi. Mikel Merino hujum ortida harakat qildi. Hujum guruhidan Mikel Oyarsabal, Aleksandro Baena va Samu Agexova oʻrin oldi.
Uchrashuvda hisob 35-daqiqada Mikel Merino tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobi bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 57-daqiqasida Mikelning oʻzi hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. 79-daqiqada mehmonlar futbolchisi Atanas Chernev oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi.
Ikkinchi boʻlimga hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda Bolgariya termasi darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik nuqtadan Mikel Oyarsabal aniq zarba yoʻllab, hisobni 4:0 koʻrinishiga keltirdi. Oʻyin shu hisob bilan yakunlandi.
Ispaniya – Bolgariya 4:0
Gollar: Merino (35, 57), Chernev (79, ag.), Oyarsabal (90+2, pen.)
Ispaniya: Simon – Porro, Le Norman (Vivian, 72), Lyaport, Grimaldo – Merino, Pedri (Barrios, 68), Zubimendi (A. Garsiya, 63) – Oyarsabal, Samu (Iglesias, 46), Baena (Pino, 63)
Bolgariya: Vutsov – Velkovski, Chernev, Xristov, Georgiyev – Gruyev, Shopov (Stoyanov, 84), Krastev – Minchev (Petkov, 67), Despodov (Nikolov, 67), Kirillov (Dimitrov, 67)
Gruziya yana Turkiya oldida ojiz
Soʻnggi yillarda Gruziya va Turkiya mamlakatlari rasmiy musobaqalarda koʻp duch kelishmoqda. “Gruzinlar“ oʻtgan yilgi Yevropa chempionatidagi dastlabki oʻyinini aynan Turkiyaga qarshi oʻtkazgan va ushbu bahsda “turklar“ 3:1 hisobi bilan gʻalaba qozongan edi.
Jahon chempionati saralashining dastlabki turidan oʻrin olgan bahsda ham Gruziya oʻz maydonida Turkiyaga magʻlub boʻldi.
Bu holat esa bu gal Izmit shahrida ham davom etdi.
Oʻyinda hisob 14-daqiqada Kenan Yildiz tomonidan ochildi. 22-daqiqada Merix Demiral jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Oradan 12 daqiqa oʻtib, Yunus Akgyun hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim aynan shu hisobda yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 52-daqiqasida Demiral dublga erishdi. Oradan 10 daqiqa oʻtib, Georgiy Kochorashvili Gruziyaning ushbu oʻyindagi yagona javob golini kiritdi. Shu tariqa bahs 4:1 hisobi bilan Montella jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi.
Turkiya – Gruziya 4:1
Gollar: Yildiz (14), Demiral (22, 52), Akgyun (35) – Kochorashvili (65)
Turkiya: Chakir, Myuldyur, Demiral, Bardakchi, Elmali, Chalxanogʻlu (Ozkan, 78), Yuksek, Akgyun (Ilmaz, 68), Gyuler (Kokdju, 68), Yildiz (Kadioglu, 83), Aktyurkoglu (Aydыn, 78)
Gruziya: Mamardashvili, Kakabadze, Lochoshvili, Goglichidze, Gocholeyshvili, Kiteishvili (Gagnidze, 65), Mekvabishvili, Kochorashvili, Davitashvili (Lobjanidze, 71), Kvarasxeliya, Mikautadze (Zivzivadze, 46)
Ogohlantirishlar: Aktyurkoglu (77) – Kochorashvili (85)
Italiyadan yirik gʻalaba
Saralashning dastlabki turida Norvegiya terma jamoasiga magʻlub boʻlgan Italiya undan keyin hali magʻlubiyatga uchramadi.
Jennaro Gattuzo shogirdlari Erling Holand boshchiligidagi jamoani izma-iz taʼqib etib kelishmoqda. Bu gal Italiya oʻz maydonida Isroil termasini qabul qildi.
Uchrashuvda hisob birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda ochildi. Mateo Retegi penaltidan “italiyaliklar“ni hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobi bilan yakunlandi.
74-daqiqada Retegi dublga erishdi. Ikkinchi taymga qoʻshib berilgan uchinchi daqiqada Isroil darvozasi tomon yana penalti belgilandi. Janluka Manchini 11 metrlik nuqtadan aniq zarba berib, hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. Oʻyin aynan ushbu hisob bilan yakuniga yetdi.
Italiya – Isroil 3:0
Gollar: Retegi (45+1, pen.), 74, Manchini (90+3)
Italiya: Donnarumma, Kambiazo (Spinassola, 85), Di Lorenso, Manchini, Kalafiori, Dimarko, Lokatelli (Kristante, 85), Tonali (Kambiagi, 90+2), Barella, Retegi (Pikkoli, 90+2), Raspadori (F. Espozito, 46)
Isroil: Glazer, Dasa (Mizraxi, 89), Baltaksa, Blorian, Revivo, E. Peres (Abu Fani, 75), Biton, Glux, Xalayli (Turiel, 73), Baribo (Turdjeman, 72), Solomon (Shua, 89)
Ogohlantirishlar: Tonali (88), Barella (90+3) – Biton (42)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring