“Xalqaro biznes forum — Jizzax — 2025”: qiymati 700 mln. dollarlik investitsiya va savdo shartnomalari imzolandi

20:35 24 Aprel 2025 Jamiyat
248 0

Joriy yilning 23-24-aprel kunlari Jizzax viloyati Zomin tumanida  “Xalqaro biznes forum — Jizzax — 2025” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Forum O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Jizzax viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,  Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va bir qator xalqaro tashkilotlar  ko‘magida tashkil etildi. Unda 32 ta davlatdan 300 dan ziyod yetakchi kompaniyalar va ishbilarmon doiralar vakillari,  yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus rahbarlari hamda O‘zbekistonning  xorijiy mamlakatlardagi elchilari ishtirok etdi.

Dastlab ishtirokchilar “Suffa” maskanida o‘tkazilayotgan “Made in Jizzakh” sanoat ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Biznes-forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Haydarov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va  Jizzax viloyati hokimi  Ulug‘bek Mustafoyev ma’ruza qildilar.

Yig‘ilganlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida  O‘zbekiston, shu  jumladan, Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan keng  ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning samarali natijalari haqida batafsil so‘zlab berildi.

Jizzax viloyati tumanlari imkoniyatidan kelib chiqqan holda mashinasozlik, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm va boshqa sohalarga doir istiqbolli loyiha takliflari ishtirokchilar e’tiboriga taqdim etildi.

Xorijiy kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, dunyoda kuzatilayotgan global iqtisodiy mavhumlik paytida davlatimiz rahbarining barqaror va izchil siyosatini yuksak baholadilar.

Xususan, Xitoyning “Minyuan Silu Tianjin Industry” kompaniyasi prezidenti Li Syan Chin O‘zbekistondagi  faoliyati bilan o‘rtoqlashdi  va  yurtimizda  xorijiy  investorlarga yaratilgan imkoniyatlarni e’tirof etgan holda,  mamlakatimizda amalga oshirayotgan loyihalarini kengaytirish rejalarini bildirdi.

Xalqaro forum dasturiga binoan ixtisoslashgan ko‘rgazmalar, “V2V” va “G2V” uchrashuvlar hamda investitsiya loyihalarining taqdimotlari ham tashkil etildi.

Muzokaralar natijasida Jizzax viloyati hokimligi  va Kuvaytning  “KFH Capital Investment Company”, Rossiyaning “Ximgrad”,  Pokistonning “Broadpeak”, Tailandning “Siam Rubber Company”,  Latviyaning “Sonora”, Isroilning “UID Cohen”,  Yaponiyaning “Balcom Group” va  Xitoyning  “CNBM Beijing Triumph International Engineering Co” kompaniyalari o‘rtasida  kimyo, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport-logistika va boshqa bir qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni jadallashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, forumda ishtirok etgan xorijiy diplomatik korpus rahbarlari bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama muloqotda, elchilar ushbu tadbirning yuqori ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlash barobarida Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyati to‘g‘risida o‘z mamlakatlaridagi ishbilarmon doira vakillari va kompaniyalarni xabardor qilishlarini ta’kidladilar.

 “Xalqaro biznes forum – Jizzax–2025” natijasida qiymati 700 million AQSH dollariga teng investitsiya va savdo shartnomalari imzolandi. Shuningdek, Jizzax viloyati va hududdagi tumanlar hokimliklari xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolandi. Xususan, Kuvaytning “Gulf Care General Trading Co.Ltd” kompaniyasi bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, “BMB Holding” va Avstriyaning “Agrotek Handels” kompaniyasi o‘rtasida Jizzax viloyatida qo‘shma korxona tashkil etish, Sharof Rashidov tumani hokimligi va Xitoyning “Tianshui Lake” kompaniyasi o‘rtasida turizmni rivojlantirish  to‘g‘risida anglashuv memorandumlari imzolandi.

 Biznes-forum maydonida O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari rahbarlari o‘zlari mas’ul bo‘lgan davlatlardan kelgan biznes vakillari bilan birgalikda Jizzax viloyat va tuman hokimlari bilan alohida muzokara  o‘tkazdilar. Unda hududdagi istiqbolli yettita loyihaga aniq investorlarni jalb etish, viloyatda yetishtirilgan va  ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti hajmi va geografiyasini kengaytirish, yangi bozor topish hamda hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston  Tashqi ishlar vazirligi va  Jizzax viloyati hokimligi tomonidan qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi va nazoratga olinadi.

Forum tashkilotchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi  ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shakldagi biznes-forumlar yurtimizning boshqa hududlarda ham tashkil etiladi.

“Xalqaro biznes forum — Jizzax — 2025” tadbirining samarali yakunlari uning  xorijiy ishtirokchilari  tomonidan yuqori baholanmoqda.

Albertas Sitavichius, “TVG group” kompaniyasi rahbari (Litva):

— Mamlakatingizda olib borilayotgan ochiq va izchil investitsiya siyosati samarasida O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. Bu omil 23-24-aprel kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro biznes forum — Jizzax — 2025” tadbirida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Mazkur tadbirning ko‘lamli va yuqori saviyada tashkil etilgani viloyatning xorijiy hamkorlar bilan sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va ishbilarmonlik imkoniyatlarini ochishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar samarasida tadbirda 30 dan ortiq hamkor mamlakatlardan 300 dan ortiq yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Iqtisodiy forum doirasida qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda bir qator taqdimotlar o‘tkazildi. Ularda xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyoz va qulay shart-sharoitlar, mahalliy brendlar mavqeini oshirish, hududning eksport salohiyatini yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida aytib o‘tildi.

“Xalqaro biznes forum — Jizzax — 2025” tadbiri  Yevropaning yirik kompaniyalari vakillarining katta e’tiborini tortdi va ular mazkur forum hududni xalqaro iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqishda muhim platformaga aylanganini  ta’kidlamoqda.

Ta’kidlash joizki, Litva ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zbekistonlik sheriklar bilan ham investitsiya sohasida, ham o‘zbek mahsulotlarining Boltiqbo‘yi mamlakatlari bozorlariga eksportini ko‘paytirish bo‘yicha aloqalarni yanada jadallashtirishga qiziqishi ortib bormoqda.

Muhammad Saad Ali, “Green Oasis Agriculture Oman”  kompaniyasi rahbari (O‘mon):

— Zomindan chinakam esda qolarli safardan qaytar ekanman, bunday puxta tashkil etilgan va samarali biznes-forumda ishtirok etish imkoniyati uchun minnatdorlik bildiraman.

Shuningdek, ushbu forum uchun bunday go‘zal maskanni tanlaganingiz uchun tashakkur. Zomin tabiatining go‘zalligi ushbu tadbirga o‘ziga xos joziba qo‘shdi.

Forumning yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof etish kerak.  U nafaqat O‘zbekiston, xususan, Jizzax viloyatidagi katta salohiyat va imkoniyatlarni namoyish etishda axborot manbasi bo‘ldi, balki muhim sanoat yetakchilari va hukumat vakillari bilan aloqalarni o‘rnatish uchun samarali maydonga aylandi. Hududiy hokimiyatlarning xorijiy biznesga ochiqligi va faol yondashuvi tahsinga loyiq. Bunday yondashuv esa uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Yana bir jihat – bu  O‘zbekiston Prezidentining ushbu hududni rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy e’tiboridir. Uning investitsiya va innovatsiyalar uchun qulay muhit yaratish yo‘lidagi harakatlari forum davomida yaqqol namoyon bo‘ldi.  Yurtingizning barcha go‘shalarida yaqqol ko‘rinayotgan taraqqiyot va imkoniyatlar uning yetakchiligi va barqaror o‘sish hamda xalqaro hamkorlikka sodiqligidan dalolat beradi.

Ushbu forumning muvaffaqiyatli o‘tishiga hissa qo‘shgan barchani chin yurakdan tabriklayman. “Xalqaro biznes forum – Jizzax 2025” tadbiri chindan ham ajoyib va ilhomlantiruvchi tajriba bo‘ldi.

“Dunyo” AA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер