“Nuroniy” jamg‘armasi faollarining O‘zbekiston xalqiga murojaati
O‘zbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faollari O‘zbekiston xalqiga murojaat bilan chiqdi. Quyida ushbu murojaatni to‘liq holatida e’lon qilamiz.
Aziz vatandoshlar!
Jonajon O‘zbekistonimizning betakror tabiati, uning boy o‘simlik va hayvonot olami, go‘zal bog‘ va xiyobonlari milliy boyligimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Bu ne’matlarni ajdodlarimiz bir necha yuz yillar asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun ulkan meros qilib qoldirganlar.
Ajdodlarimiz o‘z yurtini, yashagan manzil-makonini obod qilish, bog‘u bo‘stonlar yaratishga katta e’tibor qaratgan. Amir Temur bobomiz bunyod etgan bog‘lar, Alisher Navoiy bobomiz tashabbusi bilan yaratilgan bog‘u-rog‘lar, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan barpo etilgan “Bog‘i Bobur” hali hamon tillardan tushmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham ana shu ezgu an’analarning munosib davomi bo‘lib, mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston davlatini barpo etish yo‘lidagi intilish va islohotlarimizning go‘zal timsoliga aylandi. Bog‘ning markaziy qismidagi Mustaqillik monumenti xalqimizning tarixiy xotirasi, orzu va umidlari bilan hamohang muhtasham badiiy obida sifatida barchamiz uchun qadrlidir.
Bu go‘zal bog‘ning salobatiga qarab, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonimning “Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali...”, degan satrlari yodimizga tushadi. Haqiqatan ham, ushbu bog‘da poytaxtimiz aholisi, mamlakatimiz shahar va qishloqlaridan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, odamlarimiz oilasi, farzand va nabiralari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Hademay, bu maskandagi nihollar ko‘kka bo‘y cho‘zib, so‘lim xiyobon tusiga kiradi. Mamlakatimizning turli hududlarida barpo etilayotgan yangi bog‘ va xiyobonlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Dono xalqimizda, “Umringdan bir kun qolsa ham ko‘chat ek”, degan purhikmat naql bor. Ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan milliy qadriyat va an’analarimizning ajralmas qismi bo‘lmish daraxt ekish, bog‘u gulzorlar yaratish borasidagi go‘zal odatlarimiz bugungi kunda yangi ma’no-mazmun bilan boyib, keng miqyosda davom etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga asos solindi. Mazkur xalq harakati natijasida har yili millionlab tup daraxt nihollari ekilmoqda, yangi o‘rmon va bog‘lar yaratilmoqda. Yashil o‘rmon va daraxtzorlar, bog‘u rog‘lar atrof-muhitni musaffo saqlash, ekologik tizimni va iqlimni barqarorlashtirish, tuproq va havoni tozalashda hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, yashillik olami – bu toza havo, sog‘lom hayot, uzoq umr demakdir.
Shuning uchun har birimiz bugungi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat va javobgarligimizni chuqur his qilib, “Yashil makon” loyihasi atrofida yanada jips bo‘lib birlashaylik!
Xonadonlarimiz, tomorqalar, mahallalarimiz, ko‘p qavatli uylarimiz atrofiga terak, tut, uzum kabi yurtimiz iqlim sharoitiga mos daraxtlarni ekib, ularni avaylab, parvarishlab bog‘-rog‘larni ko‘paytiraylik!
Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi joriy yilda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy tadbirlar – yangilangan Konstitusiyamiz bo‘yicha umumxalq referendumi hamda navbatdan tashqari Prezident saylovida yuksak faollik, daxldorlik, ahillik va hamjihatlik fazilatlarini ko‘rsatdi. Vatan va xalq manfaati yo‘lida qanday qudratli kuchga aylanishi mumkinligini butun dunyoga namoyon etdi.
Barchamiz uchun muqaddas beshik bo‘lgan ona vatanimizning betakror tabiati, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish, uni avlodlarimizga bezavol yetkazishda ham ana shunday xislatlarimizni, buyuk bunyodkorlik salohiyatimizni amalda ko‘rsataylik!
Yerga nihol ekish, ularni parvarishlab yangi bog‘larga aylanishi uchun e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda shaxsiy namuna ko‘rsataylik, tashabbuskor bo‘laylik!
Butun dunyoda iqlim o‘zgarishlari ro‘y berib, global isishning salbiy ta’siri tobora kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda ona tabiatga bepisand munosabatda bo‘lish, unga zarar yetkazish holatlariga murosasiz bo‘laylik!
Odamlarimizga asrlar davomida o‘z isbotini topib kelgan “Nimani xor qilsang, o‘shanga zor bo‘lasan”, degan hayot haqiqatining tub mohiyatini, tabiatga xiyonat vatanga xiyonat bilan barobar katta gunoh ekanini tushuntiraylik.
Nega deganda, oramizda daraxtlarni shafqatsizlarcha kesib, pullayotgan kimsalar borligi barchamizga yaxshi ayon. O‘zi umrida bitta ham nihol ekmasdan, daraxtlarga bolta urayotgan, daraxt kesishni kasbga aylantirib olgan soxta tadbirkorlar, ma’naviy qashshoq kimsalarga qarshi hammamiz birgalikda kurashaylik!
Mamlakatimizning ayrim joylarida “Yashil makon” loyihasiga befarqlik bilan qaralayotgani oqibatida katta mablag‘, moddiy va mehnat resurslari hisobiga ekilgan ko‘chatlar qurib qolayotgani, daraxtzorlar payhon qilinayotgan holatlar ham afsuski tez-tez uchramoqda.
Aziz nuroniylar, dono otaxon va oqila onaxonlar!
Bu borada avvalambor siz, azizlarga murojaat qilayotganimiz albatta bejiz emas. Yangi O‘zbekistonimizda tarixiy o‘zgarish va islohotlar, ezgu g‘oya va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish jarayonlarida sizlar hamisha faol bo‘lib, o‘zingizning qimmatli fikr va mulohazangiz, dono maslahatingiz, amaliy harakatlaringiz bilan munosib hissa qo‘shib kelmoqdasiz. Sizlarning katta hayotiy tajribangiz, duo va tilaklaringiz hamisha xalqimiz uchun katta tayanch va suyanch bo‘lib keladi.
Bugungi kunda ona tabiatga munosabat, “Yashil makon” loyihasidan ko‘zlangan maqsad-muddao haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida suhbatlar o‘tkazib, uning mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlarida faol bo‘lish, farzand va nabiralarimiz uchun qulay tabiiy muhit yaratishda bosh-qosh bo‘lish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Ota-bobolarimizdan meros an’ana – oilada yangi farzand dunyoga kelganida unga atab, albatta, daraxt ekishni qayta tiklab, hayotimiz qoidasiga aylantirsak, ayni muddao bo‘ladi. Nikohdan o‘tayotgan yoshlarimiz mana shunday baxtli onlardan esdalik sifatida, yaxshi niyat bilan yerga nihol eksalar an’analarimiz yana bir go‘zal odat bilan boyigan bo‘lar edi. Kelin-kuyovlarimiz ekkan nihollarning ildizi yerga chuqur o‘rnashib, ulg‘ayib, ulkan daraxtga aylanib, meva berganidek, yoshlarimizning oilasi ham albatta mustahkam, barakali, tinch-totuv bo‘ladi, inshoolloh.
Piru badavlat otaxon-onaxonlar, faxriylar, ziyolilar va azmu shijoatli yoshlarimiz birgalikda mahallalardagi bo‘sh yerlar, dala chetlari, ariq va zovurlar bo‘ylariga terak ko‘chatlari va qalamchalari ekishni tashkillashtiraylik!
Bir tup niholdan 8 tadan 12 tagacha qalamcha olish mumkin. Bu qalamchalarni sifatli qilib ekib, parvarishlasak, kuzgacha har biri 3-4 metrli ko‘chatga aylanadi. Oddiy qalamchadan ko‘chat va yog‘och yetishtirish, toza havo, yaxshigina daromad manbai ekanini unutmaylik!
“Bir nuroniy – o‘n nafar yoshga mas’ul”, “Ustoz va shogird” tamoyillari asosida farzand va nabiralarimiz, mahallalar yoshlarini yonimizga olib, hovlilar, ko‘p qavatli uylar, shifoxonalar, ishlab chiqarish korxonalari, ta’lim-tarbiya muassasalari atrofidagi yerlarga daraxt va gullar ekishni yo‘lga qo‘yish muhim vazifamiz hisoblanadi.
“Nuroniy” jamg‘armasi bu borada ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, sog‘liqni saqlash vazirligi, maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, boshqa tegishli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlarini hamkorlikka chaqiradi.
Aziz ota-onalar!
Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan gap bejiz aytilmagan. Chinakam insoniy tuyg‘ular avvalo oila bag‘rida kamol topadi. Farzandlarimiz qalbida ona tabiatga mehr uyg‘otish, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish tuyg‘ularini tarbiyalashda oilaning o‘rni va ta’siri hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bobosi va otasi bilan birga daraxt ekkan, uni parvarish qilishda ishtirok etgan bolaning ongu tafakkuri o‘zgacha bo‘ladi. Ona yurtga mehr va sadoqat ruhida kamol topadi. O‘zi ekkan nihol unib-o‘sayotganini ko‘rgan bolaning qalbidagi orzu-maqsadlari ham yuksak bo‘ladi. Shuning uchun, daraxt ekayotganda, nihollarni parvarishlayotganda farzandlarimizni yonimizga olib, ularga tuproq bilan tillashishni, nihol ekib, undirishni o‘rgataylik! Parvarishlagan niholi vatanimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishini anglataylik!
Muhtaram mahalla faollari!
Bugungi kunda ham ayrim mahallalarda, ko‘cha va guzarlarda qarovsiz yotgan yerlar, qurib-qovjirab qolgan daraxtlarni ko‘ramiz. Bu bizga umuman yarashmaydigan holat. Mahallalarimiz qiyofasi faoliyatimiz natijasini ko‘rsatadigan omillardan biri ekanini unutishga haqqimiz yo‘q.
Shu bois bu yo‘nalishdagi faoliyatimizni tanqidiy ko‘rib chiqib, ishni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rishimiz lozim. Mahallalarimiz hududini obod qilish, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish kabi savobli ishlar hamisha e’tiborimiz markazida turishi zarur.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Obod xonadon” dasturini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatib, yurtimizda har jihatdan obod xonadonlarni ko‘paytirish, ularni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirishimiz lozim.
Hurmatli usta bog‘bon va mirishkor fermerlar!
Bozor va dasturxonlarimiz to‘kinligi sizlarning zahmatli mehnatingiz natijasidir. Ona tabiatimizni asrash, yurtimizda mevali va manzarali bog‘lar, yashil hududlarni kengaytirishda siz, azizlarning bilim va tajribangiz nihoyatda muhimdir.
Shunday ekan, dala chetlariga tut va uzum ko‘chatlarini ekish tajribasini keng ommalashtiraylik. Tutzorlar yerlarni eroziyadan, ekinlarni turli tabiiy ofatlardan himoya qilish bilan birga ipakchilik sanoati rivojining bosh omilidir. Uzum va uning mayizi dasturxonlarimiz ko‘rki va eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Tut va uzum mo‘l hosil va katta daromad manbaidir. Shunday ekan, dala chetlariga tut va uzum ko‘chatlari to‘liq ekilishiga erishaylik!
Aziz yoshlar!
Jonajon O‘zbekistonimiz, uning yerosti va yerusti boyliklari, o‘simlik dunyosi, yashil o‘rmon va bog‘lari hammasi sizniki. Bunday saxovatli zaminni himoya qilish, asrab-avaylash sizning burchingiz. Shunday ekan, ona zaminimizga mehringizni bering. Tabiatimizga nisbatan bo‘lgan adolatsiz munosabatdan xulosa chiqaring, bunday xatolarni takrorlamang. O‘zingizdan keyingi nurli kelajak uchun bugundan boshlab, bog‘ yarating!
Qadrli vatandoshlar!
Shu kunlarda Prezidentimizning joriy yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” degan shior ostida Mustaqillik bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Shu munosabat bilan har bir oila “Mustaqillikning 32 yilligiga 32 tup daraxt” shiori ostida xonadonlarimiz, mahalla guzarlari, yo‘l bo‘ylariga mevali va manzarali daraxtlar ekaylik!
Shuningdek, 1 oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni, 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni, 21 mart — Navro‘z umummilliy bayramlari munosabati bilan ustozlarimiz, onalarimiz, buvilarimiz, otalarimiz, yaqinlarimiz, o‘g‘il-qizlarimizga atab har bir hududning iqlim sharoitiga mos teraklar, tutlar, uzumlar, manzarali va mevali nihollar ekib, parvarishlashni an’anaga aylantiraylik. Yerga qadalgan har bir nihol orzu-umidlarimiz ro‘yobidek ulg‘aysin! Xalqimiz aytganidek, har birimizdan yaxshi bog‘ qolsin!
Bu ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring