Oʻzbekistonning qatʼiy pozitsiyasi BMT samaradorligi va nufuzini amalda koʻtarishga qaratilgan

10:48 11 Oktyabr 2025 Siyosat
296 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining oʻtgan 80-yil davomida xalqaro maydonda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlari hamda erkinliklarini himoya qilish yoʻlida beqiyos ishlarni amalga oshirdi. Bugun ham ushbu tuzilma millatlar oʻrtasidagi hamjihatlik, hamkorlik va insonparvarlik oyalarining ramziga aylangan.

Yaqinda BMTning yubiley sessiyasida mamlakatimiz Prezidenti bugungi dunyo manzarasiga haqqoniy baho berdi. Taʼkidlanganidek, insoniyat hozir shiddat bilan oʻzgarayotgan, murakkab va ziddiyatlarga toʻla global davr ostonasida turibdi. Yangi, xavotirli geosiyosiy voqelik shakllanmoqda. Xalqaro institutlar taʼsiri hamda nufuzi soʻnmoqda, dunyoda qarama-qarshiliklar, nizo va qurolli toʻqnashuvlar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, texnologik va ijtimoiy tengsizlik tobora kuchaymoqda, iqtisodiy hamda gumanitar inqiroz koʻlami kengaymoqda. Davlatimiz rahbari yuksak minbarda turib, jahon hamjamiyatini hamjihatlik va masʼuliyatga chorlar ekan, tinchlik hamda barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida yagona harakat zarurligini yana bir bor eslatdi.

Bugun xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarur. Ayni shu maqsadda Yurtboshimiz BMT faoliyati va kelajagiga yangicha yondashuvni ilgari surib, tashkilotni global muloqotning asosiy platformasi sifatida saqlab qolishga qaratilgan “BMT-80” tashabbusi, Kelajak uchun paktga qatʼiy sodiqlik saʼy-harakatini yuksak baholab, dunyo xavfsizligining asosiy tayanchi hisoblangan Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish taklifini ilgari surdi. Bu tashabbus, avvalo, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish hamda rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonning qatʼiy pozitsiyasi shundan iboratki, har qanday islohot yoki tashabbus, eng avvalo, BMTning samaradorligi va nufuzini amalda koʻtarishga qaratilmogʻi lozim. Bundan chiqariladigan xulosa shuki, dunyo bugun adolatga muhtoj. Global adolatni taʼminlashi kerak boʻlgan xalqaro institutlar, afsuski, koʻp hollarda befarqlik hamda taʼsirsizlik domida qolmoqda. Holbuki, insoniyatning tinchligi, ozodligi va taraqqiyotining asosiy mezoni — adolatdir. Sayyoramizda haqiqiy barqarorlikni taʼminlash uchun umid hamda ishonch uygʻotuvchi, dunyoviy adolat tizimiga ehtiyoj bor.

Oʻzgarayotgan dunyoning yangi muammolari

BMT global tinchlikning taʼminlovchisi sifatida tashkil etilgandan beri xalqaro munosabatlarning murakkab olamida muhim rol oʻynab kelayotir. Biroq vaqt oʻtishi bilan dunyo oʻzgardi, yangi muammolar paydo boʻldi. Shu sababli, BMTni isloh qilish chaqiriqlari tobora kuchayib bormoqda. Oʻzbekiston ham bu jarayonning tarafdori ekani bejiz emas.

Birinchidan, global siyosat oʻzgardi. BMT 1945-yilda, Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil etilgan. Oʻsha davrdagi geosiyosiy vaziyat hozirgidan tubdan farq qilardi. Dunyo ikki qutbli edi, kolonial imperiyalar mavjud edi. Hozir esa dunyo koʻp qutbli, yangi iqtisodiy va siyosiy markazlar paydo boʻldi. BMTning tuzilmasi esa hamon oʻsha davr talablariga javob beradigandek.

Ikkinchidan, Xavfsizlik Kengashi nomutanosib. BMT XKning doimiy aʼzolari — AQSH, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Buyuk Britaniya veto huquqiga ega. Bu ularga istalgan qarorni bloklash imkonini beradi. Koʻpchilik davlatlar buni adolatsizlik, deb hisoblaydi. Chunki bu beshta davlat dunyo aholisining katta qismini yoki global iqtisodiyotning asosiy qismini ifoda etmaydi. Bundan tashqari, Afrika, Lotin Amerikasi kabi mintaqalardan XKda doimiy vakillar yoʻq.

Uchinchidan, iqlim oʻzgarishi, pandemiyalar, kiberxavfsizlik, terrorchilik kabi yangi global muammolar paydo boʻlib, BMTning eski tuzilmasiga katta bosim oʻtkazmoqda. Yaʼni xalqaro tartib koʻplab muammolar bilan yuzma-yuz kelmoqda.

Xullas, dunyo siyosatidagi murakkab vaziyat davom etyapti. Yer yuzining katta qismida urush hamda adolatsizliklar hukm surayotir. Katta siyosiy markazlar oʻz milliy manfaatlariga aloqasi boʻlmagan masalalarga eʼtibor qaratmayapti. Fuqarolik urushlarida minglab kishilar hayotdan koʻz yumayotgani hech kimga sir emas. Terror butun dunyoga xavf soladigan darajaga yetdi. Dunyo ulkan migratsiya toʻlqini bilan duch kelmoqda. Bugun dunyoda 260 millionga yaqin qochoqlar, oʻz yurtidan ayrilgan 80 milliondan ortiq kishilar va 25 millionga yaqin muhojirlar mavjud. Bu raqam iqtisodiy vositalar bilan birgalikda ocharchilik, qurgʻoqchilik, ichki urushlar, terror hujumlari va siyosiy mavhumliklar kabi sabablar tufayli kundan-kunga ortib borayotgani achinarli. Insonlar faqat yaxshi ish, yanada yaxshi hayot standarti uchun emas, tirik qolish, qorinlarini toʻydirish, farzandlariga bir tishlam non topish ilinjida koʻchib ketishga majbur. Afsuski, bu ilinj safari baʼzan oʻlim bilan yakun topyapti.

Toʻrtinchidan, rivojlanayotgan mamlakatlarning roli va taʼsiri global siyosatda ortib bormoqda. Ular BMTda oʻzlarining manfaatlari va nuqtayi nazarlari yetarlicha ifoda etilmayotganidan norozi. Ular BMTning qaror qabul qilish jarayonlarida koʻproq ishtirok etishni xohlashadi.

Beshinchidan, BMT nizomida u “Asosiy maqsadi adolat va xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy tenglikni barcha mamlakatlarda joriy qilishni taʼminlashdan iborat” boʻlgan tashkilot sifatida tavsiflanishiga qaramay, buni amalga oshirishda chorasiz qolmoqda.

Tuzilmaga kengroq vakolatlar berilishi lozim

Oʻzbekiston fikricha, BMTning global tinchlikka, barqarorlikka hissa qoʻshadigan, yanada faol, shaffof, tezkor vakolat, qobiliyati yuksak va hisob bera oladigan tuzilmaga aylanishi uchun BMT Bosh kotibiga yanada kengroq vakolatlar berilishi lozim. Koʻplab toʻqnashuvlar hukm surayotgan hozirgi davrda besh doimiy aʼzo davlatdan biri tasdiqlamagan har qanday qaror Xavfsizlik Kengashidan mutlaqo oʻtmaydi. Bu holat inqirozlar yechimini kechiktirmoqda, yanada koʻp fojialarning roʻy berishiga olib kelmoqda. Isroil — Falastin yoki Ukraina — Rossiya mojarosi boʻyicha ovozga qoʻyilayotgan rezolyutsiyalarning u yoki bu doimiy aʼzolardan birining veto huquqidan foydalanib bloklanayotgani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Qitʼa miqyosida olganda, Xavfsizlik Kengashining hozirgi asosiy aʼzolari Yevropa, Amerika va Osiyo qitʼalaridan. Diniy qatlam jihatidan qaralganda esa Kengashning doimiy aʼzolari deyarli nasroniylardan iborat. Dunyoda yirik diniy qatlam hisoblangan musulmonlar va son jihatdan yirik diniy guruhlar Kengashda vakolatga ega emas.

Dunyo aholisining uchdan birini tashkil etadigan, 57 aʼzoni birlashtiradigan Islom hamkorlik tashkilotining bu muhim tuzilmada hech qanday vakolati yoʻq. Ikki yillik muddatga saylanadigan muvaqqat aʼzolarning esa Xavfsizlik Kengashi qarorlarida taʼsiri aytarli sezilmaydi. Demakki, faqat XKdan oʻrin olgan davlatlarning emas, balki barcha qitʼa, mintaqa xalqlarining ovozi eshitiladigan tashkilot barpo etilsagina dunyo tinchligi va xavfsizligiga hissa qoʻshish mumkin.

BMTni isloh qilish chaqiriqlarining kuchayishi global siyosatning oʻzgarishi, XKning nomutanosibligi, yangi global muammolar, rivojlanayotgan mamlakatlarning ovozi hamda BMTning samarasizligi kabi omillar bilan bogʻliq. Oʻzbekiston kabi davlatlarning bu jarayonni qoʻllab-quvvatlashi BMTning kelajagi va dunyodagi roli uchun muhim ahamiyatga ega.

Taraqqiyotni taʼminlash yoʻlidagi ishonchli qadamlar

Yana bir narsani yoddan chiqarmaslik kerak. Qanchalar tanqid qilinmasin, Oʻzbekiston BMTga oʻzining islohotlarini amalga oshirish, muammolarini yechishda muhim tuzilma sifatida qaraydi.

BMTning Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar Oʻzbekistonga iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish hamda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash uchun texnik yordam va investitsiyalar jalb etishda koʻmaklashmoqda.

Oʻzbekiston BMTning 2030-yilgacha boʻlgan kun tartibi doirasidagi Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishga sodiqdir. BRMga erishishga qaratilgan loyihalar iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, kambagʻallikni kamaytirish hamda ijtimoiy tenglikni mustahkamlashga xizmat qiladi. BMTning savdoni rivojlantirish boʻyicha dasturlari Oʻzbekistonning jahon bozoriga integratsiyalashuvini qoʻllab-quvvatlaydi, eksport salohiyatini oshirishga yordam beradi.

BMTning Sogʻliqni saqlash tashkiloti Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish hamda davolash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohalarida katta yordam koʻrsatadi. YUNESKO Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish, madaniy merosni saqlash hamda targʻib qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda. BMTning qochqinlar boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi Oʻzbekistonda qochqinlar va boshpana izlovchilarga yordam koʻrsatish, ularning huquqlarini himoya qilishda muhim rol oʻynaydi.

Umuman, BMT bilan hamkorlik Oʻzbekiston uchun siyosiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirish hamda ijtimoiy sohada islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu hamkorlik mamlakatning xalqaro nufuzini koʻtaradi hamda global muammolar yechimida faol qatnashishga imkon yaratadi. Oʻzbekiston BMT bilan konstruktiv munosabatlarni davom ettirish, tashkilotning maqsad va prinsiplariga sodiq qolish orqali oʻz taraqqiyotini taʼminlash yoʻlida ishonchli qadamlar tashlamoqda.

Obidjon HAMIDOV

Buxoro davlat universiteti rektori,

professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер