“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalar boʻyicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi

20:22 19 Yanvar 2026 Siyosat
395 0

Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalar boʻyicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

Unda senatorlar, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Strategiyaning “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yoʻnalishida belgilangan vazifalar, jumladan maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, umumiy oʻrta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, professional taʼlimni rivojlantirish va oliy taʼlim bilan qamrovni oshirish, pedagog kadrlar maqomini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish va “korxona – oliy taʼlim muassasasi – ilmiy tashkilot” hamkorlik tizimini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari koʻrib chiqildi.

Majlis ishtirokchilari sogʻliqni saqlash sohasida aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Jumladan, 2030-yilga kelib umr koʻrish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, yurak qon-tomir kasalliklaridan erta oʻlimni (30-69 yosh) 27 foizgacha kamaytirish, saraton kasalligidan erta (30-69 yosh) oʻlimni 5,2 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.

Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish maqsadida yurak qon-tomir, xavfli oʻsma, qandli diabet, sil kasalliklari tashxisi qoʻyilgan bemorlarning 50 foizini profilaktik koʻriklarda aniqlashni yoʻlga qoʻyish, davolash muassasalariga poliklinika elektron yoʻllanmasi orqali borgan bemorlar ulushini 70 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda.

Strategiya ijrosini taʼminlashda deputatlar hamda jamoatchilik nazorati zarurligi qayd etildi. Amalga oshirilishi belgilangan ijtimoiy islohotlar aholiga sifatli taʼlim va tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat.

Senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirishga, taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?