Mulk huquqining qonuniy kafolati

10:09 17 Mart 2026 Jamiyat
107 0

Koʻchmas mulk inson hayotidagi eng muhim aktivlardan biri boʻlib, uni qonuniy rasmiylashtirish nafaqat mulkdor huquqlarini himoya qiladi, balki hududning iqtisodiy rivojlanishi va yer resurslaridan oqilona foydalanishda asosiy omil boʻlib xizmat qiladi. Bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida “mulk huquqi — muqaddas” degan tamoyil mujassam boʻlib, Davlat kadastrlari palatasi Oltinkoʻl tuman filiali tomonidan 2026-yilning oʻtgan davri mobaynida aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar va erishilgan natijalar bu fikrning yaqqol tasdigʻidir.

Joriy yilning boshidan buyon tuman filialiga kadastr pasportini shakllantirish boʻyicha jami 1 909 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 938 tasi ijobiy hal etildi. Shuningdek, koʻchmas mulk va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoʻnalishida ham salmoqli ishlar bajarildi. Kelib tushgan 2 232 ta murojaatning 990 tasi boʻyicha mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Biroq, tahlillar shuni koʻrsatadiki, koʻplab murojaatlarning rad etilishiga fuqarolarning hujjatlarni tayyorlashdagi eʼtiborsizligi sabab boʻlmoqda. Xususan, taqdim etilgan hujjatlarning sifatsizligi yoki oʻqib boʻlmasligi, vakolatli organlarning taqiqlari mavjudligi yoxud zarur ilovalarning yoʻqligi ijobiy natijaga toʻsiq boʻlmoqda. Shu bois, fuqarolardan murojaat qilishdan avval mavjud hujjatlarni sinchiklab tekshirib koʻrishlarini soʻrab qolamiz.

Bugungi kunda sohadagi eng dolzarb masalalardan biri Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosidir. Ushbu hujjat yillar davomida yechilmay kelayotgan muammo oʻzboshimchalik bilan egallangan yer va bino-inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish imkonini bermoqda. Tumanimizda mazkur yoʻnalishda tizimli ishlar tashkil etilgan boʻlib, tasdiqlangan reja-jadvalga koʻra joriy yilda 10 ta mahallada xatlov ishlari belgilangan. Hozirga qadar 7 567 ta obyekt toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, ulardan 3347 tasi “Eʼtirof” axborot tizimiga kiritildi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, tizimga kiritilgan obyektlardan 337 tasi boʻyicha huquqlar allaqachon qonuniy ravishda eʼtirof etildi. Bu degani, yana yuzlab oilalar oʻz mulkining haqiqiy egasiga aylanib, qonun himoyasiga kirdilar. Qolgan obyektlar esa ayni paytda jamoatchilik muhokamasi va toʻlov jarayonlari kabi turli bosqichlarni oʻtamoqda.

Ushbu murakkab va masʼuliyatli jarayonlarga tuman filialining 20 nafarga yaqin malakali mutaxassislari jalb etilgan boʻlib, ular nafaqat hujjatlar bilan ishlashmoqda, balki har bir mahallada boʻlib, fuqarolarga qonunchilikdagi yangiliklarni tushuntirishmoqdalar. Xulosa qilib aytganda, kadastr xizmatlarining ochiqligi va shaffofligi taʼminlanishi natijasida mulkdorlarning davlat tizimiga boʻlgan ishonchi ortmoqda. Oltinkoʻl tumanida bu boradagi ishlar izchil davom ettirilayotgani hududda mulk huquqining kafolatlanishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Hakimjon AZIMOV,

davlat kadastrlari palatasi

Oltinkoʻl tuman filiali rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?