Mirza Salimbek kim edi?
Buxoro amirining buyrugʻi bilan Toshkentga – Turkiston general – gubernatori huzuriga safar qilgan Mirzo Salimbekni ziyofatga taklif qilishdi. Generallar va ishbilarmonlardan iborat yigirma chogʻli kishi davrasida gubernator mehmonga yuzlanib, dunyoning koʻp joylarini sayr etgani, koʻp oʻqiganini aytdi.
“Rus, Farang, Turk, Eron viloyatlarida sanoat va hunarmandchilik ashyolaridan koʻp ajoyib narsalarni koʻrdim, – deya davom etdi gubernator. – Soʻrasam, aytar edilarki, bular Buxoroyi sharif buyumlaridir. Soʻng hayron qolganimni koʻrib, javob berdilarki, Buxoroyi sharifning aksar ashyolari kelar edi, bizning ashyolarimiz tijorat orqali Buxoroga borar edi. Surishtirsam, aytdilarki, Buxoroning kattaligi Samarqand bilan barobardir. Qani ayt- chi, qanday qilib, bu qadar moʻl mahsulot koʻpchilik viloyatlarga Buxorodan joʻnatilur va koʻpgina davlatlardan keltirilgan mollar Buxoroga yuborilib, savdo qilinur?
Mirza Salimbek savolga javoban gubernatorga “Koʻrgan va eshitganlarimning hammasi xotiramda bor, deyapsan. Ularni qaysi aʼzoing bilan mushohada qilasan?” deya soʻradi. “Yuragim bilan. Zero, insonning donishi yurakka bogʻliqdir”, deya javob berdi mezbon.
Shunda Salimbek “Egallagan ilmingga yetti aʼzoing qatnashgan. Bejizga dunyoni yetti iqlim, deb atashmaydi. Insonning butun aʼzosi yetti iqlimga qiyosdir. U bosh, qorin, orqa, yurak, qoʻl va oyoq, koʻz boʻlib, dunyo ham shu xilda tuzilgan. Buxoroyi sharif dunyoning yuragidir. Hamma joylarning ashyolari Buxoroyi sharifga kelib, ilm va hikmatdek Buxoroyi sharifdan butun mamlakatlarga tarqaladi”, – deya javob qaytardi.
Mirza Salimbek soʻzini tugatar-tugatmas gubernator oʻrnidan turib ketdi. Davrada “Ofarin” degan soʻzlar yangradi. Mezbon uyi tokchasidan bir quti olib, undagi tilla soatni Mirza Salimbekka tuhfa qildi.
– Oʻshanda bu fidoyi yurtdoshimiz Samarqanddan Buxorogacha simsiz telegrafni olib kelish uchun muzokara oʻtkazgani borgan edi, – deb yozib qoldirgan buxorolik zukko moziyshunos, tarix fanlari doktori, professor Farhod Qosimov. – U nihoyatda madaniyatli, maʼrifatparvar inson boʻlgan. Muhammad Narshaxiy boshlab bergan anʼanani davom ettirgan Ahmad Donish, Mirzo Abdul Azim Somiy, Sharifjon Maxdum Ziyo kabi moziyshunoslar qatorida Buxoro va sharq mamlakatlari tarixiga oid asarlar yozgan.
Biz yuqorida bayon etgan voqeani ham Mirzo Salimbek oʻzining “Kashkuli Salimiy” kitobida hikoya qilgan.
Qahramonimiz 1850-yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. Yigirmaga kirganida Narpay va Ziyovuddin begligida mirzolik vazifasida ishlagan. Keyin esa amirning maxsus topshirigʻi bilan oʻn yildan ziyod vaqt mobaynida Toshkentda yashagan. 1885-yilda Peterburgga yuborilgan elchilar tarkibida Rossiyaga safar qilgan. Keyin esa Buxoro mirshabi, Yakkabogʻ, Nurota, Boysun bekliklari hokimi lavozimida ishlagan.
Amirlik qulagach, Mirzo Salimbek shoʻro tuzumi tomonidan qamoqqa olinadi. Mol-mulki musodara etiladi. Ammo Buxoro Xalq Respublikasi hukumati uni hibsdan ozod etadi. Negaki, Mirzo Salimbekdek ilmu maʼrifatli, donishmand kishilar jamiyat uchun juda kerak edi. Shundan soʻng u Buxoro davlat kutubxonasida ishlaydi. Buxoroda ilk muzeyni tashkil etishda jonbozlik koʻrsatadi. Ilmiy tadqiqot ishlari olib boradi.
– Asarlari orasida “Taʼrixi Salimiy” alohida ajralib turadi, – deya yozadi Farhod Qosimov. – Asarda Oʻrta Osiyo, Turkiston, ayniqsa, sharif shaharning Chingizxon bosqini davridan Buxoro Respublikasining tuzilishigacha boʻlgan katta tarixiy davr ilmiy tarzda yoritilgan. Toshkentda tosh bosma usulda chop etilgan bu kitob qimmatli maʼlumotlarga boy. Muarrix oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Mirzo Salimbek 1930-yilda Buxoro shahrida vafot etgan.
Istam IBROHIMOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring