Namanganda “Adliya bogʻi” tashkil etildi

16:32 13 Noyabr 2023 Jamiyat
456 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi koʻchat ekish mavsumiga Namangan viloyat adliya boshqarmasi jamoasi ham faollik bilan qoʻshildi. Ular kuchi bilan Pop tumanidagi katta yoʻl yoqasida boʻsh turgan bir yarim gektar maydonda “Adliya bogʻi” tashkil etiladigan boʻldi. Kecha koʻchat ekishdek ezgu va xayrli ishni soha faxriylari hamda ayni paytda tizimda mehnat qilayotgan xodimlar boshlab berdilar.

— Bugun biz mehr bilan oʻtqazayotgan nihollar ildiz otib, bu joy hademay yashillikka burkangan ajoyib maskanga aylanadi, — deydi uzoq yillar sohada mehnat qilib ayni paytda keksalik gashtini surayotgan Nurmuhammad aka Hakimov. — Koʻchatlarning   hamkasblarimiz tomonidan doimiy nazoratiga olinishi ularning toʻla koʻkarishi va baravj rivojlanishi uchun kafolat beradi.

Boʻlajak bogʻga 7 ming tupdan ziyod koʻchatlarni joylashtirish rejalashtirilgan. Kuni kecha oʻtkazilgan hasharda 1000 tupga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Ezgu niyat bilan yaratilayotgan bogʻ atrof-muhitga musaffolik, koʻngillarga zavq baxsh etadigan kunlar yaqin.

                                                                        Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?