Oʻzingniki beminnat...
Navoiy shahridagi “Navpromlitmash” MCHJ mamlakatimiz sanoatida servis va xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan korxonalardan biri hisoblanadi.
Korxonada 2018-yildan metallurgiya va mashinasozlik yoʻnalishida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar (issiqlik almashtirgichlari, filtrlovchi gʻalvirlar, silindrsimon elaklar, poʻlatdan butlovchi qismlar va detallar, yuqori bosimga chidamli ventillar, har xil turdagi aralashtirgichlar, markazdan qochma konsentrator) ishlab chiqarilishi oʻzlashtirilib, keyinchalik korxonada sanoat, avtomobillar va maxsus texnikalar uchun havo, gaz va moy filtrlari hamda mis nakonechniklar tayyorlash oʻzlashtirildi. Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan 150 dan ortiq turdagi uskunalar va butlovchi qismlar hamda qariyb 1 000 turdagi havo, gaz va moy filtrlari “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Qizilqumsement” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Navoiy IES” AJ va boshqa yirik sanoat korxonalariga kooperatsiya asosida yetkazib berilmoqda.

Muxtasar qilsak, oʻtgan davr mobaynida qiymati 20 million AQSH dollariga teng loyihalar amalga oshirilib, 250dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. Yevropa va Osiyoning 10dan ortiq davlati bilan eksport, toʻrtta mamlakati bilan import aloqalari yoʻlga qoʻyilib, “Universal filter” brendiga asos solindi.
— Mamlakatimiz Prezidenti 2022-yilgi viloyatimizga tashrifi chogʻida korxonamizda boʻlib, respublikamiz sanoati korxonalarining barqaror faoliyati hamda ularning ehtiyot va butlovchi qismlar taʼminotida mustaqilligini taʼminlash uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi, — deydi “Navpromlitmash” MCHJ taʼsischisi Ibrohim Fayziyev. — Mazkur yoʻnalishlarda oʻnlab loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Ularning aksariyati import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan.

Korxonada ayni kunlarda “Alyuminiy va misdan elektr nakonechniklar, soʻrib oluvchi qovurgʻali rukavalar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi amalga oshirilayotgan boʻlib, loyiha yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy qiymati 30 mln. dollarni tashkil etuvchi mazkur loyiha tufayli 50 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Eng muhimi, ichki imkoniyatlarni ishga solish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi loyihalar evaziga mahsulot turlarini koʻpaytirish orqali tashqi bozor geografiyasi kengayadi. Va, nihoyat bir qator mahsulotlar importiga chek qoʻyilib, birovning qosh-qovogʻiga qarashga hojat qolmaydi. Oʻzingniki beminnat, deya ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan, axir!
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring