Xitoyda yangi turdagi koronavirusga qarshi kurash izchil davom etmoqda
Xitoy Xalq Respublikasi hukumati yangi turdagi koronavirus tarqalishiga chek qoʻyish va kasallik oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirmoqda.
XXR Sogʻliqni saqlash ishlari boʻyicha davlat qoʻmitasining qayd etishicha, joriy yil 26-fevral holatiga koʻra, mamlakatda kasallikni yuqtirganlar soni 78 ming 64 kishi, ushbu xastalik sabab hayotdan koʻz yumganlar 2 ming 700 ortiq kishi, xastalikdan sogʻayganlar esa 29 ming 810 kishini tashkil etgan.
Xitoyda eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, dunyoda yangi turdagi COVID-19 kasalligini yuqtirganlar soni 80 mingdan oshgan. Uning oqibatida vafot etganlar qariyb 2 ming 800 kishi, oʻz navbatida, sogʻayganlar esa 30 mingdan ziyod kishini tashkil qilmoqda.
Bugungi kunda Xitoy kasallikka qarshi kurash maqsadida faol xalqaro hamkorlik olib bormoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va xitoylik 25 mutaxassisdan iborat guruh Xitoyning bir necha mintaqalarida toʻqqiz kunlik tadqiqot ishlarini olib borgani fikrimizga misol.
Guruh rahbari, JSST Bosh kotibi maslahatchisi Bryus Eylvord Jenevada koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda Xitoy hukumati tomonidan koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot berdi. XXR rahbariyati tomonidan qabul qilingan strategik qarorlar ahamiyati haqida toʻxtaldi. Bryus Eylvordning qayd etishicha, “Xitoyda koronavirus epidemiyasining yuqori darajada tarqalishi biroz susaygan”.
Xitoy COVID-19 kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida milliy resurslarini keng jalb etishda davom etmoqda. Buning natijasida 13-fevraldan boshlab odamlar orasida kasallikka chalinish kamaygani kuzatilmoqda.
Epidemiya boshlanganidan soʻng kasallikka qarshi kurashda Xitoy xalqi birdamlikni namoyish qildi. Kasallik yuqish xavfi boʻlishiga qaramasdan, minglab tibbiyot mutaxassislari epidemiya oʻchogʻi – Uxan shahriga yoʻl oldi. Koʻmakka muhtojlarga butun mamlakat yordam qoʻlini choʻzmoqda.
Kasallik tarqalishi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. “Lekin hozirgi holat vaqtinchalik”, deya baholamoqda Xitoy rasmiylari.
XXR Raisi Si Szinpin yangi turdagi koronavirus keltirib chiqargan epidemiyaga qarshi kurash Xitoy hukumatining birinchi darajali vazifasi boʻlib qolayotganini alohida taʼkidladi.
“Sinxua” axborot agentligi tarqatgan xabarda Xitoy rahbarining ushbu masala yuzasidan quyidagi fikrlari keltirilgan: “Biz Xitoy va dunyo davlatlari fuqarolari hayoti, salomatligiga yuqori darajada masʼuliyat bilan yondashyapmiz. Virus tarqalishining oldini olish va nazorat qilish maqsadida majmuaviy, izchil va qatʼiy choralar koʻrilmoqda”.
Shu kunlarda Xitoyning qator zavod va korxonalarida ishlab chiqarish qayta yoʻlga qoʻyilmoqda. XXR rasmiylari esa joriy yil ikkinchi yarmida Xitoy iqtisodiyoti oldingi holatiga qaytishiga ishonch bildirmoqda.
Shu kunga qadar 160 dan ziyod davlatning yetakchilari, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlari yangi turdagi koronavirus sababli kelib chiqqan epidemiyaning fojiali oqibatlari sababidan XXR Raisi Si Szinpin va Xitoy xalqiga hamdardlik bildirdi. Umumiy xatarga qarshi samarali kurashish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi. Koʻplab mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekiston ham Xitoyga insonparvarlik yordamini joʻnatdi.
Xitoyda mazkur epidemiyaga qarshi kurashish borasida salmoqli natijalarga erishilayotgan boʻlsa-da, quvonishga erta. Chunki COVID-19 kasalligi hamon dunyo boʻylab tarqalishda davom etmoqda. Afsus bilan aytish kerakki, ushbu kasallik kirib borgan mamlakatlar soni 40 dan oshib ketdi.
Shu boisdan ham JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus jahonning turli mintaqalarida xavfli kasallik tarqalib borayotganini inobatga olib, “Dunyo hamjamiyati koronavirus pandemiyasiga tayyor turish uchun barcha ishlarni amalga oshirmogʻi lozim”, deya bayonot berdi.
“Pandemiya” atamasi yangi kasallikning global miqyosda tarqalishini anglatadi.
Shuhrat Umirov,
“Dunyo AA muxbiri,
Pekin
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring