“Koʻmakni daromadga yoʻnaltirdik”

18:03 10 Aprel 2025 Jamiyat
378 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Kambagʻallik ayb emas, ammo undan chiqib ketish qiyin. Qishloq sharoitida kambagʻal odam kasal boʻlsa, dori-darmon xarajatlaridan tashvishga tushadi. Farzandlari pul topish ilinjida taʼlim olish imkoniyatidan mahrum boʻladi. Bu oʻsha oilani yanada kambagʻallik domiga tortadi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi Farmoni aholining kambagʻal qatlamini kambagʻallikdan olib chiqishda muhim oʻrin tutmoqda. Farmon ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyatida kambagʻallikni qisqartirish maqsadida 77 ta eng muhtoj mahalla tanlab olindi. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida odamlarning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlarga 256 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi. “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida tanlab olingan mahallalarning “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, har bir xonadon, koʻcha va infratuzilma obyekti xatlovdan oʻtkazildi. “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati masʼullariga Angor tumanidagi Kattaqum, Qoʻshtegirmon, Talashqon va Navroʻz mahallalari, Bandixon tumanidagi Zevar, Limonzor, Polvontosh va Obod yurt mahallalari biriktirildi.

Kattaqum mahallasida mavjud 1 ming 400 oilaning 158 tasi ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan. Qoʻshtegirmon mahallasidagi 985 oilaning 63 tasi, Tallashqondagi 861 oilaning 41 tasi, Navroʻz mahallasidagi 1 ming 396 oilaning 75 tasi ijtimoiy himoya yagona reyestrida turibdi. Masʼullar mazkur oilalarning har biri bilan suhbatlashib, oilalarning ijtimoiy holati, tomorqadan foydalanish darajasi, iqtisodiy ahvoli va yashash sharoitini chuqur tahlil qilmoqda. Ikkita oila farzandi maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirildi. Toʻrt oila aʼzosi mavsumiy ishlarga jalb etilib, ikki nafar ogʻir toifadagi bemor bepul davolanishi uchun yoʻllanma bilan taʼminlandi.

Jarqoʻrgʻon tumanining Yangi turmush, Uzumzor, Neftchilar va Xalqobod mahallalari Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi masʼullariga biriktirilgandi. Oʻrganishlar chogʻida 44 ta oila kambagʻallik reyestriga kiritilib, ogʻir toifadagi oilalarga ijtimoiy koʻmak koʻrsatilmoqda.

— Ehtiyojmand oilalarga gʻamxoʻrlik qilinib, ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak berilmoqda, — deydi Jarqoʻrgʻon tumani iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi A.Safarqulov. — Natijada oilalarning kattagina qismi kambagʻallik reyestridan chiqarilishiga erishilmoqda. Biroq shunday oilalar ham borki, ularga bir-ikki koʻmak berilgani bilan xonadonni kambagʻallikdan xalos qilishning imkoni yoʻq. Shu bois bunday oilalarni toʻlaqonli, kompleks qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Uzumzor, Neftchilar va Xalqobod mahallalariga biriktirilgan masʼullar tomonidan ogʻir ahvoldagi 20 ta oilaning har biriga bir boshdan sogʻin sigir berildi.

— Ikkinchi guruh nogironiman, — deydi Jarqoʻrgʻonlik Qurbonnazar Allayev. — Ishsizligim tufayli murakkab ahvolga tushib qolgandim. Davlat tomonidan uyimizni taʼmirlab berishdi. Motoroller olganimdan keyin ishlay boshladim. Hovlimizda parrandachilik bilan shugʻullanishiga ham sharoit yaratildi. Hatto singlim Sanobarga subsidiya asosida tikuv mashinasi topshirildi. Koʻmakni daromadga yoʻnaltirdik. Endi biz kambagʻal emasmiz.

— Dastur doirasida oʻtgan yilda viloyatda 37,8 ming nafar aholi kambagʻallikdan chiqarilishiga erishildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Farhod Qulmamatov. — Bugungi kunda viloyat boʻyicha 12 076 ta oilada soʻrovnomalar oʻtkazilib, skoring natijalariga koʻra, 9 226 ta oila “Kambagʻallik reyestri”ga kiritildi. Mazkur reyestrga kiritilgan oilalarga 4 653 ta individual dasturlar tuzilib, 26 573 ta xizmatlar biriktirildi.

Hududlarda aholi turmush shart-sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan bunday ishlar nochor oilalarni kambagʻallikdan chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Faqat oʻsha oilalar berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalansa, oʻz daromad manbaiga ega boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер