Maʼrifat charogʻboni
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bu yil yurtimizda tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadigan buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy, serqirra isteʼdod sohibi, zabardast tilshunos Isʼhoqxon Ibrat kabi millatimiz oydinlarining oʻz davrida kutubxonalar ochib, xalqqa ziyo ulashgani tarixdan yaxshi maʼlum.
Yoshlarimizni ilm-u urfonga chorlab, ularning maʼnaviy kamolotga erishuvi yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan, bu ezgu ishni hayotining mazmuniga aylantirgan yurtdoshlarimiz bugungi kunda ham koʻplab topiladi. Tarix fanlari doktori, professor, xalqaro “Antik dunyo” akademiyasining aʼzosi Rahmon Masharipov ana shunday maʼrifat charogʻboni, maʼnaviyat jonkuyarlaridan biri. Yurtdoshlarimiz ustozni “Xorazm tarixi”, “Moziy sadolari va saboqlari”, “Xorazmlik buyuk olimlar” kabi yigirmadan ortiq ilmiy asar va darsliklari, matbuot nashrlarida eʼlon qilingan yuzlab maqolalari, “Yaxshilarni oy nuriga oʻranglar”, “Dilnoma”, ”Sadoqatnoma” kabi oʻndan ortiq sheʼriy toʻplamlari orqali yaxshi bilishadi.
Rahmon bobo uzoq yillar viloyat miqyosida rahbarlik lavozimlarida ishladi, umumtaʼlim maktablarida, Urganch davlat universitetida yoshlarga saboq berdi. Bugun yoshi toʻqsonga yaqinlashgan tabarruk otaxonning umr boʻyi toʻplagan boyligi moʻjazgina hovli-joyining teng yarmini egallagan. Bular 12 ta tilda chop etilgan 15 mingdan ortiq ilmiy, badiiy, tarixiy kitoblar, mingdan ortiq tarix va etnografiyaga oid muzey eksponatlari, noyob fotosuratlardan iborat. Uyning qolgan qismida esa bobo farzandlari, nevara-chevaralari bilan istiqomat qiladi. Qariyb yetmish yil davomida toʻplagan bu nodir xazinadan butun el manfaat topishini oʻylagan Rahmon bobo uyida ajoyib kutubxona hamda “Tojmahal” deb nomlangan tarix va oʻlkashunoslik muzeyini tashkil qilgan.
— Shaxsiy kutubxonamdan farzandlarim, nevara-chevaralarim, tanish-bilishlar avvaldan foydalanib kelar edi, — deydi Rahmon Masharipov. — Prezidentimizning kitobxonlikni targʻib qilishga qaratilgan qaroridan soʻng, uning ijrosini taʼminlashga men ham oʻz hissamni qoʻshishim kerak, degan xulosaga keldim. Oʻylab qarasam, bu maʼnaviy xazinadan faqat oʻzim, oilam foydalanishi bilan kifoyalanib qolish goʻyo chashmadan birovga suv bermaslik bilan barobar. Umr boʻyi yiqqan kitoblarimning javonda chang bosib yotmasdan oʻquvchilar oʻrtasida qoʻlma-qoʻl boʻlayotganidan, eldoshlarimga nafi tegayotganidan xursandman.
Talabalik yillarida boshqa xarajatlardan tejab stipendiyasining bir qismiga kitob sotib olishga odatlangan Rahmon bobo bu anʼanani shu bugungacha davom ettirib keladi. Har oy nafaqa puli qoʻliga tekkach yangi kitoblardan xarid qilish uchun viloyat markazidagi kitob doʻkonlariga yoʻl oladi. Kitobsevar yoshlar, turli sohalarda ilmiy izlanish olib borayotgan talabalar bu xonadonga tez-tez kelib turishadi. Rahmon bobo tashkil qilgan kutubxonaning boshqa kutubxonalardan farqli yana bir jihati bor: bu maskanda dam olish kunlari va soatlari yoʻq, ziyo maskanining eshiklari ilm toliblari uchun doim ochiq!
Kitob izlab kelgan yoshlar tarix va oʻlkashunoslikka oid noyob eksponatlarga ega moʻjazgina muzeyni tomosha qilmasdan ketmaydi. Bu yerga yoshi ulugʻ insonlar, ilmiy tadqiqotchilar ham tez-tez tashrif buyurishadi. Muzeyning tilak va istaklar bitiladigan kitobiga Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York universiteti professori Lenda Gren quyidagi fikrlarni yozib qoldirgan: ”Men janob Rahmon Masharipov tashkil qilgan muzey eksponatlari va kutubxonadagi adabiyotlar bilan ikki kun davomida tanishib Xorazm dunyo sivilizatsiyasi markazlaridan biri ekanligiga amin boʻldim. Vatanimga qaytgach bu yerda oʻrgangan bilim va olgan boy taassurotlarimni talabalarimga, hamkasblarimga albatta yetkazaman”.
Aslida Rahmon boboning tarix va adabiyotga qiziqishi bejiz emas. Otaxonning shajarasi ulugʻ shoir, tarixnavis va tarjimon Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyga borib taqaladi. Buyuk ajdodlari merosini oʻrganish va munosib davomchisi boʻlish uning umr mazmuniga,hayotiy shioriga aylangan. Nuroniy otaxonni taʼlim maskanlarida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida oʻtkaziladigan tadbirlarga tez-tez taklif qilishadi.
Otaxon toʻplagan qadimiy osori-atiqalarning bir qismi joy yetishmasligidan boloxonada saqlanyapti. Agar bino masalasida amaliy yordam berilsa, muzey va kutubxona faoliyatini yanada kengaytirish mumkin. Rahmon boboning tabarruk yoshida maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlarda faol ishtirok etayotgani, u kishidagi gʻayrat va shijoat ibratga loyiq. “Shaxsiy kutubxonamda falonta kitob toʻplaganman”, deb maqtanish oʻrniga, otaxondan oʻrnak olib ushbu kitoblardan hech boʻlmaganda mahalla ahlining foydalanishiga ruxsat bersak ham yurtimizda mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirishga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlar edik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- “Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng!»
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring