Oʻzbekiston — Pokiston: koʻp qirrali muloqotlar yangi bosqichga koʻtariladi

10:26 16 Iyul 2021 Siyosat
490 0

Ayni paytda butun dunyoning eʼtibori poytaxtimiz Toshkent shahriga qaratilgan desak xato boʻlmaydi. Kecha boshlangan keng doiradagi siyosiy muloqotlar bugun oʻzining qizgʻin pallasiga kirdi.

Xabaringiz bor shu yilning 15-16-iyul kunlari “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻtkazilishi belgilangan edi. Konferensiya ishi davom etmoqda. Unda bir qator amaliy tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.

Konferensiyagacha oliy darajadagi uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. Ana shu uchrashuv va ularning ahamiyati haqida qisqacha mulohaza yuritmoqchimiz. Maʼlumki, kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Eʼtiborga molik jihati oʻzaro muloqot davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi sheriklikni kengaytirish va rivojlantirish borasida katta siljish kuzatilayotgani taʼkidlandi. Koʻp qirrali muloqotlar va madaniy almashinuvlar faollashdi.

Bu galgi uchrashuv oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, desak toʻgʻri boʻladi. Zero, kecha hukumatlararo qoʻshma komissiya yigʻilishi oʻtkazilganligi va poytaxtimizda birinchi marta Oʻzbekiston va Pokiston ishbilarmonlari biznes-forumi tashkil etilgani fikrimiz tasdigʻidir.

Yana bir gap. Pokiston bilan iliq munosabatlarning oʻrnatilishi tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu fikrlarni dalili sifatida soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo hajmi toʻrt barobarga oʻsganligini, qoʻshma korxonalar soni esa deyarli yuzdan ortiqqa koʻpayganligini keltirish mumkin. Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, bugungi kunda Oʻzbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 163 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

Pokiston Janubiy Osiyo va jahonning yirik bozorlariga chiqishda Oʻzbekiston uchun muhim koʻprik vazifasini oʻtaydi. «Termiz - Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻlining qurilishi nafaqat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, balki mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ushbu yoʻlning Markaziy Osiyo davlatlari xususan mamlakatimiz uchun ham ahamiyati nihoyatda yuqori. Nega deganda, Markaziy Osiyo va Afgʻoniston davlatlari xalqaro dengiz portlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ular sezilarli transport va tranzit xarajatlari qilmoqdalar, bu esa dengiz kommunikatsiyalaridan erkin foydalanish sharoitiga ega boʻlgan mamlakatlar xarajatlaridan 2-3 baravar yuqoridir. Ushbu muammo xalqaro yuk tashishga sezilarli cheklovlar qoʻygan “COVID-19” pandemiyasi paytida, ayniqsa, juda dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Bunday sharoitda «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻlining qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari oʻrtasida Markaziy Osiyo orqali yuklarni tashish vaqtini hamda narxini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shunday qilib, Pokistonning “Karachi”, «Qasim» va «Gvadar» dengiz portlariga chiqishni taʼminlaydigan yangi transafgʻon temir yoʻli Janubiy Osiyo temir yoʻl tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yoʻl tizimlari bilan bogʻlaydi hamda Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini keskin oshirishga, katta miqdordagi yuk oqimlarini jalb qilishga, shuningdek, Yevropa va Osiyoni eng qisqa quruqlik yoʻli bilan bogʻlaydigan koʻprik sifatida mintaqaning tarixiy rolini tiklashga yordam beradi.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер