Millionerlar taʼzim qilgan qahramon muallim

19:07 02 Oktyabr 2025 Jamiyat
239 0

Bilimdan kuchliroq qudrat yoʻq, bilim bilan qurollangan odamni yengib boʻlmaydi. Sharafli kasbi orqali shogirdlariga eng qiyin vazifalarni yengishga yordam bergan qoraqalpogʻistonlik oʻqituvchi Allaniyaz Uteniyazovni tanishtirishning hojat yoʻq. U oʻzini butunlay taʼlimga, savobli ishlarga bagʻishlagan maʼrifatparvarligini hamma biladi.

Oʻzbekiston Qahramoni Allaniyaz Uteniyazov 1936-yilda Kegeyli tumani Qazayaqli ovulida tugʻilgan. Ovullarda yashash sharoiti ogʻirligi uchun onasi bilan togʻasining yoniga – hozirgi Nukus tumani Uzunkoʻl ovuliga koʻchib keladi. Allaniyaz Nukus shahridagi maktabda oʻqib, boʻsh vaqtida meva, poliz mahsulotlarini yetishtirishga kirishadi. Onasi sabzavotlarni bozorda so­tib, roʻzgʻor tebratadi. U Nukus davlat pedagogika institutini tomomlab, ilk faoliyatini oʻrta mak­tabda oddiy oʻqituvchilikdan boshlaydi. Talabalik davrida ham, oʻqituvchilik kezlarida ham urushda boquvchisini yoʻqot­ganlarga, nogiron boʻlib qaytgan­larga yordam beradi. Ayni shu elparvarligi bilan ovuldoshlarining nazariga tushadi.

– Allaniyaz ogʻa taʼlim sohasining chinakam fidoyisi, ovullarda yangi ijtimoiy oʻzgarishlar boʻlishi uchun kurashgan, elni savodli qilishga bel bogʻlagan ziyolilardan, – deydi Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi Qaljan Qalbayeva. – Hamkasblari, ovuldoshlari, shogirdlari har doim muallimga suyangan. Oʻz davrida qahramon oʻqituvchining jasorati va himmatini maqtab markaziy gazetalarda shu qadar koʻp maqola chop etilganki, uning nomiga dunyoning turli burchaklaridan maktublar oqib kela boshlagan. Oddiy oilada tugʻilib ish faoliyatini oʻqituvchilikdan boshlagan muallim bolalarga bilim berish bilan birga, 36 oilaga turar joy, 2 ta maktab, 2 ta bolalar bogʻchasi, 2 ta tibbiyot punkti qurib bergan. Allaniyaz ogʻaning boʻsh vaqti deyarli boʻlmasdi. Maktabda oʻquvchilarga darsini oʻtib, ehtiyojmand oilalarga boshlab qoʻygan imoratini tezroq bitkazishga shoshilardi. Muallim manziliga qop-qop maktublar kelardi. Masalan, Kuba davlati rahbari Fi­del Kastro shunday yozgandi: “Siz oʻzingizning saxovatingiz bilan koʻplab insonlardan yuksakda turasiz. Sizning bu fazilatingiz yosh avlodni tarbiyalashda hali koʻp namuna boʻlajak. Men sizga tan beraman...”. Boks boʻyicha jahon chempioni Vitaliy Klichko oʻz tuygʻularini quyidagicha ifodalagan: “Sizning 30–35-yillik mehr-muruvvat­ga toʻla himmatingizni har safar ringdagi jang oldidan 30–35 soniya xayolimda jon­lantiraman, sizni koʻz oldimga keltirib, ibratingizdan madad olaman. Shu vaqt oʻzimda qoʻshimcha, yengilmas kuch-quvvat toʻplangandek sezaman, albatta, gʻalabaga erishaman”. Allaniyaz Uteniyazovning saxovatidan argentinalik millioner X.Sapun ham hayratga tushgan: “Mening qoʻl ostimda 4 ming kishi ishlaydi. Argentinada eng boy odamlardan biriman. Xususiy mol, parranda fermalarim, fabrikalarim bor. Lekin, mening boyligim sizning boyligingiz qoshida chirik dunyodir. Sizning insoniylik maʼnaviy boyligingiz hech qachon oʻlmaydi, chirimaydi, mangu qoladi. Sizning qilgan xizmatingiz dunyoda katta yangilik boʻldi. Oʻqib hayron qoldim. Menga katta turtki boʻldi. Men ham xayr-saxovatli boʻlishga bel bogʻladim”.

Allaniz Uteniyazov nomiga dunyoning har xil davlatlaridan jami 1500 dan ortiq maktub kelgan. Bu maktublarni oʻqish baxtiga muyassar boʻlganimdan faxrlanaman.

Qahramon muallim 1999-yilda Nukusda “Saxovat” fermer xoʻjaligini tashkil etdi. Koʻpchilikka maʼlum 2000-yillarda Qoraqalpogʻistonda suvsizlik avj olgandi. Nukusdan yayov kelyapman. Kun issiq. Kanal tomondan katta yoʻlni kesib oʻtib, har xil suv idishlarni koʻtargan bir kishi yoʻlni kesib oʻtdi. Yoʻlim ham oʻsha tomonga edi. U shuncha idishlarni koʻtarib olgan boʻlsa-da, orqasidan yurib yetolmadim. Yangi yaratilgan boqqa yaqinlashib, idishlardagi suvni daraxtlarga quya boshladi. Koʻchatlariga suv quyayotib “voh-voh, oʻzim ichgandek boʻldim” deya xayolan daraxtlar bilan gaplashayotgan bogʻbon ustozim Allaniyaz Uteniyazovligini koʻrib hayratda qolganman.

Suv tanqis yillarda Allaniyaz Uteniyazov “Doʻstlik” kanalidan aravada suv tashib, boʻlsa ham bogʻ yaratdi. Oʻsha bogʻlar hozir ham moʻl hosil berib turibdi.

– Ustozimiz oʻz fanidan dars berish bilan birga, oʻquvchilarga hayot saboqlarini ham uqtirib kelardi, – deydi Nukus shahridagi 8-maktab oʻqituvchisi Baxtigul Matsapayeva. – Qoʻshning baxtsiz boʻlsa, sen baxtli boʻlolmaysan, derdilar.

Paxta yigʻim-terimida Allaniyazga “kombayn” deb nom berishgan. Boshqa eng ilgʻor terimchilarning oʻzi bir mavsumda 2,5-3 tonna paxta tersa, Allaniyazning marrasi 12-15 tonna boʻlgan. Oʻsha paxta uchun berilgan pullarni u xayriya ishlariga sarflagan. Hatto maktabdan olgan maoshini ham kambagʻal oilalarga ishlatib yuborgan.

Allaniyaz Uteniyazov bogʻdorchilikdan tashqari boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda ham dehqonlarga namuna boʻlgan. Davlat arbobi Sharof Rashidov Qoraqalpogʻistonga kelganida uning dalasidagi makkajoʻxorini koʻrib, mahalliy oʻgʻit va boshqa usullarni qoʻllagan holda shunday hosil olayotganidan hayratlangan. Allaniyaz otaning onasiga rahmat aytish uchun uyiga boradi. Oʻshanda boshqalarga uy qurgan Allaniyaz otaning oʻz uyi taʼmirtalabligini koʻrib, uning uyini qurib berish boʻyicha topshiriq bergani haqida haligacha shogirdlari eslashadi.

Qahramonlik – bu jasorat degani. Qahramon Allaniyaz Uteniyazov ham shaxsiy manfaatlarini qurbon qilishdan qoʻrqmadi, u dunyoga foyda keltirish uchun bor narsasidan voz kechishga tayyor edi. Yetmish yillik umri davomida asrlarga tatigulik insoniylik fazilatlarini kelgusi avlodlarga namuna qilib qoldirdi. U yuksak xizmatlari “Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi“, “Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi”, “Oʻzbekiston seleksioneri“, “Mehnat qahramoni“ ordenlari bilan taqdirlandi. 2001-yilda mamlakatimizning oliy mukofoti “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi. Allaniyaz ota oʻzi qilgan ishlarini koʻz-koʻz qilishni yoqtirmagan. Uning hayoti davomidagi qilgan ishlari butun insoniyatga ibrat boʻlishga arzigulik namunadir.

Gʻayrat Otajonov

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер