Kattaqoʻrgʻonda qulupnay pishib yetildi

13:22 14 Oktyabr 2025 Jamiyat
180 0

Qulupnay yetishtirish boʻyicha boy tajriba toʻplangan Kattaqoʻrgʻon tumanida shu oʻsimlikning yangi navlari parvarishlanib, faqat bahorda emas, balki kuz faslida ham hosil olinayotgani eʼtirofga molik.

Valijon mahallasida yashovchi Asomiddin Nurquvvatov 60 sotix yer maydonida qulupnayning “Charli” navini yetishtirmoqda. Ushbu navning afzalligi shundaki, bahorda birinchi hosilni bergandan keyin, sentyabr va oktyabr oylarida mevasi yana pishib yetiladi. Bu esa dehqon uchun yilning ikki faslida ham daromad olish imkonini beradi.

— Biz yetishtirgan qulupnayning har kilosi oʻrtacha 40-45 ming soʻmdan sotiladi. “Charli” navi serhosilligi, mazaliligi va uzoq saqlanish xususiyati bilan ajralib turadi, — deydi A.Nurquvvatov. — Hozirda tumanimizdagi bir qancha dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari qulupnayning “Charli”, “Toshkent”, “Viktoriya” kabi navlarni sinab koʻrmoqda. Natijada toʻgʻri agrotexnika va parvarish orqali qulupnaydan yuqori hosil olish mumkinligi oʻz isbotini topmoqda.

Eʼtiborlisi, “Bir hudud — bir mahsulot”, “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida hududlarda tuproq iqlim sharoiti, fuqarolarning dehqonchilik madaniyati, mahsulot turiga boʻlgan talabi hamda ichki isteʼmol bozorlarida aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojidan kelib chiqib qishloq xoʻjalik ekinlari ekilmoqda.

Bu esa qishda ham xalqimiz dasturxonining toʻkinligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?