Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashiga aʼzolik Oʻzbekistonga nima beradi?
XXI asrda insoniyat turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni oʻzida mujassam etgan global geosiyosiy oʻzgarishlar davriga qadam qoʻydi. Hozirgi paytda ulkan moliyaviy-iqtisodiy, ilmiy va intellektual salohiyatga ega hamda 4.5 milliarddan ziyod aholi yashaydigan Osiyo qitʼasi mamlakatlari ham jiddiy xatarlarga duch kelmoqda.
Osiyo davlatlarida ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va taʼlim darajasi pastligi, izchil va barqaror rivojlanish bilan bogʻliq qator jiddiy muammolar paydo boʻlmoqda. Shu bois ham mazkur sohalardagi dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha kuchlarni muvofiqlashtirishda turli xalqaro tuzilmalarning samarali faoliyati hayotiy zaruratga aylanib bormoqda.
Bu borada Oʻzbekistonning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashiga aʼzoligi mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tashqi siyosatni amalga oshirishda yangi imkoniyatlarni yaratadi, deb oʻylayman.
Xoʻsh, ular qanday imkoniyatlardan iborat? Avvalo, mazkur Kengash Osiyoda davlatlararo munosabatlar va xavfsizlikni taʼminlashdagi turli muammoli masalalar boʻyicha ilgʻor tashabbuslarni ilgari surishda amaliy muloqot platformasi sifatida ahamiyatli. Ayniqsa, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, yirik infratuzilma loyihalari boʻyicha tashabbuslarini amalga oshirishda qoʻshimcha mexanizmlarni yaratadi. Zero, Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish Osiyo mintaqasidagi barqarorlikning muhim omili hisoblanadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini Osiyo davlatlarida ham izchil amalga oshirishda hamda ishlab chiqilayotgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya boʻyicha amaliy hamkorlikning yangi oʻzaro manfaatli yoʻnalishlari vujudga keladi.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar boʻyicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirish ustuvor masala etib belgilangan. Shu jihatdan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashiga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro iqtisodiy va savdo aloqalari salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun qulay zamin vujudga keladi.
Ekologik xatarlarni, ayniqsa, Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishda yangi shart-sharoitlar paydo boʻladi.
Shu bilan bir qatorda, investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlar oʻrtasida turli yoʻnalishlarda hamkorlikda faoliyat yuritish, hali ishga solinmagan imkoniyatlarini izlab topishda amaliy muloqot maydoni paydo boʻladi.
Fan, taʼlim sohalari va madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlik borasida mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning Kengash doirasidagi muvofiqlashtiruvchisi boʻlamiz. Jumladan, xalq diplomatiyasi doirasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, turizm boʻyicha forumlarni tashkil etish uchun qulay zamin yaratiladi.
Xususan, Kengashning Dushanbe sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish taklifi kiritildi. Shu nuqtayi nazardan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashi Toshkentdagi Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning Osiyo mamlakatlarida oʻzining munosib imijini yangi bosqichga olib chiqadi.
Sayfiddin JOʻRAYEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori,
siyosatshunoslik fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring