“Liverpul”ning hech bir futbolchisi endi 20-raqamda oʻynay olmaydi

10:25 04 Iyul 2025 Sport
148 0

Angliyaning “Liverpul” klubi futbolchisi Diogo Jotaning fojiali oʻlimidan soʻng, uning 20-raqamdagi futbolkasi “abadiylashtirilishi” maʼlum qilindi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.

Avvalroq, Portugaliyalik hujumchi Diogo Jota va uning ukasi, Portugaliyaning “Penafiyel” klubi futbolchisi boʻlgan 26 yoshli Andre Jota Ispaniyaning Zamora viloyatida roʻy bergan yoʻl-transport hodisasida halok boʻlgan edi.

Maʼlumotlarga koʻra, Diogo Jota boshqargan “Lamborghini Urus” avtomobili Zamora viloyatidagi Sanabriya tumanida boshqa avtomobilni quvib oʻtayotganda shinalardan biri yorilib ketgan. Natijada mashina yoʻldan chiqib ketib, yongʻinga uchragan. Avtomobilda Jotaning ukasi Andre ham boʻlgan va u ham voqea joyida halok boʻlgan.

“Liverpul” klubi rasmiy bayonotida Jotaning 20-raqamdagi futbolkasi uning klubdagi xizmatlari uchun “haqli ravishda abadiylashtirilishi” qayd etilgan. Klub Jotaning aynan 2024/25-yilgi mavsumdagi gʻalabasiga qoʻshgan hissasini, xususan, uning Merseysayd derbisidagi gʻalaba goli bilan yodga oldi.

Ayni vaqtda “Liverpul” muxlislari Jotaning 20-raqamdagi futbolkasini butunlay muomaladan chiqarishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, bu qahramon futbolchiga hurmat va minnatdorchilik ramzi boʻlishi kerak. “Futbol hozir eng muhimi emas, lekin umid qilamanki, klub 20-raqamni abadiy nafaqaga chiqaradi”, — deya yozadi muxlislardan biri ijtimoiy tarmoqlarda.

“Liverpul” klubi bosh murabbiyi Arne Slot ham Jotaning oʻlimi yuzasidan bayonot berib, butun jamoa va muxlislar uning oilasiga hamdard ekanligini bildirib oʻtdi. “Diogo nafaqat ajoyib futbolchi, balki mehribon inson va sodiq doʻst edi”, — dedi u.

Klub sobiq murabbiyi Yurgen Klopp esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida chuqur qaygʻusini izhor etib, “Bunday paytda gap topish qiyin. Bu fojiani tushunish ham, qabul qilish ham qiyin”, — deya yozib qoldirdi.

Diogo Jota yaqinda, 22-iyun kuni uzoq yillik sevgilisi Rute Kardosoga uylangandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер