Oʻzbekiston tashabbusi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari munosabatlarining yangi tarixida burilish nuqtasini yasashga qodir — ekspert

22:12 08 Iyul 2021 Siyosat
909 0

Joriy yil 15–16-iyul kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti Aziz Karimov “Dunyo” AA uchun sharhida mazkur yuqori darajadagi tadbirning mazmun-mohiyati va undan koʻzlangan maqsad-muddaolar haqidagi fikrlarini oʻrtoqlashdi.

— Kutilayotgan tadbir bugungi kunda nafaqat milliy matbuot diqqat-eʼtibori ostida turibdi, balki mintaqa va dunyo ommaviy axborot vositalari, ekspert va siyosiy doiralari nigohi ham ushbu voqeaga qaratilgan, — dedi ekspert. — Buning boisi, ushbu yuqori darajadagi tadbir ikki yirik, shiddat bilan oʻsayotgan va madaniy-tarixiy jihatdan bir-biriga yaqin boʻlgan mintaqalarni umumiy iqtisodiy kelajak gʻoyasi atrofida mustahkam jipslashtirishga qaratilgan.

Voqealar rivojining bunday tus olishi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun yangi oʻsish nuqtalarini vujudga keltirib, mintaqalardagi iqtisodiy manzarani tubdan oʻzgartirib yuboradi.

Chunki ikki mintaqa oʻrtasida ishga solinmagan ulkan hamkorlik salohiyati mavjud. Jumladan, Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi dunyo bilan savdo ayirboshlash hajmi 1,4 trillion dollarni tashkil etsa, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi savdo koʻrsatkichlarining umumiy hajmi 170 milliard dollarga yaqin. Lekin ikki mintaqa oʻrtasidagi mahsulot ayirboshlashning umumiy hajmi 6 milliard dollarga yetmaydi.

Mazkur holat turizm yoʻnalishida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Bunga misol sifatida ekspert Oʻzbekistonning Janubiy Osiyo davlatlari bilan sayyohlik sohasidagi hamkorligining hozirgi darajasini qayd etdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2019-2020-yillarda Oʻzbekistonga kelgan Janubiy Osiyo sayyohlarining umumiy soni 125 ming kishini tashkil etdi. Bunday koʻrsatkich bu davrda Oʻzbekistonga kelgan turistlar umumiy sonining 1,5 foizinigina tashkil etadi.

Shu oʻrinda transport–tranzit yoʻnalishi istiqbolli soha hisoblanishini taʼkidlash kerak. Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan transafgʻon transport yoʻlagi nafaqat ikki mintaqani bogʻlaydi, balki Markaziy Osiyo mamlakatlariga jahon bozorlariga chiqish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratib beradi. Umuman olganda, madaniy, sivilizatsiya va tarixiy mushtaraklikka asoslangan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va sarmoyaviy hamkorlik keng makromintaqaviy hududda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun yangi shart-sharoitlar va ulkan imkoniyatlar yaratishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, yaqin istiqbolda Markaziy Osiyo davlatlari hududi Janubiy Osiyo uchun Yevroosiyo mintaqasining ulkan bozoriga chiqish uchun muhim boʻgʻin vazifasini bajarishi muqarrar.

Bundan tashqari, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini ikki mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotgan xavflarni birgalikda bartaraf etish kabi mushtarak manfaatlar birlashtirib turadi. Shu maʼnoda, kutilayotgan anjuman umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda kurash tizimi asoslarini barpo etish uchun yoʻl ochib beradi.

Shu boisdan Oʻzbekiston tashabbusi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari munosabatlarining yangi tarixida burilish nuqtasini yasashga qodir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер