Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi

21:01 01 Iyul 2025 Siyosat
514 0

Bugun, 1-iyul kuni Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova oʻz nutqida “Prezident Sh.M.Mirziyoyevning uzoqni koʻzlab olib borayotgan siyosati, amalga oshirayotgan islohotlari tufayli bugungi kunda Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yoʻlidan jadal qadam tashlab, koʻplab sohalarda salmoqli yutuq va marralarni zabt etmoqda”, – deb taʼkidladi.

Kun davomida forum ishtirokchilari qator dolzarb masalalarni muhokama qildi. Jumladan, strategik sheriklikni mustahkamlashda parlamentlar oʻrni, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, innovatsion rivojlanish, barqaror qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, gender tengligi hamda gumanitar va ekologik sohalardagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlarning natijalari, toʻplangan tajriba, mavjud muammolar va ularning samarali yechimlari boʻyicha takliflar muhokama etildi. Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, farovonlik va umumiy rivojlanishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.

Iqtisodiy hamkorlik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishlariga moslashish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Forumda investitsiya muhitini yaxshilash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma tavsiyalar ishlab chiqish, xorijda Oʻzbekiston va Ozarbayjon savdo uylarini tashkil etish, muntazam biznes missiyalarini oʻtkazib borish, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va raqamli turizm platformasini yaratish, Turkiy dunyo mamlakatlari uchun umumiy taʼlim bazasi va elektron resurslarni shakllantirish, tibbiy sugʻurta va bemorlarni transchegaraviy davolash boʻyicha qoʻshma yondashuvlarni ishlab chiqish kabi qator aniq tashabbuslar ilgari surildi va qoʻllab-quvvatlandi.

Forum yakunida quyidagi uchta muhim hujjat qabul qilindi:

Parlamentlararo hamkorlikning asosiy tamoyil va ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiruvchi Xiva deklaratsiyasi;

2025–2026-yillarga moʻljallangan Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“yoʻl xaritasi”);

taʼsis etilishi qoʻshma qarorlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirishda muhim mexanizm hisoblangan Parlamentlararo komissiya reglamenti.

Ishtirokchilarning fikricha, forum Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlari manfaatlarida ikki doʻstona davlat oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер