Oʻzbekistonda yoʻllarni qurish va taʼmirlashga 61 trillion soʻm ajratildi

15:18 09 Iyul 2025 Siyosat
198 0

Illyustrativ foto

Prezident raisligida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va tirbandlikni kamaytirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oxirgi 7-yilda bu borada koʻp ishlar qilingani taʼkidlandi. Yoʻllarni qurish va taʼmirlashga 61 trillion soʻm ajratildi. Bu 2017-yilgacha berilgan mablagʻlardan 3,5 barobar koʻp.

Onlayn murojaat tizimi ishga tushib, yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalariga kelish 50 foizga kamaydi.

Shuningdek, 3 ming 365 nafar YHXX xodimiga elektron planshet va bodikamera olib berildi. Qoidabuzarliklarni sunʼiy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Haydovchilik huquqiga imtihon, yoʻl chiziqlari chizish, texnik koʻrik kabi 8 ta xizmat tadbirkorlarga autsorsingga berildi.

Shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yoʻlaklar tashkil qilindi.

Oʻtgan oyda ham haydovchilarga qator yengilliklar berildi:

  • Birinchi bor huquqbuzarlik qilganlarni jazolash emas, ogohlantirish yoʻlga qoʻyildi.
  • Yoʻl chiziqlarini bosish holatlarini kamera orqali fiksatsiya qilish bekor qilindi.
  • Jamoat transporti uchun moʻljallangan tasmalarda kechqurun boshqa haydovchilar ham yurishiga ruxsat berildi.
  • Shaharlarda yoʻllarni kunduzi taʼmirlash taqiqlandi.
  • Radar bor joyda yoʻl belgisini oʻrnatish majburiy boʻldi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari sohada oʻz yechimini kutayotgan masalalar koʻpligini qayd etdi.

Mamlakatimizda yoʻl-transport hodisalari oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan oʻrtacha 0,4 foizni tashkil qilayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan yili 9 ming 364 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Ushbu mudhish hodisalarda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan.

Eng achinarlisi, avariyalar tufayli 2 ming 203 nafar odam halok boʻlgan. Eng koʻp oʻlim holatlari Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?