Maktab oʻquvchisi BMW'da urib ketgan YPX inspektori vafot etdi

18:15 27 Fevral 2026 Jamiyat
699 0

Avvalroq Toshkent shahri Mirobod tumanida maktab oʻquvchisi BMW avtomobilini boshqarib, YPX inspektorini urib yuborgani haqida xabar berilgan edi. Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xodimga koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u vafot etganini maʼlum qildi.

Xabar qilinishicha, Toshkent shahrida xizmat olib borayotgan YPX inspektori kichik serjant Xosilbek Eshnazarov joriy yilning 25-fevral kuni soat 21:48 larda 10 sinf oʻquvchisi boʻlgan voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi BMW rusumli avtomashina urib yuborishi oqibatida hayoti uchun ogʻir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan. Biroq 3 kun davomida shifokorlar nazoratida boʻlgan ichki ishlar organlari xodimi koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

“Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va koʻp sonli shaxsiy tarkibi Toshkent shahri IIBB JXX YHXB Yoʻl-patrul xizmati brigadasi 2-batalyoni 4-safarbar guruhi yoʻl-patrul xizmati inspektori kichik serjant Eshnazarov Xosilbek Beknazar oʻgʻlining vafoti munosabati bilan marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etadi”, deyiladi IIV xabarida.

Maʼlum qilinishicha, kichik serjant Xosilbek Eshnazarov 2022-yildan ichki ishlar organlarida fidokorona xizmat qilgan. Uning ortidan qadrli ota-onasi, suyukli ayoli, 2 nafar oʻgʻil va 1 nafar qiz farzandlari qoldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?