Muammolar yoʻnaltirilmadi, amaliy hal etildi
Qarshi shahridagi Oydin mahallasida qariyb 12 ming kishi istiqomat qiladi. Shunga muvofiq, hududda bandlik, ijtimoiy yordam turlarini olish, kommunal xizmatlar va shu kabi sohalar bilan bogʻliq muammolar ham bisyor.
Senator Komila Karomova tomonidan mahallada oʻtkazilgan saylovchilar bilan uchrashuvda aholi tomonidan bu boradagi koʻplab muammolar oʻrtaga tashlandi.
Masalan, mahalla aholisining asosiy qismi koʻp qavatli uylarda yashashadi. Ushbu uylarga 6 ta boshqaruv-servis kompaniyasi kommunal va obodonlashtirish xizmatlarini koʻrsatadi. Ammo ayrim koʻp qavatli uylarga “shirkat” eʼtibor qaratmagan. Natijada birining tomidan chakki oʻtadi, yana birining esa yertoʻlasini suv bosgan.
Ahamiyatli jihati, senator tomonidan masʼul tashkilotlar eʼtiboriga havola etilganidan soʻng ushbu muammolar joyida hal qilinadigan boʻldi.
Yana oʻnlab fuqarolar esa ishga kirish masalasida murojaat etishdi.
Taʼkidlash joiz, bugun viloyat markazida qurilish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish tarmoqlari jadal rivojlanib bormoqda. Bunday subyektlar tomonidan minglab yangi ish oʻrinlari taklif etilyapti.
Jumladan, yaqinda Qarshi shahrida “Taskin carpet” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda qiymati 15 milliard soʻm boʻlgan dekorativ gilamchalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Ayni paytda korxonada 400 nafar ishchiga ehtiyoj bor.
Bunday subyektlar soni esa kam emas.
Uchrashuvda ish soʻrab murojaat etgan fuqarolarga tadbirkorlar tomonidan murojaatchining maʼlumoti, qiziqishi, imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, oʻzlaridagi boʻsh ish oʻrinlari taklif etildi. Natijada aksariyat fuqarolar shu yerning oʻzida ishga joylashadigan boʻlishdi.
— Joriy yilning 13-mart kuni Prezidentimiz raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholi muammolarini tizimli hal etish boʻyicha Qarshi shahar tajribasi misolida oʻz koʻrsatmalarini bergan edi, — deydi senator Komila Karamova. — Shundan kelib chiqqan holda, bugungi uchrashuvda ham aholining muammolarini tinglab, masʼul tashkilotlarga yoʻnaltirish emas, balki ularning ishtirokida shu yerning oʻzida hal etishga eʼtibor qaratildi. Natijada deyarli barcha muammolar joyida yechim topdi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring