Kelajak iqtisodiyotining poydevori

11:04 16 Mart 2026 Iqtisodiyot
181 0

Yoxud strategik metallar va minerallar bozorida Oʻzbekistonning pozitsiyasi qanday?

Maʼdanlar insoniyat tarixida doimo voz kechib boʻlmaydigan darajada ahamiyatga ega boʻlgan. Taraqqiyot va tamaddunlarga, insonlarning hayot standartlariga bevosita taʼsir koʻrsatgan. Ana shunday xomashyo manbalaridan biri strategik metallar va minerallardir. Bugun jahon iqtisodiyoti va texnologiyalari shiddat bilan rivojlanar ekan, ularning barqarorligi va raqobatbardoshligi tobora strategik metallar va minerallarga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Bu atama tarkibiga kamyob yer elementlari, turli nodir metallar, shuningdek, davlat va jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan sanoat uchun muhim minerallar kiradi.

Zamonaviy telefonimizdagi kuchli magnitlardan tortib, elektromobil batareyalari, sunʼiy yoʻldoshlar, hatto harbiy sanoat tizimigacha — bularning barchasini ushbu resurslarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Masalan, neodim va disproziy kabi elementlar quvvatli magnitlar ishlab chiqarishda zarur boʻlsa, litiy va kobalt elektr energiyasini samarali zaxiralash uchun asosiy xomashyo sanaladi. Shu boisdan ham strategik metallar va minerallar nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki xavfsizlik, energiya mustaqilligi va yangi avlod texnologiyalari uchun ham hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

XXI asrda dunyo taraqqiyotining asosiy drayveri — bu axborot texnologiyalari, energetika va yuqori texnologiyalar ekani bugun hammaga ayon. Ushbu sohalarning har biri uchun strategik metallar va minerallar, taʼbir joiz boʻlsa, suv va havoday zarur. Shuning uchun ham mazkur resurslar “yangi neft” deb ham atalmoqda.

Xalqaro ekspertlar fikricha, kelgusi oʻn yilliklarda mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy salohiyati nafaqat neft va gaz zaxiralari, balki aynan shu strategik resurslarga ham egalik qilish bilan bogʻliq boʻladi.

“Energetik tilla”

Kamyob yer elementlari (lantan, neodim, disproziy, ittriy va boshqalar, jami 17 metall) ilgʻor texnologiyalarning asosiy “bloklari” va kundalik hayotimizning ajralmas qismi sanaladi. Ularsiz smartfonlar va noutbuklar ishlamaydi, shamol turbinalari va elektromobillar toʻxtab qoladi. Optik tolali internet va lazer texnologiyalari mavjud boʻlmaydi. Masalan, neodim va disproziydan tayyorlanadigan kuchli magnitlar elektromobil motorlari va shamol energetikasi uchun zarur. Ittriy esa tibbiy tomograflar va lazer uskunalarining muhim qismi hisoblandi. Shu maʼnoda, kamyob yer elementlarisiz “yashil iqtisodiyot” yoki “raqamli hayot” degan tushunchani tasavvur qilish imkonsiz.

Nodir metallar tushunchasiga kam uchraydigan yoki qazib olish juda qiyin boʻlgan bir qator elementlar kiradi. Bular qatoriga volfram, tantal, indiy, oltin, kumush, platina, palladiy, osmiy va boshqalarni sanash mumkin. Bular ham zamonaviy elektrotexnika, ilgʻor tibbiyot sohasi hamda mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun suv va havodek zarur.

Sanoat uchun muhim minerallar deganda, iqtisodiyotda juda muhim va taʼminotida uzilish xavfi katta boʻlgan xomashyo tushuniladi. Masalan, litiy, kobalt, nikel, grafit, volfram, tantal, niobiy, indiy shular jumlasidan. Volfram yuqori haroratga chidamli qotishmalar uchun zarur. Tantal mikrosxemalar va quvvatli batareyalar tayyorlashda asosiy material sifatida ishlatiladi. Indiy esa sensorli ekranlar uchun muhim elementdir. Aytmoqchi boʻlganimiz shuki, kundalik hayotimizda foydalanadigan har bir zamonaviy qurilmada — telefon, televizor, mashina va hatto samolyotlarda ham ushbu metallar mavjud. Ular nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki harbiy sanoat uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki harbiy texnika, sunʼiy yoʻldoshlar va zamonaviy qurol-aslahalar ham aynan shu elementlarga tayanadi va bu mudofaa uchun juda zarur. Koʻplab davlatlar ushbu resurslarni qoʻlga kiritish uchun global raqobatga kirishganining sababini allaqachon anglagandirsiz.

AQSH Geologiya xizmati (USGS) maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan 2025-yilda dunyo boʻyicha kamyob yer elementlari ishlab chiqarish hajmi 390 ming tonnadan oshgan. Bu raqam 2023-yilda qayd etilgan 350 ming tonnaga nisbatan salmoqli oʻsishni koʻrsatadi.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) esa “Global Critical Minerals Outlook 2025” hisobotida ushbu jarayonni energetika xavfsizligi bilan chambarchas bogʻlab, yashil texnologiyalar rivojlanishi uchun kamyob yer elementlarining ahamiyati tobora ortib borayotganini taʼkidlamoqda.

Shu bilan birga, xalqaro bozor tadqiqotlari (Mordor Intelligence)

oʻtgan yil uchun kamyob yer elementlari umumiy bozor hajmini 196,6 ming tonna deb baholagan. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish, balki talab va isteʼmolning ham keskin oshishiga ishora qiladi. Uning salmoqli qismi — qariyb 70 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi. Braziliya, Hindiston, Avstraliya va Rossiya ham katta zaxiralarga ega. Shu bois global iqtisodiyotda muhim oʻrin tutayotgan ushbu resurslar atrofidagi geosiyosiy raqobat yil sayin kuchaymoqda. Agar kecha neft va gaz eng muhim boylik sanalgan boʻlsa, bugun litiy, kobalt, neodim, disproziy kabi elementlar yangi “energetik tilla”ga aylandi. Xitoyning 70 foizlik ulushi bu bozordagi ustunlikni taʼminlayotgani, AQSH va Yevropa davlatlarining esa muqobil manbalar izlayotgani bejiz emas. Mazkur raqobat ortida eng zamonaviy texnologiyalar va xavfsizlik masalalari turibdi.

Mazkur global raqobat sharoitida Oʻzbekiston ham oʻz salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qatʼiy qadamlar qoʻymoqda va oʻz strategik pozitsiyasini mustahkamlashga urinmoqda.

Imkoniyat va istiqbol

Yurtimiz yer usti va osti boyliklariga juda boy. Geologik tadqiqotlarga koʻra, mamlakatimizda qator strategik metallar va minerallar zaxiralari mavjud. Bu esa kelgusida davlatimizning texnologik salohiyatini oshirish va xalqaro bozorda munosib oʻrin egallash uchun katta imkoniyat yaratadi. AQSHning nufuzli tadqiqot markazlaridan biri — Jemstaun jamgʻarmasi (The Jamestown Foundation), Oʻrta Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekiston ham dunyoning kamyob yer elementlariga boy mamlakatlar qatoriga kiradi, deb taʼkidlamoqda.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugungi kunda geologik qidiruv ishlari borgan sari jadallashib, yangi bosqichga chiqmoqda, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari Ural Yusupov. — Agar biz ushbu imkoniyatlardan samarali foydalansak, davlatimiz nafaqat qishloq xoʻjaligi va neft-gaz sohasida, balki strategik resurslar eksportida ham muhim oʻrin egallashi turgan gap. Mamlakatimizda 2500 dan ortiq kon qayd etilgan boʻlib, ular orasida oltin, kumush, mis, molibden, uran kabi muhim metallar bilan birga, strategik ahamiyatga ega kamyob metallar va minerallar ham mavjud. Yurtimiz hududida volfram, molibden, magniy, litiy, germaniy, grafit, vanadiy va titan kabi 30 dan ortiq minerallar uchraydi. Bundan tashqari, selen, tellur, reniy kabi resurslar ham topilgan va hozirda qoʻshimcha geologiya qidiruv ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekistonning mineral resurslari umumiy qiymati taxminan 3 trillion dollarga teng. Bu esa mamlakatimizni jahon bozorida strategik resurslarga ega yetakchi davlatlar qatoriga qoʻshish imkoniyatini yaratadi.

Kamyob yer elementlari, nomiga qaramasdan, aslida yer qobigʻida keng tarqalgan. Kamyob deb atalishining sababi esa ularni ajratib olish mushkulligi bilan bogʻliq. Ushbu metallar bir joyda zich joylashmasdan, turli minerallar guruhlari ichida tarqoq holda uchraydi.

Joriy yilda Prezidentimiz qaroriga muvofiq “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiya – tayyor mahsulot” zanjirini kengaytirish yoʻnalishida ikki yillik dastur qabul qilindi. Unga koʻra, 1,6 milliard dollarlik 71 ta loyiha boʻyicha ish boshlandi. Bu nafaqat iqtisodiy samara, balki energetika mustaqilligi va yangi texnologiyalarning kaliti, demakdir.

Yangi taraqqiyot oʻchogʻi

Oʻzbekistonda innovatsiya va zamonaviy sanoat sohalarida amalga oshirilgan ulkan loyihalardan biri sifatida “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati (OʻzTMK AJ) tashkil qilingani soha rivojida juda katta oʻrin tutmoqda. Kombinat mintaqada yagona boʻlib, dunyoda noyob metallar tadqiqoti boʻyicha eng yaxshi jihozlangan markaz ekanini xorijiy ekspertlar ham tan olishgan. Mamlakatimizdagi oltin

va kumush ishlab chiqaruvchi Navoiy kon-metallurgiya kombinati, shuningdek, mis ishlab chiqarish boʻyicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinati milliy iqtisodiyotimizning gultojlaridan boʻlsa, endilikda OʻzTMK ham iqtisodimizga katta ulush qoʻshadi.

— Kombinatning asosiy maqsadi – yurtimizning sanoat uchun muhim mineral resurslarini chuqur qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish, shu orqali ichki bozorni taʼminlash va tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulot chiqarishdir, — deydi OʻzTMK Innovatsiya va texnologik rivojlanish boʻyicha boshqaruv raisining oʻrinbosari Amir Abidov. — Yurtimizda noyob metallar sohasi boʻyicha yagona davlat siyosatini yurituvchi OʻzTMK qazib olishdan tortib qayta ishlash va tayyor mahsulot olishgacha boʻlgan zanjirni qamrab oladi. Oldimizga qoʻyilgan maqsadlardan kelib chiqib va tuzilgan rejalarga muvofiq, aytishimiz mumkinki,

2028-yilga borib mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1 milliard dollarga yetadi. Noyob metallar, kamyob yer elementlarini qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmining ortishi yurtimizda yangi ish oʻrinlari yaratishga va davlatimizning eksport salohiyatini oshirishga, energetika

va texnologiya mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Kombinatda molibden va volframni ishlab chiqarib, ulardan qoʻshimcha qiymat yaratilyapti. Yaʼni ularning qotishmalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, yuqori soflikdagi selen, tellur va reniyni tayyor mahsulotga aylantirish loyihalari boʻyicha amaliy jarayonlar ketmoqda. Buning uchun esa yuqori texnologiyali uskunalar va ishonchli hamkorlar kerak boʻladi, albatta.

Xalqaro integratsiya

Oʻzbekistonning imkoniyatlari xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. Kanadada boʻlib oʻtgan Kamyob yer elementlari uyushmasining xalqaro anjumanida OʻzTMK ham ishtirok etib, rasmiy aʼzolikka qabul qilindi va mamlakatimiz dunyoning eng yirik kamyob yer metallari sanoati tarmogʻiga qoʻshildi. Bu, ayni paytda, Oʻzbekiston nodir minerallar global bozoriga chiqayotganini anglatadi.

Har bir davlat oʻz resurslaridan samarali foydalanish orqali xalqaro bozordagi oʻrnini mustahkamlashga intilayotgan bir paytda Oʻzbekiston ham bu jarayondan chetda qolmayapti. Oʻz milliy boyliklarining strategik ahamiyatini inobatga olgan holda, soʻnggi yillarda xorijiy hamkorlikka keng yoʻl ochmoqda.

— Yevropa Ittifoqi hamda Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Xitoy kabi davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, — deydi Ural Yusupov. — Misol uchun, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun litiy

va kobalt kabi elementlar ustuvor ahamiyatga ega. Chunki ular elektromobil sanoatida yetakchi hisoblanadi. Shu bois Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda qazib olish va qayta ishlash boʻyicha qator qoʻshma loyihalarni yoʻlga qoʻydik. Bunda asosiy maqsad — resurslarni faqat xomashyo sifatida eksport qilish emas, balki ularni yurtimizda hamkorlikda qayta ishlab, qoʻshilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishdir.

Osiyoning ikki texnologik giganti — Yaponiya va Janubiy Koreya bilan ham hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqdamiz. Ular yurtimizda yuqori texnologiyali qayta ishlash zavodlarini qurishga qiziqish bildirmoqda. Toshkent viloyatida kukun metallurgiyasini rivojlantirish uchun Koreya Respublikasidan 15,5 million dollarlik grant ajratilgan.

Turkiya, Germaniya, Finlyandiya va Xitoy davlatlari kompaniyalari bilan geologiya qidiruv, minerallarni boyitish, gidrometallurgiya, pirometallurgiya loyihalarini texnik iqtisodiy asoslash hamda zamonaviy texnologiyalarni yetkazib berish boʻyicha hamkorlik aloqalarini olib boryapmiz. Masalan, Turkiyaning Ostem kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Chirchiq va Ohangaron, Samarqandning Nurobod hamda Jizzaxning Zomin tumanlarida texnoparklar barpo etyapmiz. Qisqasi, yetmishdan ortiq mana shunday loyihalar ustida ishlar qizgʻin davom etmoqda.

Milliy manfaat — birlamchi

Xorijiy hamkorlik, avvalo, iqtisodiy samarasi bilan ahamiyatli. Hamkorlik natijasida yangi qoʻshma korxonalar tashkil etiladi, eksport hajmi ortib, milliy valyutaning barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Mintaqada Oʻzbekistonning geoiqtisodiy nufuzi yuksaladi. Mutaxassislar tayyorlanib, ilm-fan bilan ishlab chiqarish integratsiyasiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Albatta, hamkorlik jarayonida ehtiyotkorlik va masʼuliyat talab etiladi. Chunki har qaysi davlat uchun milliy manfaatni himoya qilish birinchi oʻrinda turadi. Ayrim mamlakatlar tajribasi shundan dalolat bermoqdaki, ortiqcha xorijiy investorlarga bogʻlanib qolish milliy manfaatlarni cheklashi mumkin. Shuning uchun, mutaxassislar fikricha, Oʻzbekiston shartnomalarda oʻz ulushi va nazoratini qatʼiy saqlab qolmoqda. Strategik xomashyo bazasi ustidan qatʼiy davlat nazorati oʻrnatilishi kerakligi, investorlar bilan tuziladigan kelishuvlarda ekologik xavfsizlik, aholi salomatligi va tabiat muhofazasi birinchi oʻringa qoʻyilgan. Zero, oʻz boyliklarimizdan oqilona va adolatli foydalanishimiz hamda kelajak avlodlar uchun ekologik sogʻlom muhit qoldirishga xizmat qilishimiz shart.

Mutaxassis tayyorlash tizimi tubdan oʻzgardi

Yurtimizda noyob va texnologik metallar sohasini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat ishlab chiqarish tarmoqlarini, balki taʼlim tizimini ham qamrab olmoqda. Togʻ-kon sanoatida hozirda bir yuz yigirma mingdan ziyod mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Shu paytgacha asosiy urgʻu oltin, kumush, mis, koʻmir konlariga qaratilib, soha uchun mutaxassislar vazirlik tizimidagi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Geologiya fanlari universitetida tayyorlanardi. 2024-yildan boshlab bu sohani qayta koʻrib chiqishga zarurat paydo boʻldi. Strategik metallar va minerallar sohasini bugungi zamon talabida yuritish boʻyicha yangi talabdagi kadrlarni tayyorlash ehtiyoji ortdi. Chunki qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish uchun mutaxassislarga ehtiyoj tubdan ortmoqda. Endilikda mahalliy va xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar yetkazib berishga jiddiy kirishildi. Bu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan biri — Texnologik metallar oliy maktabining tashkil etilishi boʻldi.

— Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) tomonidan tashkil etilgan oliy maktabimiz metallurgiya, geologiya, kimyo va nanotexnologiya sohalarida ilmiy salohiyatli mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan, — deydi Texnologik metallar oliy maktabi mutaxassisi Bahodir Abdurahmonov. — Bu yerda nafaqat nazariy bilim, balki dual taʼlimga asoslangan amaliy koʻnikmalarga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Yaʼni talabalar geologiya-qidiruv ishlari, mineral xomashyoni qayta ishlash, noyob metallarni ajratib olish, ulardan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar yaratish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni puxta oʻzlashtirish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

Oliy maktabda taʼlim jarayonlari xalqaro andozalar asosida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy-amaliy markazlar tashkil etilgan. Iqtidorli talabalar Kanada, Yaponiya, Germaniya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda amaliyot oʻtab, tajriba orttirib kelishmoqda. Eng muhimi, bu taʼlim muassasasi talabalari toʻliq grant asosida oʻqiydilar va bitiruvchilar ish bilan taʼminlanadi.

Atrof-muhitga zarar yetmasin

Dunyo tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, noyob metallarni qazib olishdagi muammolardan biri — tabiiy muhitning ifloslanishi va aholi salomatligiga xavf masalasi. Bu resurslarni qazib olish jarayonida tuproq, suv, havo ifloslanishi kabi ekologiya muammolari yuzaga kelishi mumkin. Masalan, Xitoyda chiqindilar notoʻgʻri yoʻl bilan yoʻqotilishi oqibatida suv va tuproq ifloslangan. Kongoda ham shunga oʻxshash holatlar kuzatilgan.

Oʻzbekiston esa oʻz resurslaridan samarali foydalanish bilan birga, xalqaro standartlarga mos ravishda ekologik xavfsizlikka jiddiy eʼtibor qaratayotgani bilan ham ajralib turibdi.

— Yurtimizda qator ekologik talablar joriy qilinmoqda, — deydi Amir Abidov. — Chiqindisiz va filtratsiya texnologiyalaridan foydalanmayapmiz. Ishlab chiqarishda sarflanadigan suv resurslarini ikkinchi marta ishlatish, konlar yaqinidagi aholi sogʻligʻini muhofaza qilish uchun ijtimoiy dasturlar amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Yashil” texnologiya deganda, atrof-muhitga salbiy taʼsiri deyarli yoʻq boʻlgan texnologiyalarni tushunamiz. Bizning xomashyolarimizdan ham “yashil” texnologiyalar ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, sobiq sovet ittifoqi davridagi qazib olish va qayta ishlash natijasida yigʻilib qolgan va atrof-muhitga ziyon keltirayotgan koʻp miqdordagi texnogen chiqindilarni ham qayta ishlab, ularning ekologiyaga taʼsirini kamaytirishga muvaffaq boʻlyapmiz. Faoliyatimiz davomida birlamchi eʼtibor yangi konlarni oʻzlashtirish, mavjudlarini kengaytirish va eng muhimi, atrof-muhitga ziyon keltirayotgan texnogen chiqindilarni qayta ishlash tamoyillariga muvofiq ish yuritilmoqda.

Strategik metallar va minerallar — bugungi tamaddun va kelajak taraqqiyotining asosiy kalitidir. Bu xomashyolarsiz zamonaviy iqtisodiyotni tasavvur etish qiyinligini bot-bot taʼkidlayapmiz. Ularning toʻgʻri boshqarilishi mamlakatning iqtisodiy mustaqilligi, xavfsizligi va yangi texnologiyalardagi raqobatbardoshligini taʼminlaydi. Shuning uchun ham bu mavzular nafaqat mutaxassislar, balki Vatan taqdiriga befarq boʻlmagan keng jamoatchilik uchun ham dolzarbdir.

Gʻolib BAHROMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер