Oʻzbekiston konchilik sohasida ilgʻor texnologiyalar eksportchisiga aylanmoqda

12:36 21 May 2025 Jamiyat
73 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Har qaysi davlatning iqtisodiy barqarorligi, avvalo, oʻsha mamlakatda sanoat tarmoqlarining rivojlanishi bilan belgilanadi. Mamlakat qudrati esa ilgʻor texnologiyalarga ega boʻlish bilangina emas, balki ularni maqsadli va samarali qoʻllash, uzluksiz takomillashtirib borish hamda soha uchun yuqori ilmiy salohiyatga ega kadrlar tayyorlash bilan ham uzviy bogʻliqdir.

Buni mamlakatimizdagi konchilik sohasi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Xususan, oltin ajratib olishda noanʼanaviy “BIOX” texnologiyasini joriy etish, fosforit konsentratini nam holda boyitish, strategik xomashyoni yer ostida ajratib olish kabi innovatsion yutuqlar sohada amalga oshirilayotgan tub modernizatsiya va ilmiy salohiyatning amaldagi ifodasidir.

Muhimi, yurtimiz bugun yuqori texnologiyalarni faqat import qiluvchi emas, balki ularni eksport qiluvchi davlat sifatida tan olina boshladi. Bunga xalqaro doirada qiziqish yuqori boʻlib, turli ilmiy anjuman va forumlarga takliflar kelib tushmoqda.

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti dotsenti Sanʼat Sharipovning Senegalda boʻlib oʻtgan “BIOX foydalanuvchilari”ning 14-xalqaro konferensiyasida ishtirok etgani ham ana shunday eʼtirof natijasidir.

— Senegalda zamonaviy “BIOX” texnologiyasi asosida murakkab tarkibli oltin saqlovchi maʼdanlarni qayta ishlash zavodining ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur konferensiyada 15 dan ziyod davlat vakillari qatnashdi, — deydi S. Sharipov. — Anjumanda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tasarrufidagi 3-sonli gidrometallurgiya zavodida qoʻllanayotgan “BIOX” texnologiyasi boʻyicha taqdimot namoyish etdik.

Konferensiyada sulfidli maʼdanlarni bakteriyalar yordamida oksidlash jarayonini takomillashtirishga oid takliflar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Universitetdagi ilmiy muhit Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi — JICA vakillarida ham jiddiy qiziqish uygʻotdi. Agentlik delegatsiyasi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida boʻlib, taqdimot doirasida taʼlim yoʻnalishlari, ilmiy-texnikaviy salohiyat, ishlab chiqarish korxonalari bilan olib borilayotgan integratsiya va amaliy loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, JICA masʼullari universitetning ilmiy laboratoriyalari faoliyati, istiqbolli tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar bilan ham tanishib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер