Oʻzbekistonda dekabr oyi normaga nisbatan issiqroq boʻladi

18:11 21 Noyabr 2025 Jamiyat
416 0

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

“Oʻzgidromet” 2025–2026-yilgi qish mavsumi uchun mavsumiy ob-havo prognozini eʼlon qildi.

Unga koʻra, dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq boʻlishi kutilmoqda. Oʻrtacha oylik harorat normaga nisbatan 1–1,5 daraja baland boʻladi. Birinchi oʻn kunlikda havo asosan iliq: kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 10-15 daraja iliqni tashkil qiladi. Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda harorat keskin oʻzgarib turadi. Kechasi 2-7 daraja iliqdan 0, -5 daraja sovuqqacha, kunduzi 12-17 daraja iliqdan 2-7 daraja iliqqacha boʻladi. Oylik yogʻingarchilik miqdori norma atrofida yoki undan kam boʻlishi kutilmoqda.

Yanvar oyi umumiy holatda normaga yaqin, ayrim hududlarda biroz sovuqroq boʻladi. Birinchi va ikkinchi oʻn kunliklarda harorat katta diapazonda oʻzgarib turadi. Kechasi 3-8 daraja iliqdan 3-8 daraja sovuqqacha, kunduzi 10-15 daraja iliqdan -2 daraja sovuq, 3 daraja iliqqacha boʻladi. Uchinchi oʻn kunlikka borib esa anomal sovuqlar kutilmoqda. Koʻpchilik hududlarda kechasi 12-17 daraja sovuq, kunduzi 5-10 daraja sovuq, Nukus va Urganch atroflarida kechasi 20-25 daraja sovuqqacha tushishi mumkin.

Fevral oyi koʻp yillik normalarga yaqin boʻlishi kutilmoqda. Birinchi oʻn kunlikda anomal sovuqlar davom etadi: kechasi 5-10 daraja sovuq, kunduzi 3 daraja sovuq, 2 daraja iliq boʻladi. Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda havo sezilarli iliydi: kechasi 2-7 daraja sovuqdan 3-8 daraja iliqqacha, kunduzi 0-5 daraja iliqdan 10-15 daraja iliqqacha boʻladi. Janubiy hududlarda kunduzgi harorat 15-20 iliqqacha koʻtarilishi mumkin. Yogʻingarchilik meʼyor doirasida boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?