Munojot togʻining soʻnmas quyoshi

17:20 13 Yanvar 2025 Jamiyat
258 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Oʻtmishda tasavvuf tarixiga bagʻishlab yozilgan barcha tazkiralarda “ikki jahon quyoshi” Suhayl ibn Omir Uvays Qaraniy chuqur ehtirom bilan tilga olinadi. Uni “Yaman yulduzi” deb ham atashgan. Rivoyatlarga koʻra, uning otasi Omir yamanlik boʻlib, Murod qabilasining qarn urugʻiga mansub boʻlgan. Qoraqalpogʻistonda, Namanganda, Tojikistonda va hatto Turkiyada ham uning nomiga barpo etilgan qadamjolar uchraydi.

Ayrim manbalarda hazrati Umar bilan hazrati Alining xirqai sharifni topshirish uchun Uvays bilan uchrashuvi hozirgi Qoraqalpogʻiston hududidagi Sulton Uvays togʻida boʻlgani, undagi baland qoyani Sulton Uvays Allohga munojot etgan joy sifatida “Munojot togʻi” deb ixlos qilinishi keltiriladi. Hazrat Navoiy “Nasoimul-muhabbat” asarida Uvays Qaraniy Uhud jangida paygʻambarimiz (s.a.v)ning bitta tishlari singanini eshitib, oʻzlarining hamma tishini urib sindirganini yozadi. Bu yerga ziyoratga kelganlar Munojot togʻidagi qizil dogʻlarni Uvays bobo tishidan qolgan qon, deya eʼtiqod qiladi.

– Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanidagi ziyoratgoh ham, u joylashgan togʻ ham sulton Uvays nomi bilan ataladi, – deydi Sulton Uvays bobo masjidi imom-xatibi Nuriddin Yusupov. – Maʼlumotlarga qaraganda, bu yerda Sulton Uvays maqbaralari ilk bora XIII asrda Sulton Muhammad Xorazmshoh buyrugʻiga binoan qurilgan. Ammo Chingizxon qoʻshinlari tomonidan vayron qilingan. Oradan asrlar oʻtib, Xiva xoni Eltuzarxon, keyinchalik Olloqulixon tarafidan maqbara qayta tiklanadi. Biroq, sobiq tuzum davrida maqbaraning oltindan yasalgan qandili, oltin suvi yuritilgan panjarasi, gumbaz ustidagi oltin qubbasi talon-taroj qilinib, vayronaga aylantirildi. Mustaqillik sharofati bilan qayta taʼmirlanib obod qilindi.

Maqbaraning sharqiy tomonida bir chashma bor. Bu chashma xalq ichida shifo buloq nomi bilan mashhur. Buloq suvi har qanday iqlim sharoitida oʻz muvozanatini yoʻqotmaydi. Hozirgi kunda ham bu tabarruk joyda Sulton bobomizdan baʼzi osori atiqalar qolgan. Ziyoratgoh qadimiy arxitektura uslubida qurilgan. Sulton Uvays Qaraniy sagʻanasi gumbaz shaklida. Sagʻana atrofi hujralar bilan oʻralgan. Ziyoratgohning gʻarbiy qismida Chinor bobo maqbarasi bor. Maqbara gumbazsimon shaklidagi imorat bilan oʻralgan.

Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan “Sulton Uvays bobo” ziyoratgohida ziyoratchilar uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha “Yoʻl xarita” ishlab chiqildi. Shunga koʻra, 2022-yilda ziyoratgohga kirish darvozasi koshin bilan bezatildi. Maqbaraga olib boruvchi 3600 metr yoʻl yangidan asfalt qilindi. Ziyoratchilarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tahoratxonalar va masjid qurildi. Ziyoratchilarning barchasi ayniqsa, yoshlar ziyorat qilish obodlarini bilmasligi mumkin. Yuqoridagi farmon asosida ishlab chiqilgan reja asosida ziyorat odobi va tartibi aks ettirilgan maʼlumotlar joylashtirib kelinmoqda. Shuningdek, asosiy yoʻllarda va yirik aholi punktlarida ziyoratgohga olib keluvchi yoʻnalishni koʻrsatuvchi yoʻl koʻrsatkich va axborot belgilarini oʻrnatish ishlari ham olib borilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida: 2019-yilda ziyoratgohga 100 mingdan ortiq ziyoratchi tashrif buyurgan boʻlsa, 2020-2021-yillarda karantin talablari joriy etilgach kamaygan. Oʻtgan yilda 247 ming mahalliy va 400 dan ziyod xorijiy sayyohlar ushbu ziyoratgohga tashrif buyurgan. Sulton Uvays bobo ziyoratgohida ziyorat mavsumi bahor, yoz va kuz fasllari hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?