“O'zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash” xulosalari va tavsiyalari taqdim etildi

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Bugun Jahon Banki, Oliy Majlis Senati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va Taraqqiyot vazirligi (FCDO) hamkorlikda “O'zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash” hisobotining asosiy xulosalari va tavsiyalarini taqdim etdi.
Tadbir 2024-yil 27-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston parlamenti va hukumati mutasaddilari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar mamlakatda ayol huquq va erkinliklarini amalga oshirish yo’lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlarni muhokama qildilar.
Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligida olib borildi. Unda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yetakchi iqtisodchisi Devid Nayt va Buyuk Britaniya FCDO Markaziy Osiyo bo’yicha hududiy rivojlantirish direktori Sara Kuper ishtirok etdilar.
Oliy Majlis Senati a’zolari hamda Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari mamlakat hayotining turli sohalarida gender tengligiga erishish va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo’yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va institutsional chora-tadbirlarni alohida ta’kidladilar.
Yutuqlar qatorida mamlakat soʻnggi bir necha yil ichida ayollarning mehnat huquqlarini taʼminlash borasida erishgan natijalar ham qayd etilgan. Jumladan, teng qiymatdagi ish uchun ayollarga erkaklar bilan teng haq toʻlashni kafolatlovchi nizomlar qabul qilindi. Ayri m sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar ham bekor qilindi. 2022-yil oktyabr oyida ushbu nizomlarni oʻz ichiga olgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi
Bundan tashqari, ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Mamlakatning yuqorida ta’kidlangan sohalardagi muvaffaqiyatlari Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotida qayd etilgan. Hisobotda 190 mamlakatdagi gender tengligi bilan bog‘liq vaziyat baholanadi. O‘zbekiston boshqa 18 ta davlat qatorida yuqorida qayd etilgan ayollar huquqlarini kengaytiruvchi huquqiy islohotlarni amalga oshirdi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida mamlakat 2022-yil oktabr oyidan buyon gender tengligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishda eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlatdan biriga aylandi.
Tadbir davomida Jahon banki ekspertlari tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash” yangi hisobotining asosiy xulosa va tavsiyalari taqdim etildi. Ushbu tadqiqot tez orada Bank veb-saytida e’lon qilinadi. Hisobot Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy ko‘magi bilan tayyorlangan.
Bunday tadqiqotlar Jahon banki tomonidan ma’lum bir mamlakatda gender tengligi holatini baholash uchun ishlatiladigan o‘ziga xos diagnostika vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Ular ma’lumotlarni tahlil qiladi va gender tengligi muammolari bilan bog‘liq asosiy muammolar va imkoniyatlarni aniqlaydi.
“O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash” hisobotida gender tengligining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning iqtisodiy faoliyat va imkoniyatlar, ta’lim tizimi va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, unda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajrashish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki bilan bog‘liq vaziyat o‘rganiladi. Bundan tashqari, hisobotda O‘zbekistonda ayollarning huquqlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurga ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlariga oid ijtimoiy me’yorlar va kutilmalar tahlil qilinadi.
Xususan, mamlakatdagi gender holatining bahosida, agar ayollar mamlakat iqtisodiy hayotida erkaklar bilan teng ishtirok eta olsa, O‘zbekiston yalpi milliy daromadi taxminan 29 foizga oshishi mumkinligi qayd etilgan. Ushbu foydalanilmagan iqtisodiy salohiyat 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin.
Jahon banki ekspertlari mamlakatda gender tengligiga erishish uchun muhim islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etishdi. Biroq, tegishli chora-tadbirlarning samarali ijrosi hozircha yetarlicha ta’minlanmagan.
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda gender tengsizligi turli sohalarda, jumladan, mehnat bozoriga kirish, ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurlar va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu muammolarga yechim topish davlat va jamiyat ishtirokida kompleks va muvofiqlashtirilgan yondashuvni, jumladan, qonunchilikni yanada takomillashtirish, tegishli davlat va jamoat institutlarini mustahkamlash, fuqarolarning xabardorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar O‘zbekistonda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini qisqartirish, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi vazifalarni muhokama qildilar. Turli soha vakillari, jumladan, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, Toshkent shahridagi TEAM universiteti vakillari bu boradagi tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Ishtirokchilar yuqorida qayd etilgan muammolarni hal etishda davlat va fuqarolik jamiyati hamkorligi masalalariga to‘xtalishdi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring