Oʻzbekistonda pomidorchilikni rivojlantirish uchun 550 mln. dollar investitsiya yoʻnaltiriladi

18:13 25 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
2477 0

Rossiyadagi sabzavot yetishtirish boʻyicha eng yirik “Eko-kultura” kompaniyasi Oʻzbekistonda pomidorchilikni rivojlantirish uchun 550 mln. dollar sarmoya kiritadi. Bu haqda kompaniya prezidenti Aleksandr Rudakov maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2019 yilda Surxondaryo viloyatida ana shunday agrokompleks oʻz faoliyatini boshlaydi. Issiqxona maydoni 314 gektar boʻladi va unga 472 mln. dollar sarflanadi. Shu boʻyicha yerning bir qismi sotib olindi, bir qismi ijaraga olindi. Rossiya va Oʻzbekiston banklari oʻrtasidagi loyihani tasdiqlash boʻyicha muzokaralar ketmoqda. Qolaversa, kompaniya yana 92 mln. dollarni gilos, oʻrik, olxoʻri va shaftoli yetishtiriladigan 1000 gektarlik bogʻ barpo etishga ajratadi.

“Eko-kultura” tomonidan, shuningdek, omborxona, quritish va chuqur muzlatish zavodlari quriladi.

“Eko-kultura” xorijda mazkur yoʻnalishda loyiha amalga oshirayotgan Rossiyaning birinchi kompaniyasidir.

Mahsulotlarning 40 foizi Rossiyaga, 60 foizi Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalariga eksport qilinadi. Rudakovning aytishicha, aynan shu hududlar ekologik toza sabzavotlar uchun yirik bozorlardir.

Maʼlumot uchun, Rossiyada 1 gektar issiqxona 3,5-4 mln. dollarga tushadi. Oʻzbekistonda esa buning uchun ana shu mablagʻning uchdan bir qismini sarflash kifoya. Shunga yarasha mahsulot tannarxi ham 10 foiz arzon boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?