Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ogohlantiradi!

17:18 26 Fevral 2020 Jamiyat
7046 0

Bugun davr shiddat bilan ilgarilab bormoqda. Barcha sohalar jadal rivojlanib, insoniyat uchun koʻplab qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, global internet tarmogʻi odamlarning uzogʻini yaqin qilishga xizmat qilayotgani eʼtiborga molik holat sifatida baholanayotir. Ammo, tanganing ikki tomoni boʻlgani kabi, internet tarmogʻi orqali bugun gʻarazli niyatlarni koʻzlab notoʻgʻri va noxolis axborot tarqatilayotgani, turli kiberhujumlar, firibgarliklar sodir etilayotgani ham ayni haqiqatdir.

Soʻnggi paytlarda fuqarolarimiz tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targʻib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida boshqa shu kabi resurslarga avtomatik tarzda oʻtib ketish orqali “Oʻzbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boʻlimidan bildirishnoma” sarlavhasi ostida sizib chiquvchi oynada foydalanuvchining taqiqlangan saytlarga kirgani sababli goʻyoki IIV tomonidan u 200 000 soʻm (ayrim hollarda 300 000 soʻm) miqdorida jarimaga tortilgani va “Webmoney” elektron toʻlov tizimi orqali davlat hisobiga toʻlovni amalga oshirilishi lozimligi, aks holda qurilmada saqlangan kontaktlarga foydalanuvchining pornografik foto va video mahsulotlar joylashtirilgan internet resurslaridan foydalangani haqida hodisa bayoni hamda foydalanuvchiga jarimani toʻlashi talabi bilan SMS xabar yuborilishi haqida maʼlumot paydo boʻlmoqda. Shu bilan birga, foydalanuvchilarning internet veb-brauzeri blokirovka holatiga tushib qolmoqda.

Taʼkidlab oʻtilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

– Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida “Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boʻlimi” nomi bilan faoliyat yurituvchi boʻlim yoki boʻlinma mavjud emas;

– “Webmoney” toʻlov tizimida Oʻzbekiston Respublikasi IIV tarkibiy va hududiy tuzilmalari elektron hamyonlariga ega emas.

Shunga muvofiq, fuqarolarimizni internet tarmogʻidan foydalanayotganda bu kabi salbiy holatlarga duch kelmasligi uchun firibgarlarning aldoviga ishonib qolmaslikka chaqiramiz.

Bugungi kunda yuqorida taʼkidlab oʻtilgan holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligini maʼlum qilamiz.

IIV Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер