Markaziy bank kredit tashkilotlarini ogohlantirdi
Markaziy bank aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ajratilayotgan davlat yordam pullari — bolalar puli, nogironlik nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik puli va boshqa shunga oʻxshash mablagʻlar fuqarolarning bank kartalariga tushishi bilan ayrim kredit tashkilotlari tomonidan avtomatik tarzda kredit qarzlarini undirish holatlari kuzatilayotganini maʼlum qilib, mazkur jarayonni qattiq qoraladi.
Markaziy bank ushbu holatlarni keskin tanqid qilar ekan, bu kabi amaliyotni adolat tamoyillariga zid va insoniylikdan yiroq deb baholadi. Chunki aholining ijtimoiy nafaqalari davlat tomonidan ijtimoiy himoya choralari sifatida koʻrsatiladi va ularni fuqarolarning roziligisiz qarz toʻlovlariga yoʻnaltirish mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga koʻra, davlat nogironligi bor, mehnatga layoqatsiz, yolgʻiz keksalar, ijtimoiy ehtiyojmand aholini himoya qiladi. Shuningdek, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 21-moddasiga muvofiq, isteʼmolchilarning qonun hujjatlarida belgilangan huquqlarini cheklash taqiqlanadi.
Markaziy bank barcha tijorat banklari va mikro moliya tashkilotlarini ichki tartib-qoidalarini qayta koʻrib chiqishga va ijtimoiy nafaqalarni fuqarolar roziligisiz kredit qarzlariga yoʻnaltirishni toʻxtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, agar fuqaro ushbu holatdan norozi boʻlsa, unga yetkazilgan mablagʻlarni qaytarish boʻyicha zarur choralar koʻrilishi lozimligi taʼkidlandi.
Mazkur ogohlantirish barcha bank va kredit tashkilotlari tomonidan eʼtiborga olinishi shart. Aks holda, Markaziy bank bunday holatlarni qonunchilik doirasida nazorat qilish va zarur choralarni koʻrishini bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring