Xalq qahramoni Mahmud Torobiy qalʼasiga munosabat shumi?

16:58 02 Mart 2020 Jamiyat
4428 0

Avvalo, Mahmud Torobiy haqida maʼlumot.U elakchi – kosib, shayx boʻlgan.Buxoro shahridan 20 kilometrcha olisda joylashgan Torob qishlogʻida yashagan.Jondor tumaniga qarashli ushbu goʻsha moʻgʻul bosqinchilari zulmiga qarshi kurash markaziga aylangan, desak, aslo mubolagʻa qilmaymiz.Negaki, XIII asrning dolgʻali yillarida moʻgʻullar istibdodi va zulmiga qarshi mahalliy aholi tomonidan tez – tez qoʻzgʻolon koʻtarilardi.Yurtni ozod va obod koʻrish istagi Mahmud Torobiydek elparvar insonlarning asosiy maslagi edi.

Manbalarda aytilishicha, 1238-yilda shu hamda yon-atrofdagi qishloqlarning dehqon va kosiblari oʻzaro maslahatlashib, yurt bosqinchilariga qarshi ochiq kurashga kirishadilar.Qoʻzgʻolonchilar Mahmud Torobiy boshchiligida Buxoroga yurish qilib, shaharni egallashadi. Malik Sanjar qasrini oʻzlariga qarorgoh qilishadi.

Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi 5 – tomida yozilishicha, shahar butunlay qoʻzgʻolonchilar qoʻliga oʻtgan va Mahmud Torobiy sulton qilib koʻtarilgan.Ozodlik kurashchilarining maʼnaviy piri Shamsuddin Mahbubiy esa shahar sadri etib tayinlangan.
 

Bu orada Karmanaga chekingan moʻgʻullar shoshilinch tarzda kuch toʻplaydilar va qoʻzgʻolonni bostirish maqsadida Buxoroga yurish qilishadi.Ammo qora niyatlariga yeta olishmaydi.Chunki yuragida vatanparvarlik tuygʻusi joʻsh urgan Torobiy boshliq qoʻzgʻolonchilar ularni Buxoro yaqinidagi jangda tor – mor etishadi.Moʻgʻullar ortidan quvib Karmanagacha borishadi.Afsuski, bu yerda boʻlib oʻtgan jangda xalq qahramoni Mahmud Torobiy va Shamsuddin Mahbubiy mardlarcha halok boʻlishadi.Yoʻlboshchisiz qolgan qoʻzgʻolonchilar esa magʻlubiyatga uchraydilar.Shunga qaramay, qoʻzgʻolon izsiz ketmaydi.Bosqinchilar oʻt bilan oʻynashganliklarini anglab yetadilar,mahalliy aholi bilan hisoblashishga majbur boʻladilar.

Biz yuqorida qisqacha hikoya qilganimiz Mahmud Torobiyning jasorati dovyurak va jasur ayol podshoh Toʻmaris, erk uchun kurashchi, xalqparvar choʻpon yigit Shiroq, xalq qahramonlari Muqanna, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubrolar qatorida turadi.Bunga ishonch hosil qilish uchun Juvayniyning “Jahongir Chingiz tarixi”, Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarlarini qoʻlga olishning oʻzi kifoya.Oybekning “Mahmud Torobiy” dostoni, Asad Dilmurodning shu nomdagi tarixiy romanida ham oʻsha suronli yillar voqealari qalamga olingan.

Shu oʻrinda xalqimizning asl farzandi, yurt ozodligi yoʻlida erta shahid ketgan jondorlik buyuk ajdodimiz yashagan qadimiy goʻsha qanday ahvolda, degan savol tugʻiladi.Tepalikda joylashgan bu qalʼa yumshoq qilib aytganda, juda abgor holatda.Uning devorlari qarovsizlik va tashqi taʼsirlar oqibatida nurab qolgan.Qalʼaning quyi qismi qabriston vazifasini oʻtayapti.Tepalikda barpo qilingan Mahmud Torobiyning ramziy qabri va chuqurligi chamasi 20 metr boʻlgan quduqqina moziyning suronli yillaridan darak berib turibdi. Loyshuvoqdan qilingan dahmaning ahvoliga boqib kishining koʻngli qabr kabi choʻkib ketadi.Nahotki, xalq qahramonining xotirasiga boʻlgan hurmat shunday boʻlsa, deya iztirob chekasan, kishi.
 

Qalʼaga kirish qismda darvoza oʻrnatilmagan.Mahmud Torobiy shaxsi, uning jasorati, xalqqa rahnamoligi haqida biror bir maʼlumotni uchratmadik.Qalʼaga kiraverish devorida oʻrnatilgan “Mahmud Torobiy 1238-yilda moʻgʻullar bosqinchilariga qarshi xalq qoʻzgʻoloniga boshchilik qilgan xalq qahramoni” yozuvi tushirilgan lavhaning ahvoli ham bu tarixiy goʻshaga boʻlgan munosabat qandayligini koʻrsatib turibdi.

Ammo eng achinarlisi hali oldinda.Yaqinda tuman “Dehqon bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mol bozori qalʼaning shundoq yoniga koʻchirib keltirildi.Vaholanki, tuman markazi atrofida boʻsh va tashlandiq yotgan yer istagancha topiladi.Yakshanba yaʼni bozor boʻladigan kunda qalʼa boʻylab oʻtgan yoʻl yoqasidagi ahvolni aytmay qoʻya qolaylik.

-Koʻp yillardan buyon ukam bilan shu qalʼada qorovullik qilamiz,-deydi oʻzini Shavkat Toʻyev deb tanishtirgan fuqaro.- Ayniqsa, bozor kunlari bizga qiyin boʻladi.Negaki, qalʼa ichkarisi bozorga kelib – ketuvchilarning avtoulovlari bilan toʻlib ketadi.Muqaddas joyni ifloslantirishday jirkanch ishni qiluvchilar ham uchraydi...
 

Chindan ham ahvol achinarli.Qalʼaga atayin yakshanba kuni borib bunga ishonch hosil qildik.

Darvoqe, biz ushbu qalʼaning taqdiriga oid bir necha savol bilan viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sh. Mahmudov va tuman hokimligi axborot xizmati rahbari S. Shomurodovga qoʻngʻiroq orqali murojaat qildik.Ammo oradan bir hafta oʻtdi hamki, joʻyali bir javob olganimiz yoʻq.
 

-Bu qalʼani muhofaza etish, taʼmirlash, qayta tiklash, imkon qadar asl koʻrinishiga keltirishga alohida eʼtibor qaratmoq lozim,- deydi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi I. Xolov.- “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunning 9 – moddasida “Mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari doirasida oʻz hududlarida joylashgan madaniy meros obyektlarini aniqlaydilar hamda ularni hisobga oladilar, muhofaza qiladilar, asraydilar va ulardan foydalanadilar, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini taʼminlaydilar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarini madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targʻib qilish va ulardan foydalanish tadbirlarini oʻtkazishga jalb qiladilar” deb belgilab qoʻyilgan...
 

Fikrimizcha, bu tarixiy qalʼa arxeologlar va tarixchilar tomonidan chuqur oʻrganilishi, chinakamiga davlat muhofazasiga olinishi, sayyohlik manziliga kiritilishi, mol bozori esa boshqa joyga koʻchirilishi darkor.Goʻshada katta hajmdagi obodonchilik, taʼmirlash ishlarini bajarish zarur boʻladi.Bu katta mablagʻni ham talab qiladi, albatta.Lekin yurt ozodligi uchun jonini fido etgan, tarixda xalq qahramoni sifatida qolgan buyuk ajdodimiz Mahmud Torobiy har qanday eʼzozga loyiqdir.

Bu tarixiy qalʼaning sayyohlar qadami uzilmaydigan, farzandlarimizga ona – Vatan, hurlik, erk, xalqparvarlik mavzuida saboq oʻtiladigan maskanga aylanganiga nima yetsin!

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri

Safar AHMEDOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер