“Los Angeles 2028” yozgi Paralimpiya oʻyinlarining musobaqalar dasturi eʼlon qilindi

10:29 04 Iyun 2025 Sport
119 0

“Los Angeles 2028” yozgi Paralimpiya oʻyinlarining musobaqalar dasturi eʼlon qilindi. Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasi boshqaruv kengashi tomonidan taqdim etilgan dasturga koʻra, ushbu musobaqalarda tarixdagi eng koʻp medallar jamgʻarmasi oʻynaladi.

Paralimpiya oʻyinlarida 23 ta sport turi boʻyicha jami 560 ta dasturda medallar uchun kurash olib boriladi. Bu koʻrsatkich “Parij-2024” musobaqasidan 11 ta koʻpdir. Ayniqsa, ayollar ishtirokidagi dasturlar sonining oshirilgani va para qoyani zabt etish sporti ilk bor kiritilgani alohida ahamiyat kasb etadi.

Yangi tasdiqlangan sport turlari roʻyxatiga koʻra, erkaklar oʻrtasida 267 ta, ayollar oʻrtasida 247 ta, aralash jamoaviy yoʻnalishda esa 46 ta yoʻnalish boʻyicha medallar oʻynaladi. Para yengil atletika (164 ta), para suzish (142 ta), para velosport (51 ta) kabi yirik turlarda eng koʻp dasturlar belgilangan. Shuningdek, koʻzi ojizlar futboli, para tayekvondo, aravachadagi qilichbozlik va para oʻq otish kabi sport yoʻnalishlari ham keng qamrovda qamrab olingan.

Musobaqalarga ajratilgan yoʻllanmalar soni ham oldingi Paralimpiya oʻyinlariga nisbatan oshgan. Umumiy hisobda Los-Anjelesdagi bahslarda 4 480 ta kvota ajratiladi. Bu koʻrsatkich Parijdagi oʻyinlarga nisbatan 80 taga koʻp. Sportchilar uchun eng koʻp yoʻllanmalar para yengil atletika (1 089 ta), para suzish (605 ta), para velosport (220 ta) va aravachadagi basketbol (192 ta) sport turlarida belgilangan.

Para qoyani zabt etish sporti ilk bor Paralimpiya dasturiga kiritildi va unda 8 ta musobaqa oʻtkazilishi, 80 ta kvota ajratilishi rejalashtirilgan. Bu yangilik sport olamida keng eʼtirofga sabab boʻldi. Shuningdek, gender tengligini taʼminlash maqsadida koʻplab sport turlarida erkaklar va ayollar uchun teng miqdorda dasturlar va kvotalar ajratilgan.

Paralimpiya oʻyinlari doirasida ayrim sport turlarida aralash jamoaviy yoʻnalishlar ham koʻzda tutilgan. Masalan, para kamondan otish, para akademik eshkak eshish, para stol tennisi, aravachadagi qilichbozlik va boshqalarda aralash dasturlar mavjud. Bu holat para sportda inklyuzivlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Yoʻllanmalar sport turlariga qarab farqlanadi. Masalan, para tayekvondoda 120 ta, para triatlonda 120 ta, para pauyerliftingda esa 180 ta kvota ajratilgan. Shu bilan birga, gender tengligiga alohida eʼtibor berilib, ayrim sport turlarida yoʻllanmalar aynan teng taqsimlangan. Masalan, para tayekvondo va aravachadagi regbida barcha kvotalar gender muvozanati asosida belgilanadi.

“Los Angeles 2028” Paralimpiya oʻyinlarida nafaqat sportchilar soni va musobaqa koʻlamining kengaygani, balki imkoniyati cheklangan sportchilar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar ham eʼtiborga molik. Xususan, ayollar sportini rivojlantirishga, yangi sport turlarini kiritishga va global inklyuzivlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar tarixiy qadam sifatida baholanmoqda.

Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan mazkur yangilangan dastur butun dunyo boʻylab para sport jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi. Bu orqali Los-Anjeles oʻyinlari para sport tarixida muhim bosqichlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Taʼkidlash joizki, bunday keng qamrovli va adolatli musobaqalar dasturi Paralimpiyachilarga oʻz imkoniyatlarini toʻliq namoyon etish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер