Oʻzbekiston — bagʻrikeng diyor

12:16 12 Noyabr 2024 Jamiyat
468 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlangan “Oʻzbekiston bagʻrikeng diyor” shiori ostida har bir hududda keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Margʻilon shahridagi 10-sonli musiqa va sanʼat maktabida tashkil etilgan tadbirda Fargʻona viloyati hokimligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat hududiy boshqarmasi, milliy madaniy markazlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni targʻib etuvchi “Bagʻrikeng diyor” nomli fotokoʻrgazma, turli millatga mansub shoir va yozuvchilarning kitoblar koʻrgazmasi namoyish etildi.

— Chinakam insonparvarlik va bagʻrikenglik diyorida 130 dan ortiq millat va elat vakillari oʻzaro tinch va hamjihatlikda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda, — deydi Fargʻona viloyati slavyan milliy madaniy markazi faoli Raisa Kostromina. — Mamlakatimizda aynan, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik sohasida erishilayotgan yutuqlar jahon hamjamiyati tomonidan ham yuksak eʼtirof etilmoqda.

Tantanali tadbirda milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari hamda 10-sonli musiqa maktabi oʻquvchilari tomonidan tashkillangan “Bagʻrikenglik ohanglari” konsert dasturi qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?