“Liverpul” derbida gʻalaba qozondi, markaziy oʻyinda Amorim jamoasining qoʻli baland keldi, “Tottenhem” esa safarda durang oʻynadi

10:04 21 Sentyabr 2025 Sport
327 0

Kecha, 20-sentyabr kuni Angliya Premyer-ligasining 5-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasida bir qator qiziqarli oʻyinlar boʻlib oʻtdi. Quyida ushbu oʻyinlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtamiz.

“Liverpul” derbisi

“Liverpul” klubi qariyb tashkil etilganidan beri APL grandlari qatorida boradi. Liverpul shahridan yana bir jamoa — “Everton” haqida bunday deyish qiyin. Lekin ushbu jamoa faqat “Liverpul derbisi”da oʻzidan yuqoriroq darajada oʻynab, futbol jamoatchiligini oʻrgatgan.

“Everton” muxlislarining derbidagi raqibiga atab yozgan “Yevropada tengsizsiz, lekin biz bor ekanmiz — APL chempionligi sizga orzu” degan iborasi juda mashhur.

Kecha mana shunday derbilarning joriy mavsumdagi birinchisi boʻlib oʻtdi. “Enfild” stadionida kechgan bahs maydon egalarining gʻalabasi bilan yakunlandi.

“Liverpul” bosh murabbiyi Arne Slot Chempionlar ligasi oʻyiniga solishtirganda asosiy tarkibda 4 ta oʻzgarish amalga oshirdi. “Atletiko Madrid”ga qarshi oʻyinda ishonchni oqlamagan Florian Virs va Aleksandr Isaak, shuningdek qanot himoyachilari Jeremi Frimpong va Andre Robertson zaxirada qoldirildi.

Ularning oʻrniga Aleksis Mak Allister, Xugo Ekitike, Milosh Kerkez va Konor Bredli oʻyinni asosiy tarkibda boshladi.

Uchrashuvda hisob 10-daqiqada Rayan Gravenberx tomonidan ochildi. 29-daqiqada Xugo Ekitike oradagi farqni 2 taga oshirdi.

Ikkinchi boʻlimning 58-daqiqasida Idrissa Guye hisobni qisqartirdi. Shu tariqa oʻyin 2:1 hisobida Arne Slot boshchiligidagi jamoaning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Oʻyin gʻolib jamoaning toʻla ustunligi ostida oʻtgan boʻlsa-da, “Everton” statistika jihatdan raqibidan sezilarli farq bilan ortda qolmadi. Zarbalar boʻyicha 11–10. Aniq zarbalar boʻyicha 3–2. xG boʻyicha 0.9–0.8.

“Sofascore” portali hisobotiga koʻra, “Liverpul” futbolchisi Rayan Gravenberx oʻyinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Uning harakatlari 8,7 ballga baholangan.

“Liverpul” — “Everton” 2:1

Liverpul: Alisson, Bredli, Konate, van Deyk, Kerkez, Mak Allister, Gravenberx, Saloh, Soboslai, Gakpo, Ekitike.

Everton: Pikford, OʻBrayan, Tarkovski, Kin, Mikolenko, Garner, Guye, Ndiaye, Dyusberi-Holl, Grilish, Betu.

Gollar: Rayan Gravenberx 10ʼ, Xugo Ekitike 28ʼ, Idrissa Guye 58ʼ.

“Tottenhem” APLda yana gʻalaba qozona olmadi

Kunning yana bir qiziqarli oʻyini Falmer shaharchasida boʻlib oʻtdi. Unda maydon egasi “Brayton” klubi “Tottenhem”ni qabul qildi.

Taʼkidlash kerakki, “Tottenhem” APL doirasida oʻtgan soʻnggi 2 ta oʻyinda magʻlub boʻldi. Londonlik muxlislar bu gal oʻz sevimlilaridan gʻalaba kutgan edi. Ammo, bu safar durang natija qayd etildi.

“Vilyarreal”ga qarshi oʻyinga solishtirganda “shporlar” tarkibida kecha 3 ta oʻzgarish amalga oshirildi. Himoyachi Djed Spens, yarim himoyachi Matar Sarr va qanot vingeri Xavi Simons zaxirada qoldirildi.

Ularning oʻrniga Destini Udogiye, Joao Palxinyo va Vilson Odobert oʻyinni asosiy tarkibda boshladi.

Uchrashuvda 8-daqiqada “Brayton” jamoasi tomonidan hisob ochildi. Yankuba Minte hisobni ochdi. 31-daqiqada Yasin Ayari hisobdagi farqni 2 taga yetkazdi.

Taym yakunida Risharlison hisobdagi farqni qisqartirdi. Oʻyin yakuniga 8 daqiqa qolganida “Brayton” himoyachisi Paul Van Heke oʻz darvozasiga avtogol kiritdi. Shu tariqa oʻyin 2:2 hisobida tugadi.

“Sofascore” portali oʻyindan soʻng “Brayton” aʼzosi Yankuba Minteni “oʻyin qahramoni” deb topdi. Uning harakatlari portal tomonidan 7,9 ballga baholandi.

“Brayton” — “Tottenhem” 2:2

Brayton: Verbryuggen — Veltman, van Heke, Dank, Kadyoglu (Viffer, 85) — Baleba (Gomes, 46), Ayari — Minte (Koppola, 76), Gruda (Milner, 63), Mitoma — Ryutter (Uelbek, 75).

Tottenhem: Vikario — Porro (Spens, 89), Romero, van de Ven, Udodji — Bentankur (Simons, 61), Palinya, Bergvall (Grey, 89) — Kudus, Risharlison, Odober (Jonson, 72).

Gollar: Minte 8ʼ, Ayari 31ʼ — Risharlison 43ʼ, van Hekke 82ʼ (avt).

Kunning markaziy oʻyini

Agar boshqa turda “Manchester Yunayted” va “Chelsi” jamoalari toʻqnash kelsa, bu oʻyin soʻzsiz “turning markaziy bahsi” maqomini olardi. Ammo bu turda “Arsenal” — “Manchester Siti” oʻyini bor ekanini inobatga olgan holda ushbu bahsni “kunning markaziy oʻyini” deb baholasak toʻgʻri boʻladi.

Ushbu bahs oʻz nomiga toʻliq loyiq oʻtdi deyish mumkin. Oʻyin oldidan jamoalarda jiddiy yoʻqotishlar mavjud edi. Mezbonlarda jarohati sabab Diogo Dalot, Lisandro Martines, Mateus Kunya va Meyson Maunt maydonga tusha olishmadi.

“Londonliklar”ga esa ushbu bahsda Liam Delap, Dario Essugo, Levi Koluil, Benua Badyashil va Romeo Laviyalar jarohati sabab yordam bera olmadi.

Oʻyin voqealari juda tez surʼatda rivojlandi. Uchrashuvning 5-daqiqasida “Chelsi” posboni Robert Sanches toʻpga chiqishga kech qoldi. Natija darvozabon “Manchester Yunayted” hujumchisi Brayan Mbeumoni qoʻpollik bilan toʻxtatib qoldi. Hakam ikkilanib oʻtirmay uni maydondan chetlatdi.

Hisobdagi ustunlikdan foydalanishga oshiqqan “qizil iblislar” koʻp oʻtmay oʻz maqsadiga yetishdi. 14-daqiqada Brunu Fernandesh oʻyinda hisobni ochdi.

Taym yakuni tom maʼnoda braziliyalik yarim himoyachi Kazemiro uchun ataldi deyish mumkin. “Real Madrid”ning sobiq aʼzosi dastlab 37-daqiqada jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi. Oradan 6 daqiqa oʻtib, qoʻpol oʻyini uchun maydondan chetlatildi. Birinchi boʻlim 2:0 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda oʻyinchilar sonidagi muvozanat tiklanganidan foydalangan londonliklar raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratishni boshladi. 80-daqiqada Ris Jeymsning uzatmasidan soʻng, Trevoh Chaloba hisobni 2:1 koʻrinishiga olib keldi. Uchrashuv aynan shu hisob bilan oʻz yakuniga yetdi.

Oʻyindan soʻng “Sofascore” portali “Chelsi” himoyachisi Trevoh Chalobani “oʻyin qahramoni” deb topdi. Angliyalik futbolchining harakatlari 7,8 ballga baholangan.

“Manchester Yunayted” — “Chelsi” 2:1

Manchester Yunayted: Bayindir; De Ligt, Maguayr, Shou; Mazraui, Fernandesh, Kazemiro, Dorgu; Amad, Mbeumo; Sheshko.

Chelsi: Sanches; Jeyms, Chaloba, Fofana, Kukurelʼya; Enso, Kaysedo; Estevao, Palmer, Netu; Joao Pedro.

Gollar: Fernandesh 14ʼ, Kazemiro 37ʼ — Chaloba 80ʼ.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер