Mahallaning yangi koʻzlari
Mahalla — bu shunchaki hudud emas. Bu — bir-birini tanish, bir-biridan hol-ahvol qolish, qoʻshnining eshigi qulfsiz qolsa ham xotirjam boʻlish mumkin boʻlgan muhit. Totuvlik, hamjihatlik, mehr-oqibat degan tushunchalar aynan shu zaminda shakllanadi.
“Suyunchi” filmini eslaymiz. Anzirat buvi shahardagi toʻydan vertolyotda qaytar ekan, hali yoʻl charchogʻini ham chiqarmasdan qishloqqa nazar tashlaydi:
— I-ye, bu qulfni kim osdi?
— Xolmaaat! Qani bir tushirchi...
— Bizda bor-yoʻgʻi bitta oʻgʻri bor, mana bu qulfni koʻrsa juda xafa boʻladi-ya!
Bu soʻzlar hazildek tuyuladi. Aslida butun bir hayot falsafasi. Ishonch bor joyda qulf kerak emas. Vijdon bor joyda qoʻrquv yoʻq. Bugun ham mahallalarda Anzirat buvilar yoʻq emas. Faqat zamon oʻzgardi, hayot surʼati tezlashdi, aholi gavjumlashdi. Shu bilan birga, tartib-intizomni saqlash, tinchlikni taʼminlashga boʻlgan ehtiyoj ham ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 27-yanvar kuni poytaxtda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish, profilaktika inspektorlari faoliyatini yanada kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Bu borada Asaka tumanida olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor. Joriy yilda tumandagi mavjud 76 ta mahallaning 30 tasida qonunbuzarlik holatlari qayd etilmagan. Bu raqamlar tasodifiy emas. Ularning ortida aholi bilan ochiq muloqot, muammolarni oʻz vaqtida koʻra bilish va yechim topishga qaratilgan tizimli ishlar mujassam.
Tuman markazida joylashgan Beruniy mahallasi esa alohida eʼtibor talab qiladi. Uch ming nafarga yaqin aholi yashaydigan hududda kun davomida 15–20 ming nafar odam harakatlanadi. Bunday gavjum muhitda jamoat tartibini taʼminlash oson emas.
Shu bois mahalla hududiga 165 ta videokuzatuv kamerasi oʻrnatilgan. Ularning ayrimlari avtomobil harakatini, boshqalari esa ichki koʻchalar va aholi gavjum joylarni nazorat qiladi. Favqulodda holatlarda tezkor murojaat qilish uchun SOS tugmalari ham joriy etilgan.

— Biz kameralar orqali odamlarni kuzatishni emas, jinoyatning oldini olishni maqsad qilganmiz, — deydi Beruniy mahallasi profilaktika inspektori, mayor Lochinbek Umrzoqov. — Nazorat bor joyda hushyorlik boʻladi. Fuqarolar ham bundan oʻzini xavfsiz his qilyapti.
Rostdan ham, bozor atrofidagi mayda bezoriliklar, ichki koʻchalardagi qoidabuzarliklar avval tabiiy holdek qabul qilingan boʻlsa, bugun kameralar tufayli oʻz vaqtida bartaraf etilmoqda.
Mahallada beshta koʻcha, 530 ta xonadon bor. Har bir oila bilan alohida ishlash, har bir xonadon dardini bilish — profilaktikaning eng muhim vazifasi. Bu jarayonda inspektor bilan aholi oʻrtasidagi ishonch hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
— Kameralar koʻpayib ketyapti, deb norozi boʻlayotganlarni koʻraman, — deydi mahalla faxriysi Orifjon Dolimov. — Lekin shu kameralar boʻlmasa, qonunbuzarlikka qoʻl urmasmidik? Ilk paytlarda bizda ham eʼtirozlar boʻlgan. Bugun esa koʻnglimiz toʻq. Ilgari “tiq” etgan ovozdan sergak tortardik, hozir esa xotirjammiz.
Haqiqat shuki, Beruniy mahallasida jinoyatchilik qayd etilmayapti. Bu esa raqamlashtirish, zamonaviy nazorat vositalari va eng muhimi — aholining hushyorligi samarasidir.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring