Pangea Globe: Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi – milliy uygʻonish sari

14:15 06 Noyabr 2025 Jamiyat
297 0

Dunyoning eng nufuzli media tuzilmalaridan biri – “Pangea Globe” kompaniyasi elektron nashrida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasidagi hamkorlik samaralari toʻgʻrisida maqola eʼlon qilindi. Biznes rahbarlari, davlat amaldorlari va soha mutaxassislari fikrlari asosida muntazam ravishda sara kontentlar yaratishga ixtisoslashgan, muayyan tuzilma gʻoyalarini butun dunyo boʻylab global auditoriyaga samarali yetkaza oladigan, maxsus maqolalar orqali qimmatli fikr va amaliy maʼlumotlar taqdim etib keladigan, shu orqali turli sohalar, geografik hududlardagi yirik korporatsiyalar va xalqaro ommaviy axborot vositalari oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradigan mazkur nashr mamlakatimizga eʼtibor qaratishi Oʻzbekiston soʻnggi yillarda dunyo ziyolilari tomonidan haqli ravishda eʼtirof etilayotganini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ishtirokida mamlakatimizning ilmiy-maʼnaviy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, madaniy, fan-taʼlim va ilmiy izlanishlar maskaniga aylanmoqda.

Toshkentda, qadimiy qoʻlyozmalar zamonaviy laboratoriyalar bilan yonma-yon joylashgan zallarda, boy tariximizning yangi madaniy sahifasini yaratmoqda. Bu jarayonda Fanlar akademiyasi hal qiluvchi oʻrin egallamoqda. Mamlakatimizning mazkur bosh ilmiy muassasasi vaqt sinovidan muvaffaqiyatli oʻtibgina qolmay, bugungi kunda fan va maʼnaviy meros uygʻun rivojlanadigan kelajakni shakllantirayotgan maskan hamdir.

1943-yil tashkil etilgan mamlakatimiz Fanlar akademiyasi koʻp yil mobaynida davlatimizning ilmiy infratuzilmasi tayanchi boʻlib keldi. Binobarin, Akademiya prezidenti, Oʻzbekiston Qahramoni, matematik Shavkat Ayupov taʼkidlaganidek, ayniqsa soʻnggi yillar tub oʻzgarishlar davri boʻldi.

– 2017-yildan buyon biz ham fan, ham maʼnaviy taraqqiyot qayta uygʻonishiga guvoh boʻldik, – deydi olim. – Fanlar akademiyasi ushbu yangi davrda hal qiluvchi oʻrin tutmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi

Yangi faoliyat yoʻnalishining eng yorqin qirralaridan biri Fanlar akademiyasining Oʻzbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishdagi faol ishtirokidir. Bu markaz nafaqat muzey yoki diniy arxiv, balki ilmiy tadqiqot, taʼlim va madaniy diplomatiyani birlashtirgan keng qamrovli platforma hisoblanadi. Fanlar akademiyasi vazifalarida ham aks etgan ushbu loyiha bugungi kunda faqat ilm-fan sohasi bilan cheklanib qolmay, respublikamizning jahon ziyo va madaniyat makonidagi oʻrnini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Umuman, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik ham poydevoriy, ham strategik ahamiyatga ega. Akademiya markazni ilmiy taʼlim muassasasi sifatida shakllantirishga koʻmaklashmoqda, koʻrgazma konsepsiyalarini ishlab chiqish va ilmiy jihatdan ustuvor yoʻnalishlarni belgilash jarayonida faol ishlamoqda.

Yangi vazifa

Ayni payt yoʻlga qoʻyilgan bu sheriklik Akademiyaning jadal oʻzgarish jarayonini namoyon etadi. Muassasa anʼanaviy ilmiy maskandan mamlakat taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda. Fan va madaniyat uygʻonishining ushbu yangi bosqichi 2017-yildan buyon ilmiy va maʼnaviy sohalarda keng koʻlamli islohotlarga bosh boʻlgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning qoʻllab-quvvatlashi tufayli roʻyobga chiqmoqda.

 

Shundan beri Fanlar akademiyasi faoliyati ikki yoʻnalishda rivojlanmoqda: asosiy ilmiy tarmoqlar bilan birga amaliyotga yoʻnaltirilgan tadqiqot orqali jamiyatning dolzarb muammolari – energetika xavfsizligi, jamoat salomatligi, atrof-muhit barqarorligi kabi masalalarni hal etishga qaratilgan ishlarni olib bormoqda. Bundan tashqari yangi avlod olimlarini tarbiyalash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy faoliyatga raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha ham faol saʼy-harakatlar jadallashgan.

Islom merosini ulugʻlash

Bu jarayon Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida toʻliq aksini topgan. Asosiy maqsad – Islomni faqat din sifatida emas, balki ilm-fan, bagʻrikenglik va taraqqiyotga turtki beradigan tarixiy kuch sifatida jamiyat ongiga singdirish. Markaz Muhammad Al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy kabi ulugʻ mutafakkirlarimiz merosi orqali Islom sivilizatsiyasining tibbiyot, astronomiya, matematika va falsafa rivojiga qoʻshgan hissasini tahlil etadi. Hamkor sifatida Fanlar akademiyasi ushbu meros nafaqat ehtirom, balki ilmiy aniqlik va qatʼiyat bilan talqin qilinishini taʼminlaydi.

Markaz faoliyati ilmiy va madaniy sohalarni qamrab oladi. Tarmoqlararo tadqiqotlar tarixchi, filolog va dinshunoslarni, tabiiy fanlar vakillarini birlashtiradi. Taʼlim dasturlari bir necha tildagi offlayn va onlayn kurslarni oʻz ichiga oladi, muzey zallari esa Islom olamining turli hududlaridan toʻplangan artefaktlarni namoyish qiladi. Eksponatlar orasida “Sothebyʼs” va “Christieʼs” toʻplamlaridan olingan qoʻlyozmalar ham mavjud. Qurʼoni karim zali Markazning asosiy qismidir. Bu boʻlimda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi – qadimiy Usmon Musʼhafi joylashtiriladi.

Xalqaro hamkorlik

Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi koʻmagi bilan allaqachon xalqaro maydonda eʼtibor qozonib, hamkorlik maydoniga aylangan. Misr, Malayziya, Marokash va Saudiya Arabistoni yetakchi muassasalari bilan sheriklik toʻgʻrisida anglashuv memorandumlari imzolangan. Shuningdek, YUNESKO va boshqa nufuzli tuzilmalar turli loyihalarga jalb etilgan.

Markaz Islom sivilizatsiyasining mazmun-mohiyatini ochib berish maqsadida dunyo boʻylab olim va tadqiqotchilar, madaniy muassasalarni birlashtiruvchi muhim muloqot maydoniga aylanmoqda, – deydi Shavkat Ayupov.

Kelajak uchun muloqot

Koʻrgazma va xalqaro kelishuvlardan tashqari markaz turli din va madaniyat vakillari, shuningdek avlodlar oʻrtasida muloqot muhitini yaratishga intilmoqda. Oʻzbekiston Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratar ekan, Fanlar akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi faqat oʻtmish merosini asrab-avaylabgina qolmasdan, balki yana bir bor diyorimizni fan va sivilizatsiya chorrahasiga aylantiradigan kelajakni shakllantirmoqda.

Akademiya rahbari taʼkidlaganidek, ayni jarayon Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi soʻzlarida ham yaqqol ifodalangan:

– Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol koʻrib, Islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, oʻzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini anglaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?