Koʻhna goʻshada yangi hayot nafasi
Qorakoʻl — koʻp asrlik tarixga ega, tabiat va resurslar boʻyicha betakror oʻlka. Avvalo, Qorakoʻl deganda, beixtiyor koʻz oʻngimizda koʻhna Poykent gavdalanadi. Ushbu goʻsha ilmu fan, madaniyat, maʼrifat, tujjorlar maskani sifatida tilga tushgan. X asrning mashhur muarrixi Muhammad Narshaxiy “Baykandni jezdan qurilgan shahar, der edilar. U Buxoro shahridan qadimiyroqdir”, deya qayd etgan. Xitoy, arab moziyshunoslari esa unga “Savdogarlar shahri” deya taʼrif bergan.
Bagʻrida ne-ne siru sinoatlar yashirin Poykentdek javohiri boʻlgan Qorakoʻl ayni damda yangilanishlar ogʻushida.
— Abdulkarim as-Samʼoniyning “Nasabnoma” asarida aytilishicha, Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan bu goʻshada uch mingta rabot boʻlgan, — deydi sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Qoryogʻdi Jumayev. — Birgina VIII — XIII asrlar oraligʻida Poykentdan 900 nafardan ziyod olimlar yetishib chiqqan. Ulardan biri — Abu Abdulloh Fazl ibn Abul Fazl al-Paykandiydir. Bu ulugʻ alloma Damashq madrasalarida mudarrislik qilgan. Minglab hadisni yod bilgan.
Ana shunday zakiy fozilu ulamolardan avlodlarga boy meros qolgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti va Rossiya davlat Ermitajining Buxoro ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar natijasida shahar xarobalaridan yuzlab noyob ashyolar topildi.

Ularning 2200 tadan koʻprogʻi Poykent muzeyida saqlanmoqda. Biz bu oʻrinda Markaziy Osiyoda metallga ishlov beruvchi eng qadimiy ustaxona (xumdon) topilganini, muzeydagi eksponatlar orasida esa jarrohlik asboblari ham borligini aytish bilan cheklanmoqchimiz. Hali tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino (980 — 1037-yillar) dunyoga kelmagan paytlardayoq Poykentda bemorlarni jarrohlik yoʻli bilan davolashganiga nima deysiz?
“Oqqan daryo oqmay qolmas”, deyishadi. Shu zamin farzandlari boʻlgan yoshlar bugun dunyoning nomdor universitetlarida tahsil olishmoqda, yurtimizning nufuzli idoralari, korxonalarida mehnat qilishayotir. Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Toʻxtamurod Jumayev shogirdlari bilan boy tajribasini baham koʻrarkan, “Zimmamizda ulugʻ ajdodlarga munosib voris boʻlmoq masʼuliyati bor” deganida, xuddi shunday kunlarni nazarda tutgani ayni haqiqat. Oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalaridan sovrinsiz qaytmagan, davlatimiz rahbari tomonidan “Bugungi kunimizning haqiqiy maʼrifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi!” deya taʼriflangan ustoz bugun oramizda boʻlmasa-da, lekin u asos solgan bilim dargohi “xalqaro matematika maktabi” maqomini olgani, tumanda Hindistonning Acharya xalqaro universiteti faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ajdodlarga munosib izdoshlar yetishib chiqayotganidan dalolat.
Qorakoʻl akademik litseyi misolida oladigan boʻlsak, bilimga chanqoq oʻgʻil-qizlarning koʻngliga yoʻl topish, ularga qiziqish va ishtiyoqlarini inobatga olgan holda yondashish yutuqlar garovi boʻlmoqda. Talabchan ustozlaridan mehr koʻrgan yoshlar oʻqish, izlanishni kanda qilishmayapti. Xususan, oʻtgan oʻquv yilida bu bilim dargohi bitiruvchilarining barchasi talabalik baxtiga muyassar boʻldi. 191 nafari, yaʼni 95 foizi davlat granti asosida oʻqishga kirdi.
— Bizda “Ustoz — shogird” anʼanasi mustahkam qaror topgan, — deydi litsey direktori Gʻolib Jumaqulov. — Pedagoglar ham, oʻquvchilarimiz va ularning ota-onalari ham davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanish kerakligini chuqur his etadi. Yoshlarning bilimini charxlab borish evaziga aytsa arzigulik natijalarga erishyapmiz. Masalan, oʻtgan oʻquv yilida bitiruvchilarimizning 95 foizi milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qoʻlga kiritib, ishonchimizni oqladi. Ular mamlakatimiz va jahonning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsilni davom ettirmoqda.

Shubhasiz, iqtisodiyot tarmoqlari uchun ana shunday salohiyatli, raqobatbardosh kadrlar kerak. “Qorakoʻl” iqtisodiy zonasida hozir zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan oʻnlab mahalliy yoshlar mehnat qilmoqda. 500 gektar maydondan iborat bu hududning yaqin-yaqingacha dashtu biyobon boʻlganiga aql bovar qilmaydi. Kichik shaharcha, shinam ofislar, ravon yoʻllar, chumolidek tizilgan qudratli avtoulovlar bu yerdagi bunyodkorlik ishlari koʻlami kengligidan darak beradi.
Bu yerda Qorakoʻl uchun brendga aylanadigan sanoat korxonalari barpo etilmoqda. Ulardan biri — gaz-kimyo kompleksini qurish va shu yoʻnalishda texnologik klaster tuzish loyihasidir. Qiymati 5 mlrd. AQSH dollariga teng bu megaloyiha mintaqa uchun juda noyob sanaladi. Gap shundaki, qurilishi 2028-yilda yakun topishi kutilayotgan korxonada yiliga 2,1 mlrd. metr kub gaz qayta ishlanib, undan oʻndan ziyod turdagi mahsulotlar tayyorlanadi.
— Qorakoʻl Qorakoʻl boʻlib ilgari bunaqangi yirik sanoat korxonalarini koʻrgan emas, — deydi “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Behbud Jumayev. — Birgina Qorakoʻl mahallasida metanoldan olefin olish texnologiyasining ishga tushirilishi evaziga ikki mingtaga yaqin ish oʻrinlari yaratildi. Bu zamonaviy bilimlarni egallagan yoshlarimiz uchun imkoniyat, oʻnlab oilalarning farovon yashashi, orzulari roʻyobi sari qoʻyilgan qadam sanaladi. Uzoq yillar mahalla tizimida ishlaganim uchun yaxshi bilaman: sanoat kirib borgan joyda muammolar yechimi oson topiladi.
Behbud akaning mahalladan soʻz ochishi bejiz emas. Ular har birining oʻziga yarasha quvonchu tashvishi bor. Mana, Polvonlar mahallasini olaylik. Uni tuman markazidan 20 kilometrlik masofa ajratib turadi. Oʻn yilcha muqaddam bu manzilga borgani yurak betlamasdi.

— “Obod mahalla” dasturi sharofati bilan u kunlar oʻtmishga aylandi, — deydi mahalla raisi Malika Rajabova. — Yoʻllar asfalt qilindi, yon-atrof obodonlashtirildi. Turli xizmat koʻrsatish shoxobchalari, shinam turarjoylar qad rostladi. Tikuvchilik korxonasi ish boshlab, oʻnlab ayollarimizning bandligi taʼminlandi. Davlatimiz tomonidan 15 mlrd. soʻm mablagʻ sarflanib, kurash markazi barpo etildi. Mahallamiz tarixida ilk bor markazlashtirilgan ichimlik suvi taʼminoti yoʻlga qoʻyildi.
Suhbatdoshimizning ichimlik suvi masalasiga alohida urgʻu bergani bejiz emas. Negaki, Qorakoʻl hamda qoʻshni Olotda bu azaldan dolzarb masala boʻlib kelgan. Hukumatimizning xalqaro tashkilotlar hamkorligida bu boradagi ahvolni yaxshilashga qaratilgan loyihasi ayni muddao boʻldi. Zero, ahvol chindan ham tashvishlanarli, aholining atigi 7 foizi markazlashtirilgan suv bilan taʼminlangandi. Qisqa muddatda mazkur koʻrsatkich 90 foizga yetkazildi. Ammo bu hali chegara emas. Ayni damda oltita mahalladagi salkam 2500 isteʼmolchiga hisoblagichlar oʻrnatilib, test yoʻsinida ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Mazkur loyiha toʻliq amalga oshirilgach, aholining markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 99,7 foizga yetadi.
Endi tashima suvni qoʻlbola quduqlarda saqlab, 20 — 30 kun davomida isteʼmol qilish oʻtmishda qoldi.
— Hayotimizdan mamnunmiz, — deydi Bandboshi qishlogʻida umrguzaronlik qilayotgan A. Jumayev. — Yoʻllarimiz ravon, turmushimiz farovon. Maktab, bogʻchalardagi shart-sharoitlarni koʻrib, oʻzimizning ham havasimiz keladi. Qurilish, bunyodkorlik ishlari nafaqat tumanimiz markazi, balki chekka qishloqlarni ham qamrab olgan.

Aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida Qorakoʻlda infratuzilma obyektlari ham kengaytirilmoqda. Birgina 2025-yilda 480 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash va sport obyektlari qurilib, foydalanishga topshirilgani, shuningdek, 96 kilometr yoʻl obod etilgani, 270 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmogʻi tortilgani, 142 ta xonadonga moʻljallangan 6 ta koʻp qavatli uy barpo etilgani, “Yangi Oʻzbekiston” massivi fayziga-fayz qoʻshilayotgani, 26 ta mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylangani, kambagʻallik darajasi 12 dan 2,1 foizga tushirilgani bu fikrni tasdiqlaydi.
Keyingi yillarda olib borilayotgan islohotlar natijasini oʻz hayotlari misolida koʻrib, his etib turgan qorakoʻlliklar hali oldinda oʻz yechimini kutayotgan muammolar ham borligini bilishadi, albatta. Ishsizlikka barham berish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish shular qatoriga kiradi. Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllangan, yurtimizning har bir fuqarosi hayotiga daxldor masalalar qamrab olingan Murojaatnoma bu borada, hech shubhasiz, dasturilamal vazifasini oʻtaydi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring