“Mahallabay” tizimi samarasi
Shahrixon tumanidagi “Qoʻrgʻoncha”, “Turkiston”, “Qashqar”, “Dorilomon” va “Oq oltin” mahallalarida kuzning salqin havosida ham odamlar yuzidan mamnuniyat balqib turibdi. Sababi tabiiy gaz bilan bogʻliq masalalarni hal qilish uchun endilikda idorama-idora sarson boʻlishning hojati yoʻq. Har bir mahallada oʻzining masʼul “gazchi”si bor. Ular aholining yaqin koʻmakchisiga aylanib ulgurgani ham eʼtiborga molik.
Shunday xodimlardan biri — Ibrohimjon Quvvatov har tongda “Hudud mobile” dasturi orqali topshiriqlar bilan tanishadi. Bugun, masalan, bir xonadonda hisoblagich sim kartasini yangilasa, boshqa bir yerda quvvatlagichni almashtirishi kerak. Har bir xonadonda u nafaqat uskunalar holatini koʻzdan kechiradi, balki oddiy odamlar bilan suhbat qurib, ularning fikr-mulohazasini eshitadi.
— Bir kuni Murodjon Qoʻrchiyev xonadonida dasturda koʻrsatilgan nosozlikni bartaraf etish uchun boʻldim, — deydi Ibrohimjon. — Hisoblagich maʼlumot uzatmayotgan edi. Qisqa vaqt ichida uskunani tuzatib, dasturga qayta uladim. Endi maʼlumotlar onlayn ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri uzatilyapti. Bu tizim faoliyatimizga aniqlik kiritdi, vaqt tejayapti, eng muhimi, odamlarning ishonchi ortib bormoqda.
“Gazchi”lar faqat texnik muammolarni hal etish bilan cheklanmayapti. Fuqarolar bilan muloqot davomida tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish, energiya tejamkor uskunalarni tanlash va is gazi bilan bogʻliq xatarlarning oldini olish haqida maslahatlar beradi. Shu orqali xavfsizlik posboniga ham aylanmoqda.
“Mahallabay” tizimi tufayli isteʼmolchi bilan xizmat koʻrsatuvchi orasidagi “devor” olib tashlandi. Endi fuqaro muammosini yozma ariza orqali yoki qator idoralar qatnab emas, balki mahallasining oʻzida hal qiladi. Bu esa gaz taʼminoti tizimiga nisbatan odamlarning ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Saminjon HUSANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring