Oʻzining maftunkor tabiati bilan sayyohlarni jalb etib kelayotgan Dalaman shahri

15:05 27 Iyun 2023 Dunyo
5056 0

Dalaman shahri

Dalaman nisbatan yosh kurort boʻlib, har yili oʻzining maftunkor tabiati bilan koʻproq sayyohlarni jalb etib kelmoqda. Bu hudud apelsin bogʻlari boʻlgan yashil tepaliklar va Oʻrta Yer dengizi hamda Egey dengizlari bilan oʻralgan. Goʻzal manzaralar bilan birgalikda kurort oʻz hududidagi qadimiy aholi punktlari xarobalari, shuningdek, hech qachon poyezdlar qatnamaydigan temir yoʻl vokzali bilan qiziqish uygʻotadi. Dalaman haqidagi barcha qiziqarli maʼlumotlar maqola davomida havola etiladi.

Dalaman Turkiyaning janubi-gʻarbiy sohilida ikki dengiz chegarasida joylashgan. U mashhur Marmaris va Fethiye kurortlari orasidan oʻrin olgan. Hudud yam-yashil tepaliklar va mahalliy plyajlarning feruza suvlari va juda goʻzal tabiat bilan oʻralgan. Shahar kichik, unda oʻttiz mingdan ortiq aholi istiqomat qilsada, bu har yili millionlab sayyohlarni qabul qiladigan Turkiya qirgʻogʻidagi eng mashhur kurortlardan biri boʻlishiga toʻsqinlik qilmaydi.

Dalaman shahri

Mintaqaning tarixi

Olimlarning fikriga koʻra, zamonaviy Dalaman hududidagi aholi punktlari taxminan 3 ming yil oldingi tosh asriga borib taqaladi. Miloddan avvalgi XIII asrda bu yerda allaqachon yunon mustamlakasi shakllangan. Keyinchalik bu hududda forslar hukmronlik qilishgan va Aleksandr Makedonskiy vafotidan keyin Dalaman Likiya tarkibiga kirgan.

Qadimiy Kaunos shahri

XI asrda hududni egallab olgan saljuqiylar shahar madaniyati, anʼanalari va diniga katta taʼsir koʻrsatgan. XIII asrdan XX asrgacha mintaqaga egalik qilishda Usmonli turklari hukmronlik qilgan, chunki u Usmonli imperiyasining bir qismi edi.

1987-yilda Dalaman shahrida xalqaro aeroport ochilgandan soʻng shaharning kurort sifatida rivojlanishi boshlandi. Bugungi kunda u yirik transport markazi va mashhur kurort hududidir.

Dam olish maskanlari

Dalaman shahri

Dalaman sohili, aniqrogʻi uning yaqinidagi Sarigerme qishlogʻi bu yerdagi eng yaxshi sohillardan biri hisoblanadi. U har yili “moviy bayroq” bilan taqdirlanadi, chunki u ekologik jihatdan qulay va suzish uchun xavfsizdir. Uzunligi 7 kilometr boʻlgan ushbu katta tabiiy sohilning qumi mayin va yoqimlidir.

Sarigerme plyaji

Dalaman yaqinidagi Dalyan kurortida ajoyib Iztuzu sohili joylashgan. Sohil qoʻriqxonaning bir qismida joylashgan va dengiz toshbaqalari har yili tuxum qoʻyish uchun bu yerga kelishadi. Sohil maydonining uzunligi 5 kilometr boʻlib, yumshoq qum bilan qoplangan. Bu sohil suzish uchun qulay va bu yerda siz katta toshbaqalarni uchratishingiz yoki agar omadingiz boʻlsa, qum boʻylab dengizga intilayotgan kichik toshbaqalarni tomosha qilishingiz mumkin. Sohilga shaharlar markazidan harakatlanadigan mahalliy avtobuslar yoki taksida ham borishingiz mumkin.

Iztuzu plyaji

Diqqatga sazovor joylar

Dalamanning asosiy diqqatga sazovor joyi — archa, zaytun va sitrus daraxtlari bilan qoplangan goʻzal manzarali tepaliklari hamda eng toza dengizi va ajoyib tabiati hisoblanadi. Shuningdek, kurort hududida asrlik palma daraxtlari bilan oʻralgan bogʻ va uning yonida Misr hukmdori Abbos Poshsho masjidi joylashgan.

Dalyan

XIX asrda ovchilikning ashaddiy ishqibozi boʻlgan Misr podshosi tirik mavjudotlar koʻp boʻlgan joyda ov uyi qurishga qaror qiladi. Dalaman shu maqsadda tanlangan. Qirol bu vazifani fransuz arxitektorlariga ishonib topshirgan va ular bir vaqtning oʻzida Iskandariya uchun temir yoʻl vokzalini qurayotgan edilar. Ammo tasodifan ov uyining loyihasi Misrga yuborildi va temir yoʻl vokzali Dalamanda qurildi. Xato aniqlanganda, hamma narsani avvalgidek qoldirishdan boshqa yoʻl qolmadi. Bu mintaqada hech qachon temir yoʻllari boʻlmagan, shuning uchun vokzal ishga tushirilmagan.

Iskandariya temir yoʻl vokzali

Qoʻshni kurort shaharcha boʻlgan Dalyanda 3000-yillik boʻlgan bir qancha qadimiy xarobalar mavjud. Ushbu kurortga tashrif buyurib, siz Likiya qabrlarini koʻrishingiz mumkin. Qadimgi Likiya shohlari u yerda dafn etilgan. Qabrlar qoyalarga oʻyilgani uchun hayratlanarli koʻrinishga ega.

Likiya qabrlari

Qabrlardan uncha uzoq boʻlmagan joyda shifobaxsh suvlari bilan mashhur Koʻyjegiz koʻli bor. U turli minerallarga boy boʻlib, ayniqsa, u yerda revmatizm yoki turli dermatologik kasalliklarga chalingan odamlar uchun choʻmilish foydalidir. Shuningdek, uning pastki qismida shifobaxsh loy mavjud. Koʻl haqidagi afsonalarda Afroditaning oʻzi ham unda choʻmilgani haqida aytiladi.

Oʻyin-kulgi

Dalaman yaqinida juda koʻp goʻzal koʻrfazlar bor. Shuning uchun, bu yerda muntazam ravishda yaxtalar yoki qayiqlarda sayohatlar oʻtkaziladi. Oʻzingiz ijaraga olgan qayiqda yoki koʻplab sayyohlar bilan bir yaxtada hudud boʻylab sayohat qilishingiz mumkin.

Dalaman shahri

Shuningdek, Sarigerme sohilida bolalar va kattalar uchun qiziqarli boʻlgan koʻplab suv attraksionlari mavjud.

Dalaman shahri

Ekstremal dam olishni xush koʻradiganlar uchun mashhur Dalaman daryosi boʻylab rafting sayohatlari mos keladi. Raftingda tajribalilar bilan bir qatorda havaskor yangi boshlovchilar ham ishtirok etishlari mumkin. Rafting professionallar koʻrsatmasi va hamrohligida amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?